Rahim Davronov: Transferim "Mash’al"ga foyda bo‘lishini o‘ylab e’tirozim bo‘lmadi va "Navbahor" taklifini ikkilanmasdan qabul qildim

  • 4 fevral, 2021, 07:34
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Navbahor” klubi Turkiyaga ketish oldidan yana bir transferga qo‘l urdi. Yaqinda xabar berib o‘tganimizdek, “Mash’al”ning birinchi raqamli darvozaboni hamda sardori – Rahim Davronov faoliyatini endi “Navbahor” jamoasida davom ettiradi.

Tecno

To‘g‘ri, “Navbahor”da asosiy posbon sifatida O‘tkir Yusupov bor. Ammo u ko‘pincha raqobatdan holi qolayotgandi. Davronov esa unga munosib sherik bo‘la oladi. Aytish joizki, Rahim o‘tgan yili “Mash’al” tarkibida 24 ta uchrashuvda jamoasining darvozasini qo‘riqladi. 2019 yili esa “Buxoro” tarkibida ham to‘p surgan. Buning ustiga u ham 2018 yili U-22 Osiyo chempionatida terma jamoamiz bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritgan futbolchilardan biri hisoblanadi.

1996 yilda tavallud topgan Rahim Davronovning faoliyatida endi yangi sahifa ochildi. “Navbahor” uning uchun yangi chaqiriq desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Sports.uz muxbiri uni yangi klubga ko‘chib o‘tgani bilan tabrikladi va o‘z navbatida jamoasi bilan Turkiyada bo‘lib turgan darvozabon “Navbahor”ga ko‘chib o‘tishi qanday yuz bergani to‘g‘risida gapirdi.

davronov2

- Tabrik uchun rahmat. Bilasizmi, o‘zim ham vaziyat bunday o‘zgarib ketishini bilmagandim. Ha, menga bir qator klublardan takliflar bo‘layotganini aytishgandi. “Mash’al” klubi bosh direktori Ilhom aka Qurbonov bilan o‘sha variantlarni ko‘rib chiqayotgandik. Keyin esa birdaniga “Navbahor” klubidan taklif kelib tushdi, bu haqida menga ma’lum qilishdi. Men esa bu taklifga ikkilanmasdan rozilik berdim. Nimaga desangiz, “Navbahor” klubida O‘zbekistonning eng kuchli darvozabonlaridan biri O‘tkir Yusupov bor. Raqobat bor joyda o‘sish bo‘ladi. Shuning uchun ham rozilik berdim.

Umuman aytganda, Davronovning aslida “Mash’al” bilan amaldagi shartnomasi bor bo‘lsa-da, klubi uni sotishni ma’qul ko‘rdi. Natijada unga taklif bilan chiqqan jamoalar orasida “Navbahor” futbolchining transferida kelisha oldi. Rahimjon o‘zining transferga qo‘yilishiga aslida qanday munosabatda bo‘lgan?

davronov

- Ha, albatta o‘zim ham transferga qo‘yishlarini xohlagandim. Chunki boya aytganimdek, menga bir qator jamoalardan takliflar bo‘layotgandi. Klub foydasini o‘ylab ham e’tirozim bo‘lmagan. Buning ustiga o‘zim ham futbolchi sifatida yanada o‘sishni xohladim.

Shunday qilib, uning “Navbahor” klubidagi hayoti boshlandi. Endi darvozabonning yangi maqsad va rejalari bor. Chunki u O‘zbekistonning etakchi klublaridan biriga borib qo‘shildi. Yangi oilasi qanday qarshi olganiga ham to‘xtaldi.

- Xudoga shukr, yangi jamoamda meni juda iliq qarshi oldilar. Bu borada menda hech qanaqa e’tiroz yo‘q. “Navbahor”da tanishlarim ham ko‘p. Ilgari ayrimlari bilan bir klubda to‘p surganman. Bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsam, “Navbahor”dagi barcha o‘yinchilar bilan yaxshi munosabatdaman.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Davronov endi O‘tkir Yusupov bilan raqobatlashadi. Lekin shunisi ma’lumki, Rahimjonning “Navbahor”ga o‘tishida Yusupovning borligi ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Bu haqida yuqorida o‘zi ta’kidlab o‘tdi. Barchaga ma’lumki, O‘tkir “Navbahor”ning asosiy darvozaboni sanaladi. Davronov undan birinchi raqamli posbon nomini tortib olarmikin?

davronov1

- Yuqorida aytib o‘tganimdek, O‘tkir aka Yusupov O‘zbekistonning eng yaxshi darvozabonlaridan biri. Men bu erga o‘sish uchun kelganman. Raqobatni yaxshi ko‘raman, - deya qisqa javob bilan cheklandi.

Katta futbolga “Mash’al” orqali kirib kelganini unutmaslik kerak. Shu kunga qadar darvozabon faoliyatidagi katta qismini Muborakda o‘tkazdi. Davronov esa bu klubni tark etish oson bo‘lmaganini aytib, shunday dedi:

- To‘g‘ri, “Mash’al”ni tark etish oson bo‘lmadi. Chunki odam o‘rganib qolgan joyidan ketgisi kelmaydi. Ammo men vaziyatni to‘g‘ri tushundim. “Mash’al”da yana yaxshi darvozabonlar bor. Ular bemalol mening o‘rnimni to‘ldira oladilar, degan umiddaman. Kim biladi, balki yana “Mash’al”da to‘p surish nasib qilib qolar.

Yana bir gap: Oxirgi paytlarda yaxshigina o‘sishga erishayotgani sababli Rahimjonni ham milliy termada kutayotganlar bor. Har holda raqobatning o‘sishiga xizmat qilish tabiiy. Bungacha turli yoshdagi termalarda faoliyat olib borgan va endi bosh jamoamizdagi debyutini kutmoqda. U shu va boshqa posbonlar haqida ham to‘xtaldi.

- To‘g‘ri, milliy terma jamoada hali debyut qilganim yo‘q. Xudo xohlagan kun nasib qiladi. Nima ham derdim, mehnat va yana mehnat orqali bunga erishish mumkin. Darvozabonlarga kelsak, bir-biridan yaxshi posbonlar bisyor. Ularni sanab berishim qiyin. Lekin “Mash’al”dagi Doston To‘xtaboevdan ishonchim katta.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!