
"Qora tanli Krauch" yoxud Belgiyani titratayotgan afrikalik bo‘lajak yulduz
Pol Onuachu hozirda Belgiya chempionatining eng katta sensatsiyasi bo‘lib turibdi. “Genk”ning markaziy hujumchisi shov-shuvli o‘yin namoyish qilmoqda. Bo‘yi 2 metru 1 santimetr bo‘lgan 26 yoshli nigeriyalik futbolchi o‘zini juda yaxshi ko‘rsatmoqda.
"Qora tanli Krauch" faoliyatini tug‘ilgan joyidagi mahalliy "Ebedeya" jamoasida boshlagan. Bu jamoa Daniyaning "Mityulland" klubiga doimiy ravishda iste’dodli futbolchilar etkazib beradi. Biroq, Onuachuning Evropaga ko‘chib o‘tishi dastlab uni hayratda qoldirdi.
"Men AQSh yoki Dubaydagi singari osmono‘par binolarda yashayman, deb umid qilgandim. Biz aeroportdan chiqib ketayotganimizda hamma joyda o‘rmonlar, daraxtlar va fermer xo‘jaliklari ko‘rinib turardi. Ey Xudo, nahotki, shu erda futbol klubi bo‘lsa, deb o‘ylab qoldim”, - deya xotirlaydi Pol.
Avvalroq, u yaxshi hayot izlab Togoga borgan. U erda bir burda non topish uchun g‘isht teruvchi va ko‘cha sotuvchisi sifatida ishlagan. U zo‘rg‘a kun kechira boshladi.
"Men deyarli futboldan voz kechdim. Chunki oddiy narsalarga pul etishmasdi", - deb eslaydi Pol.
Daniya uni odatdagidan sovuq haroratda kutib oldi, ammo ruhiy muammo undan ham yomon bo‘lib chiqdi. O‘shanda u atletlarga xos jismoniy gavdaga ega, ammo to‘p bilan muomalada biroz noqulaylik his qiladigan yigitcha edi. Jamoadoshlari uni “Bembi” deb chaqira boshlashdi.
"Onuachu biz Daniya chempionatida ko‘radigan odatiy futbolchilardan ancha farq qilardi. U menga Piter Krauchni eslatdi. Pol juda ko‘p driblinglarga ega edi", - deydi daniyalik jurnalist Gisli Torsen.
Yosh nigeriyalik o‘yinni o‘qishda va raqiblarni mohirona chalg‘itishda ajablanarli darajada ustunlikka ega edi. "Mityulland" ustozi Brayan Priske endigina 18 yoshga to‘lgan futbolchini "bo‘rilar"ning asosiy jamoasiga o‘tkazdi (2012). Ammo moslashishdagi qiyinchiliklar uning rivojlanishini jiddiy ravishda sekinlashtirdi (ikki mavsumda 22 ta o‘yin va 1 gol).
Onuachuga juda kam imkoniyat bera boshlashdi va shundan so‘ng, u "Vayle" klubiga ijaraga ketishga rozi bo‘ldi. U ushbu jamoadagi yarim yillik faoliyati davomida 13 ta o‘yinda 5 ta gol urdi. Pol u erda porladi va endi Xerningga qaytishga to‘liq munosib edi. UEFA Evropa Ligasi 1/16 final bosqichidagi "Manchester Yunayted"ga qarshi o‘yinda (2016 yil 18 fevral) qo‘lga kiritilgan g‘alaba Daniya klubi tarixida yangi sahifa ochdi va ushbu g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan iste’dodli hujumchining faoliyatida burilish yasadi. Shu kuni uchrashuvning 77-daqiqasida Onuachu g‘alaba to‘pini kiritdi!
"Uzun bo‘yli bo‘lishiga qaramay, u tanasini mukammal darajada boshqaradi. Unda muvofiqlashtirish dinamikasi va tezlik yuqori darajada. Onuachu faqat jarima maydoni bilan cheklanib qolmaydi, u individual hujum qilishni ham yaxshi ko‘radi. Shuni aytishim kerakki, bu standart vaziyatlar uchun haqiqiy “o‘lim quroli”. Shu paytgacha ikkinchi qavatda hech kim bu qadar osonlikcha ustunlikka erishishini hech qachon ko‘rmaganman. Onuachu himoyachilarning orqasida yashirinib, ularni aldayapti. Belgiya chempionatida bunday yuqori sifatli bo‘ydor hujumchilar kam. U yozda qaerga o‘tishini bilmayman, ammo Premer-liga va Bundesliga unga juda mos tushgan bo‘lardi", - deydi "Eypen" klubining yordamchi murabbiyi ispaniyalik Mauro Esposito.
Nigeriyalik futbolchi "Genk" tarkibidagi debyut mavsumida 29 uchrashuvda 10 ta gol urdi. Biroq, joriy mavsumda Pol haqiqatan ham Belgiya chempionatini “portlatdi”. U hozircha 28 turda 24 ta gol urdi. To‘purarlar poygasidagi eng yaqin ta’qibchisi Tom Anri ("Leyven") hisobida 19 ta gol bor. Hozir u “Oltin butsa” uchun da’vogarlarning Top-10 taligida bormoqda. Undan yuqorida faqatgina Pellegrino, Messi, Andre Silva, Ronaldu, Yunker va Levandovski bor. Agar Belgiya chempionati uchun koeffitsient past bo‘lmaganida (1,5), Onuachu ancha yuqori o‘rinda bo‘lgan bo‘lar edi. Chunki u to‘purarligi bo‘yicha Evropadagi to‘rtinchi o‘rindagi hujumchi bo‘lib turibdi.
“Biz uni besh-olti yil kuzatdik. "Mityulland" bilan muzokaralar ham oson kechmadi, chunki Onuachu juda izlanuvchan futbolchi. Daniyada 70 ta gol urgan futbolchi, buni Belgiyada ham bemalol amalga oshirishi mumkin”, - dedi “Genk” sport direktori Dimitri de Konde.
“Genk” Onuachuni 2019 yilning yozida 6 million evro evaziga sotib olgan edi. Ammo Belgiya grandi hozir uni kamida uch baravar qimmatroqqa sotishni rejalashtirmoqda. Transfermarkt portali esa uni 12 million evroga baholamoqda.
"Agar u xuddi shu ruhda davom etsa, u haqiqiy monstrga aylanishi mumkin. Men “Genk” rekord transfer arafasida ekaniga aminman", - deya bashorat qilmoqda Onuachuning kashfiyotchilardan biri, “Mityulland” klubi skauti Lars Friz.
Angliya premer-ligasining bir nechta klublari allaqachon Onuachu uchun raqobatni boshlab yuborgani aytilmoqda. Ehtimol, bu yozda Belgiya transfer bozorini ostun-ustun qilib yuboradigan aynan Onuachu bo‘lar...
Fikrlar