Qatarda olqishlarga sazovor bo‘layotgan Sardor Rashidov nega terma jamoaga chaqirilmayapti?

  • 26 sentabr, 2019, 22:08
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 11
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston milliy terma jamoasiga Vadim Abramov bosh murabbiy etib tayinlangach, muxlislarning ko‘ngli biroz taskin topgani aniq. Chunki Ektor Kuperning iste’foga chiqishini va uning o‘rniga Abramov tayinlanishini muxlislar xohlashayotgandi. Mana, ular istagan o‘zgarish ham yuz berdi. Lekin biz maqolamizda murabbiylarning o‘zgarishiga ko‘p ham to‘xtalmoqchi emasmiz. E’tiborimizni esa boshqa masalaga qaratamiz. Kuper ishlagan paytda terma jamoamizning himoyaviy taktika asosida o‘yin ko‘rsatishi ko‘pchilikka yoqmadi va bizga hujumkor o‘yin manzur bo‘lishi, ayniqsa, bu borada hujumkor o‘yinchilarimiz ko‘pligi haqida gapirildi. Bu chindan ham haqiqat. Muxlislarimizga asosan hujumkor futbol yoqadi va bu borada bizda tajribali o‘yinchilarimiz ham etarlicha. Gapni cho‘zmasdan indallosiga o‘tadigan bo‘lsak, gap Sardor Rashidov haqida ketmoqda.

Tecno

Bu futbolchining nimalarga qodirligi va qanday salohiyatga egaligi haqida ortiqcha gapirishimiz shart bo‘lmasa kerak. Hammamiz Sardorning kuchli tomonlarini bilamiz. Ayniqsa, individual tomondan ham katta imkoniyatlarga ega. Qolaversa, u jamoaviy o‘yinda ham o‘zini ko‘rsata olish xususiyatlariga ega. Afsuski, Ektor Kuper Rashidovdan keng qamrovda foydalana olmadi. Buning sababi shundaki, Sardor hujumga ixtisoslashgan o‘yinchi va u odatda hujumlarni yakunlashni xush ko‘radi. Lekin Kuperning uslubi umuman boshqacha bo‘lib, u birinchi navbatda himoyaviy futbolni ustun qo‘ydi. Hamma ko‘rib, bilib turganidek, ushbu mutaxassisning uslubi bizga to‘rg‘i kelmadi. Balki shuning uchun Kuper Rashidovning imkoniyatlaridan to‘laqonli ravishda foydalana olmagandir. Aslida esa bunday o‘yinchi har bir jamoaning muhim figuralaridan biriga aylana olishga qodir. Kuper esa negadir Rashidovdan foydalana olmadi. Lekin endi bu o‘tmishda qoldi.

rashidov

Aslida Rashidov haqida ko‘p gapirishimiz mumkin. Hayotini faqat futbolga bag‘ishlagan va doim oldinga qarab intilishga odatlangan Sardor shu darajasiga o‘zining mehnatlari orqali erishdi. Ayniqsa, 2015 yilgi Osiyo Kubogi uning faoliyatida tub burilish yasadi. O‘shanda u milliy terma jamoamiz safida yorqin o‘yinlar ko‘rsatgan holda muxlis-u, mutaxassislarning ishonchini qozongandi. Keyin esa uning faoliyatida yangi sahifalar ochildi. Ayniqsa, legioner sifatida Qatarning «Al Jayish» jamoasidagi faoliyati yorqin ko‘rinishda o‘tgani va hujumchi bo‘lmasa-da, yarim himoyachi sifatida gol urish borasida sermahsulligini ko‘rsata olgani uning katta imkoniyatlarga ega ekanligini yana bir bor ko‘rsatib bergandi. U legioner sifatida katta o‘sishga erishmoqda. Qolaversa, ilk o‘zbekistonlik futbolchi sifatida Portugaliya chempionatida ham faoliyat olib bordi. To‘g‘ri, uning jamoasi – «Nasonal» asosiy ligani tark etdi. Ammo shunga qaramasdan, Sardor Rashidov Portugaliya chempionati orqali Evropa futbolining havosidan bahramand bo‘ldi va o‘zi uchun ozmi-ko‘pmi tajriba to‘pladi. Shu bilan birga bir uchrashuvda uchta gol urib, xet-trikka erisha olganini ham unutmaslik kerak. Yana bir e’tiborli tomoni shundaki, bu futbolchimizga har yili Evropaning turli klublaridan qiziqishlar bo‘lib turadi. Lekin Rashidov arab jamoalarining xushini «o‘g‘irlagan» desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Boisi, arablarning etakchi klublari doimiy ravishda Sardorga rasmiy taklif bilan chiqishadi. Shuning uchun futbolchimiz ko‘pincha o‘zi uchun biror-bir klubni tanlash kerak bo‘lganida qiyinchilikka ham duch kelib qoladi. Mana, u «Nasonal»dan so‘ng Qatarning «Qatar SK» jamoasi sharafini himoya qilmoqda. Bu ham bejiz emas. Negaki, yuqorida aytganimizdek, Sardorning faoliyatidagi yorqin xotiralar aynan Qatar chempionatida yuz bergan. Shu sababli u «Qatar SK» orqali yana bir bor yoqimli onlarni qaytarishni istadi. Aytish mumkinki, hamyurtimiz ushbu jamoada kutilganidek, o‘zini ko‘rsatishni boshladi va hozirgacha ettita golning muallifiga aylanib ulgurdi. Bu ham uning o‘yinga va gollarga chanqoqligini yana bir bor ko‘rsatib turibdi. Yanada ahamiyatlisi uning o‘yinlari va kiritgan gollarini Evropada ham kuzatib borishyapti. Aniqrog‘i, nufuzli va ko‘zga ko‘ringan saytlar Rashidovning gollarini o‘z sahifalariga joylab borishmoqda.

rashidov2

Boshqa yurtda javlon urib, ishonchni qozonib kelayotgan o‘zimizning qora ko‘zdan nega endi terma jamoamizda foydalanmayapmiz? Vaholanki, uning o‘zida ham milliy terma jamoamizga yordam berish istagi juda yuqori. Kerak bo‘lsa, terma jamoamizdan chaqiruv bo‘lishini doim kutadi. Afsuski, boya aytganimizdek, Kuper ishlagan paytda undan maksimal darajada foydalana olmadi. Mana, endi futbolimizni va futbolchilarimizni yaxshi biladigan o‘zimizning Vadim Abramov terma jamoa bosh murabbiyi etib tayinlandi. Ko‘pchilik esa Vadim Karlenovich Sardorni terma jamoaga chaqiradimi yoki yo‘qmi, shunga ham qiziqishmoqda. Kuni kecha bosh murabbiy bilan suhbatlashganimizda aynan Rashidov haqida unga savol bilan murojaat qilgandik. Lekin murabbiy umumiy shakldagi gap bilan cheklanib, hamma uchun terma jamoa eshigi ochiqligi va munosiblar o‘ynashi kerakligi haqida gapirdi. Lekin bilishimizcha, bosh murabbiy Yamanga qarshi o‘yin uchun Rashidovni chaqirmagan. Axir hujumkor o‘yinni yoqtiradigan Abramovning uslubiga Sardor juda mos tushadi-ku, shunday emasmi? Maydonda serqirra va ijodkorligini namoyish eta oladigan o‘yinchilar bizga juda zarur bo‘lib turgan bir paytda nima sababdan ana shunday futbolchilardan foydalanmaydi? Axir uning qaytishi raqobatni yanada kuchayishiga ham turtki bergan bo‘lardi. Tan olaylik, ushbu o‘yinchimizda katta iqtidor va salohiyat bor. Ammo uning o‘sha salohiyatini maydonda yanada chiroyli qilib ochib beradigan – bu murabbiy sanaladi. Bugungi kunda biz uchun natija suv va havodek zarur bo‘lib turgan paytda Abramovga aynan Rashidovga o‘xshagan hujumkor o‘yinchilar zarur emasmi? Asosiysi u «Qatar SK»ning etakchilaridan biriga aylandi va doimiy ravishda o‘yin amaliyotiga ega bo‘lgan holda gollar urib, o‘zini ko‘rsatmoqda. Xo‘sh, Abramovga yana nima kerak? Mana shunday yordami tegadigan futbolchilar unga kerak deb o‘ylaymiz. Bizningcha, o‘zi ham Rashidovni kuzatib borayotgan bo‘lsa kerak. Shunday ekan, milliy terma jamoamizda albatta Sardorning alohida o‘rni bor. Balki Kuper davrida bizga mos kelmagan taktikaga boshqa futbolchilarimiz  qatori u ham moslasha olmagandir. Biroq endi vaziyat o‘zgardi. Axir Falastinda terma jamoamiz qanday o‘ynaganini hammamiz ko‘rdik-ku! Shunday ekan, bugungi terma jamoamizga Rashidovga o‘xshagan futbolchilar nihoyatda zarur.   

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Abduvosit Majidov
26/09/2019 23:08
Sardorni o'zi yozdimi bu maqolani
&
Admiral_uz
26/09/2019 22:24
Sardor Rashidov general u top uchun kurashmaydi, unga faqat yetkazib berish kerak, fint ko‘rsatib faqat topni aldaydi raqib futbolchisini aldashni yomon ko‘radi, qisqasi hozirgi Sardor terma jamoada yaxshi o‘ynolmaydi, undan Doston yaxshi
Aliyev Shahboz
27/09/2019 01:12
Sardorni juda osmonga koʼtaripti lekin qoyil. Yaxshi oʼyinchidir lekin jamoaviy oʼyinchimas himoyaga qaytish umuman yoq MTJ dagi ohirgi oʼyinlarini koʼrsela bilasila. Faqtida sheriklariga oshirmasdiyam buni deb gapam eshitganini koʼrganmiz. Qisqasi zvezdadan berganidi oʼsha paytlaar. Termaga qoni qaynoq vatanni sevadigan haqiqiy jangchilarni chaqirishsa yaxshi boʼlardi.
Komol Omon
26/09/2019 23:16
Зур боганда европада уйнаб кетарди
Вадимакага ургатмаларинг узи билади
Gulmurod Tuxtashev
27/09/2019 16:15
"Асосийси у «Қатар СК»нинг етакчиларидан бирига айланди ва доимий равишда ўйин амалиётига эга бўлган ҳолда голлар уриб, ўзини кўрсатмоқда" Канака ГОЛЛАР узи Бир маротаба гол киритган булса. Бу футболчимиз давно юлдузлик деган касаллика чалиниб булган. У факат пул учунгина майдонда узини курсатиши мумкин
Абрамов харкалай акилли мурабий. Агар ростдан хам лойик булса албатта чакиради МТЖга
&
Azalshoh
27/09/2019 11:38
Jamoasi oxirgi o'rinda bo'lsa,chempionatda 4o'yin 4 mag'lubiyat bo'lsa ...Yana Bilmadim...
Нуъмонжон Тошкузиев
27/09/2019 08:49
Юлдузлик касалига учраган бу бола,купрок пул учун клуб учун жуда яхши уйнайди,терма жамоада аксинча????
Xasan Turaev
26/09/2019 23:36
Rashidovni bilmadim,ammo Sergeev chaqirilmasa bo‘ldi.Sergeev umuman terma jamoaga munosib emas.
Salah Salah
26/09/2019 23:28
салому алайкум шу Сардор Рашидовни Купер олмай хато килди менга ёкмади купер услуби
Durbek Hakimov
26/09/2019 23:18
Qatarda tinmay gol urib tursa, chaqiradi. Hammasi o'ziga bogliq
shahram husanboyev
26/09/2019 22:50
Kim qanday fikirda bilmadim hammani uz fikribor lekin termaga rashidov dinisov nestirov lar kerak va zarur sardorga yahshi gapirish kerak uzda kam sonli ihtidor egalaridan