Raqibga tupirgan Suares va musht tushirgan Busketsga jazo tayinlandi
“Inter Mayami”ning ikki yulduzi – Luis Suares va Serxio Buskets Ligalar kubogi finalida “Sietl Saunders” vakillari bilan janjallashgan edi.
Urugvaylik hujumchi o‘yindan keyin yuz bergan to‘polon vaqti raqib jamoa xodimiga tupirgan. Uning bu qilmishini tartib-intizom qo‘mitasi olti uchrashuvdan iborat diskvalifikatsiya bilan jazoladi.
Raqib futbolchisiga musht tushirgan Serxio Buskets ikkita o‘yinga chetlatildi. Janjalda o‘zini “ko‘rsatgan” yana bir o‘yinchi – “Inter Mayami” himoyachisi Tomas Aviles uchta uchrashuvda jamoasiga yordam bera olmaydi.
Ligalar kubogi musobaqasi tashkilotchilari “Sietl Saunders” murabbiylar shtabi vakili Stiven Lenxartni beshta bahsga chetlashtirdi.
Eslatib o‘tamiz, hal qiluvchi uchrashuvda “Sietl” futbolchilari Lionel Messi boshchiligidagi yulduzlarga to‘la “Inter Mayami” darvozasiga javobsiz uchta gol urib, bosh sovrinni qo‘lga kiritgan edi.



Fikrlar