
Quvondiq Ro‘ziev: "Kelasi yil men uchun katta imtihon bo‘ladi"
“Mavsum-2021”da “Navbahor” uchun to‘p surgan yarim himoyachi Quvondiq Ro‘ziev jarohat olgani bois chempionatning oxirgi o‘yinlarini o‘tkazib yuborgandi. Chempionat yakunlanganidan so‘ng Ro‘zievning “Navbahor”ni tark etgani ma’lum bo‘ldi. Shu tariqa, Quvondiqning Namangandagi bir yillik faoliyati poyoniga etdi.
U “Navbahor” tarkibida Superligada 22 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Lekin futbolchi Namangandagi faoliyatidan qoniqish hosil qilmadi. Bu haqida Quvondiq ilgari ham saytimizga bergan intervyusida ta’kidlab o‘tgandi. O‘sha paytdayoq futbolchining “Navbahor”ni tark etishini taxmin qilgandik va bu tasdig‘ini topdi. Faoliyatini endi qaerda davom ettiradi? Iqtidorli o‘yinchiga bir qancha klublardan takliflar mavjud. Sports.uz muxbiri futbolchining fikrlari bilan qiziqdi.
Jarohatidan qutuldimi?
- Xudoga shukr, hozirgi ahvolim a’lo darajada. Umid qilamanki, hamma narsa ortda qoldi. Ayni paytda trenajyor zali va basseynga qatnab, individual tarzda o‘z ustimda ishlayapman. O‘ylaymanki, bu yog‘iga ushbu jarohat meni boshqa bezovta qilmaydi. Shu paytgacha meni bezovta qilib kelgan asosiy narsa olib tashlangan. Holatimni zo‘r desam ham bo‘ladi.
“Navbahor” bilan orani ochiq qilgani haqida
- Bu mavsum faoliyatim davomidagi eng og‘iri bo‘ldi desam yanglishmayman. “Navbahor”ni tark etish fikri o‘zimdan chiqdi. Jamoa rahbariyatiga ketmoqchiligimni aytdim. Jarohatdan keyin ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni xohladim. Keyingi yilga “Navbahor”da katta o‘zgarishlar bo‘lyapti. Shu sababli zaxirada o‘tirib qolishdan biroz cho‘chidim. Shularni hisobga olib rahbariyatga bor gapni aytdim. Natijada ular bilan kelishgan holda shartnomani bekor qildik.
Afsuslanmayaptimi?
- “Navbahor” jamoasiga ko‘chib o‘tganimdan hech qachon afsuslanmayman. Bu klub libosini kiyganimdan va jamoa sharafini himoya qilganimdan xursandman. Balki men bunchalik katta bosimga tayyor bo‘la olmagandirman. Lekin yana qaytarishni xohlardimki, men hech qachon “Navbahor”ga o‘tganimdan afsuslanmayman.
Qanday xulosa chiqardi?
- Bu yilgi omadsiz mavsumdan keyin keyingi boshlanadigan yangi chempionat men uchun ko‘p narsani hal qilib beradi. Eng asosiysi, jarohatimdan forig‘ bo‘ldim. Xudoga shukr, yil davomida meni qiynab kelgan narsadan qutulib oldim. Umid qilamanki, yangi mavsumda o‘zimni ko‘rsatishim uchun hech narsa to‘siq bo‘la olmaydi. Shu sababli kelasi chempionat men uchun juda ko‘p narsani hal qilib beradi. O‘zimni qanday his qila olaman, o‘yinimni qanaqa darajaga olib chiqa olaman – barchasini yangi mavsum ko‘rsatib beradi. O‘zim uchun ham kelasi yil katta imtihon bo‘ladi. Ayni paytda menga takliflar bo‘lib turibdi. Ammo birinchi navbatda o‘zimga jamoa tanlashda aslo adashmasligim kerak. Aynan shu sababli shoshilmoqchi emasman.
“Nasaf” va “Lokomotiv”ning qiziqayotgani rostmi?
- Gapning ochig‘i, bunday gaplarni sizdan eshitib turibman. Bu jamoalarning har ikkisidan ham menga taklif kelib tushgani yo‘q. Yashirmayman, hozirgi paytda 3-4 ta klublardan qo‘ng‘iroqlar bo‘lib turibdi. Bir qarorga kelishim hamda mavsumga tayyorlanishim uchun hali etarlicha vaqt bor deb o‘ylayman. Shoshilmagan holda o‘zimga ma’qul keladigan klubni tanlayman.
Legionerga aylanadimi?
- Menimcha, keyingi faoliyatimni ham yana Superligada davom ettirsam kerak. Legionerga aylanish ehtimolim juda ham kam. Rostini aytaman, o‘tgan yili o‘zimni ko‘rsata olmadim. Gollar va golli paslar bo‘lgani yo‘q. Shu sababli mening legionerga aylanishim nihoyatda qiyin. Chunki xorij klublari legionerlarni olayotganida ko‘proq uning statistikalariga e’tibor qaratishadi. Menda esa bu boradagi statistika juda ham qoniqarsiz. Shuning uchun ham faoliyatimni yana Superligada davom ettiraman deb o‘ylayman.
Fikrlar