"Qaysidir klubning ustunligini ko‘rmayapman". Baxtiyor Ashurmatov "Neftchi"dagi o‘zgarishlar, Sidiqov masalasi va jamoasiga kimni olmoqchiligi haqida

  • 11 fevral, 2022, 23:36
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing yangi mavsumi uchun qur’a tashlandi. Endi juftliklar aniq bo‘ldi. Baxtiyor Ashurmatov boshchiligidagi “Qo‘qon-1912” “Neftchi”ga qarshi maydonga tushadi va ilk turdanoq vodiy derbisiga guvoh bo‘lamiz. Qur’adan keyin Ashurmatov Sports.uz uchun o‘zining taassurotlari, selektsiyadagi holatlar va yana boshqa masalalar xususida gapirdi.

Tecno

Qur’a haqida

- Chempionatda muxlislar o‘z jamoalariga qaysi raqiblar tushishini intizorlik bilan kutib turishgandi. Har bir jamoaning o‘yini o‘z muxlislari uchun qiziqarli va g‘alabasi uchun duo qilishadi. Lekin birinchi turda klublarning bir-birlariga ro‘baro kelganliklarini tahlil qiladigan bo‘lsak, “Navbahor” – “Nasaf” va “Neftchi” – “Qo‘qon-1912” o‘rtasidagi o‘yinlar katta qiziqishga sabab bo‘ladi. Jangovar ruhda o‘tadi deb o‘ylayman. Baribir hamma klublar bilan o‘ynashimiz kerak. “Neftchi” pro ligadan chiqqaniga qaramasdan yaxshi selektsiya ishlarini amalga oshirdi. O‘zbekistonning etakchi futbolchilarini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Shahzod Ubaydullaevdek yaxshi saviyadagi hujumchini o‘z safiga jalb qildi. Chempionatimizdagi yana boshqa mahoratli o‘yinchilarni ham taklif qildi. Legionerlarni ham olib keldi. O‘ylaymanki, “Neftchi” yangi mavsumda o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘yadi. Birinchi turdagi uchrashuv esa muxlislar va mutaxassislar uchun juda qiziqarli to‘qnashuv bo‘ladi deb o‘ylayman.

ashurmatov_11

Ilk turda qaysi raqibni kutgandi?

- Gapning ochig‘i, qur’adan oldin taxmin qilganim yo‘q. Kim bilan bo‘lsa ham baribir o‘ynashga to‘g‘ri kelardi. “Neftchi”ning raqib bo‘lganini normal holat deb o‘ylayman. Birinchi turda Yaypanda to‘p suramiz. Shu bois “Neftchi”da ham, jamoamizda ham katta ustunlik bo‘lmaydi. Yaypan shunday joyda jolashganki, farg‘onalik va qo‘qonlik ishqibozlar bemalol bu uchrashuvga etib keladilar. Qaysidir klubning ustunligini ko‘rmayapman. Barchasi 50x50. Hammasi maydonda hal bo‘ladi.

Qachon o‘z stadioniga qaytadi?

- Har bir murabbiy yoki muxlislar jamoasini o‘z maydonida o‘ynashini istaydi. Hozirgi holat quvonarli emas, salbiy tomonlari bor. Chunki o‘z uyingda devorlar ham yordam beradi, degan gap bekorga aytilmagan. O‘z uyingda muxlislar tashrifi ham ko‘proq bo‘ladi. O‘ylaymanki, tez vaqt oralig‘ida bu muammo hal bo‘ladi. Nasib bo‘lsa, o‘z maydonimizda ishqibozlarimiz qarshisida to‘p surish imkoniga ega bo‘lamiz.

ashurmatov2_3

Selektsiya to‘g‘risida

- To‘g‘risi, selektsiya jarayonida katta yo‘qotishlarga duch keldik. Asosiy tarkibdagi futbolchilardan bir nechtasi jamoamizni tark etishdi. Lekin asosiy yutug‘imiz, etakchi futbolchimiz Murod Xolmuhammedovni saqlab qoldik. Qo‘qonda o‘yini yaxshi qovushadigan Quvondiq Ro‘zievni qaytarganimiz ham selektsiyadagi yutug‘imiz. Shuningdek, hozirda qo‘qonlik muxlislarning yana bir yoqimtoy futbolchisi Javohir Sidiqov biz bilan mashg‘ulotlarda qatnashyapti. Shu kunlarda uning jamoamizda to‘p surish masalasi aniq bo‘lib qoladi. Javohir yangi mavsumni tarkibimizda o‘tkazsa, yarim himoyamizda yaxshigina raqobat hosil bo‘ladi va etarlicha kuchga ega bo‘ladi. Biz ketganlarning o‘rnini munosib tarzda to‘ldirishga harakat qildik. Baribir Muhammadanas Hasanov, Shoxnazar Norbekov, Farhod Bekmurodov, Asad Sobirjonov kabi o‘yinchilar katta hajmdagi ishni bajarishardi. Shu bois ular asosiy tarkib futbolchilari edi. Yuqorida aytganimdek, o‘rnini munosib to‘ldirishga harakat qildik. Quvondiq Ro‘ziev, Javohir Sidiqov, San’at Shixov, Dilshod Rahmatullaev kabilar qo‘shilishdi. Agar Sidiqov masalasi hal bo‘lsa selektsiyani to‘xtatamiz. Bu yil PFL tomonidan yoshi katta futbolchilarga limit qo‘yilgan. 2000 yilgacha tug‘ilganlardan 20 tasini ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin va qolgani yoshlar bo‘lishi kerak. Shu sababli ayrim muammolarga uchrayapmiz. Chunki o‘z akademiyamiz yo‘q. Su’niy ravishda yoshartirishga to‘g‘ri kelyapti. Ayrim asosiy tarkibga tayyor bo‘lmagan o‘yinchilarni limitdan chiqib ketmaslik uchun jalb qilishga majbur bo‘lyapmiz. Yaqin yillarda o‘z akademiyamizga e’tiborni kuchaytirishimiz kerak. Markaziy himoyamizda Murod Xolmuhammedov bilan Ivan Yosovich bor. Ularga raqobatchi Bobur Akbarov ketdi. Shuning uchun hozir bizda tanlash imkoniyati yo‘q. Aytaylik, birortasi sariq kartochka tufayli o‘yinni o‘tkazib yuborishiga to‘g‘ri kelsa, o‘rinma-o‘rin chiqarishga raqobatbardosh futbolchimiz yo‘q. Hozir shu holat muammo bo‘lib turibdi. Shu bois bitta markaziy himoyachi olishga harakat qilib ko‘ramiz.

Maqsad qanday?

- Hali ham selektsiya jarayoni davom etyapti, tayyorgarlik ko‘rilyapti. Chempionat oldidan muxlislar bilan uchrashamiz. Jamoa rahbariyati bilan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi. Shundan keyin o‘ylaymanki, jamoamiz oldiga aniq maqsad qo‘yiladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!