
Qamoqxonadagi hayoti, qalbaki pasport...Ronaldino Paragvaydagi sarguzashtlari haqida nimalar dedi?
Bir paytlar jahonning eng zo‘r futbolchisi bo‘lgan Ronaldino Paragvayning «ABC Color» telekanali mehmoni bo‘ldi. Braziliyalik “afsungar” hujjatlar bilan bog‘liq muammolar sababli Paragvay qamoqxonasida 1 oydan ko‘proq o‘tirganidan so‘ng ozodlikka chiqarilgandi. Biroq oradan hech qancha o‘tmay uning harakatlanishini yana cheklab qo‘yishdi.
Ronaldino ukasi Roberto de Assis Moreyra bilan birga 7 apreldan buyon vaqtini Asunsondagi «Palmagor» mehmonxonasida uy qamog‘ida o‘tkazmoqda. Mahalliy telekanal jurnalisti bilan o‘zining holatini muhokama qilar ekan, Ronaldino suhbat chog‘ida o‘zini juda ham xotirjam tutdi.
- Ronaldino, sen 1997 yili jahon chempionati U-17 da o‘zingni ko‘rsatgansan. Bu haqda nimalarni eslaysan?
- Bu yoqimli xotiralar, o‘shanda juda yosh edim. O‘sha paytda Braziliyada bunday sovrin yo‘q edi, u faoliyatimning boshlanishida juda muhim bo‘lgan. Shuning evaziga men «Gremio»ga qaytganimdan so‘ng asosiy jamoa o‘yinchisiga aylandim.
- 2002 yili sen yana jahon chempioni bo‘lding, ammo endi milliy terma jamoa bilan. Hissiyotlar 1997 yilgi g‘alabadan ham kuchliroq bo‘ldimi?
- Ikkala holat ham o‘zgacha bo‘lgan. Jahon chempionatini yutish doimo juda muhim, juda hayajonli. Omadim bor ekan, bunga 17 va 22 yoshimda erishdim. Bu a’lo darajadagi tajriba bo‘lgan.
- Sen Evropaga ko‘chib o‘ta olgansan, Evrokuboklarda o‘ynagansan, «Barselona» futbolchisi bo‘lgansan – bu janubiy amerikalik har qanday futbolchi uchun qandaydir boshqacha. Sen nimani his qilgansan?
- Bu so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydigan yana bir holat. «Barselona»da u qadar uzoq o‘ynamaganman, deb o‘ylayman. «Blaugranalar» bilan Chempionlar Ligasidagi g‘alaba doimo qandaydir o‘zgacha bo‘lib qoladi, axir bundan oldin klubda omadsiz davr bo‘lgandi.
- Paragvayda sen Janubiy Amerikadagi eng muhim turnir - Kopa Lebartadores finalida o‘ynagansan. O‘sha final haqida nimalarni eslaysan? Bu erda «Olimpiya Asunson» 2:0 hisobida g‘alaba qozongan, biroq Belu-Orizonteda sizlar hammasini o‘zlaringizning foydangizga hal qilgansizlar.
- Ha, omadim bor ekan, Libertadores Kubogini yutishga erishdim. Kollektsiyamda mazkur sovrin etishmayotgandi. Paragvayliklar bilan o‘tkazgan uchrashuvlarimiz a’lo darajada chiqqan. Bu ham yaxshi xotiralar.
- Aytishlaricha, sen Xudoga ishonuvchan inson ekansan? Bu hozirgi ozodliging cheklangan sharoitlarda senga yordam beryaptimi?
- Fikrimcha, ha. Men hammasi yaxshi bo‘lishi uchun ishonishda davom etaman va doimo ibodat qilaman.
- Paragvayga kelishingdan maqsading nima edi? Ikkita tadbir haqida gapirishgandi...
- Ha. Hammasi ukam imzolagan shartnomalar asosida bo‘lgan. U mening vakilim. Biz onlayn-kazinoning ishga tushirilishida, shuningdek, «Hayot Qiroli» («Craque da Vida») nomli kitobning taqdimotida ishtirok etish uchun kelgandik. Buni kitobni Paragvayda sotish bilan shug‘ullanadigan Braziliya kompaniyasi tashkil etgandi.
- Sening paydo bo‘lishing barchaning e’tiborini o‘ziga tortdi. Ko‘rsatmalar berayotgan paytingda vaziyatning juda nozikligiga qaramasdan rasmiy shaxslar va politsiyachilarning sendan suratlar hamda dastxatlar haqida so‘rashgani juda ta’sirli bo‘ldi. Bu vaziyatda nimalarni his qilding?
- Mamlakatda paydo bo‘lgan ilk kunimdanoq paragvaylik barcha insonlarning samimiyligi, sofdilligi va hurmati sezilib turdi va hozirgacha shunday. Buning uchun ulardan juda ham minnatdorman.
- Pasportlarning qalbaki ekanligini bilganingda bunga qanday munosabatda bo‘lding?
- Ularning qalbaki ekanligini bilib juda ham hayron qoldik. O‘shandan beri hammasiga aniqlik kiritish uchun hukumatga har tomonlama yordam berdik. Bizga berilgan barcha savollarga javob qaytardik.
- Garchi hammasi ijobiy hal qilingandek tuyulgan bo‘lsa-da, biroq 6 mart kuni senga qamoqxonaga yo‘l olishingni aytishganda nimani his qilganding?
- Bu og‘ir zarba bo‘ldi. Bunday vaziyatga tushib qolaman deb hech qachon o‘ylamagandim. Butun hayotim davomida professionallikning eng yuqori cho‘qqisiga chiqishga va o‘z o‘yinim bilan odamlarni xursand qilishga uringanman.
- Sud yig‘ilishi chog‘idagi eshitishdan so‘ng sudya Mirko Valinotti ozodligingga hech qanday cheklovlar yo‘qligini va Braziliyaga qaytishing mumkinligini aytdi. Shundan so‘ng nima yuz berdi?
- Parvozimiz 7 mart tungi soat 3 ga rejalashtirilgandi. Chunki bu o‘g‘limning tug‘ilgan kuni edi. Nima bo‘lganini bilmayman.
- Qamoqxonada hamma vaqt sen bilan birga suratga tushishni, futbol yoki volleybol o‘ynashni xohlashdi. Ozodligingni cheklashdi, ammo hamma sen bilan birga bo‘lishni istadi. Mana shunday paytlarda nimalarni his qilding?
- Qamoqxonada o‘zim duch kelgan barcha inson menga iliq munosabatda bo‘ldi. Futbol o‘ynash, dastxatlar, suratlar – bu hayotimning bir qismi. Bunday ishlar bilan shug‘ullanishni to‘xtatish uchun menda sabab yo‘q edi, boz ustiga xuddi men singari qiyin vaziyatga tushib qolgan odamlar qurshovida.
- Paragvay odil sudidan nimani kutyapsan?
- Umid qilamanki, ular bizning ko‘rsatmalarimizdan foydalanishadi va bu vaziyat imkon qadar tezroq hal bo‘ladi.
- Hammasi yakuniga etganidan so‘ng nima qilishni rejalashtiryapsan?
- Birinchi navbatda koronavirus pandemiyasi paytida mana shu og‘ir damlarni uyda o‘tkazayotgan onamni mahkam quchoqlab o‘pib qo‘yaman. Keyin mana shu vaziyatning ta’sirini chamalab ko‘rish va ishonch hamda yangi kuch bilan oldinga harakatlanish kerak bo‘ladi.
Fikrlar