
PSJning finalga chiqishi Mbappening "Real"ga transferini kechiktirishi mumkin
PSJ hujumchi Kilian Mbappe joriy mavsum so‘ngida "Real"ga o‘tishi kutilmoqda. Frantsiyalik futbolchi allaqachon bir qarorga kelgan, ammo transfer qachon rasman e’lon qilinishi hozircha aniq emas.
"AS" nashri xabariga ko‘ra, transferning e’lon qilinishi PSJning Chempionlar ligasidagi natijalariga bog‘liq bo‘ladi. Agar jamoa turnir finaliga chiqsa, e’lon yozgacha qoldiriladi. Enrike shogirdlari Germaniyada bo‘lib o‘tgan dastlabki bahsda "Borussiya"ga minimal hisobda mag‘lub bo‘lgan edi. Javob bellashuvi 8 may kuni soat 00:00da "Park De Prens"da start oladi.
Ma’lumot uchun, Kilian Mbappe "Real"ga erkin agent sifatida ko‘chib o‘tadi, chunki uning Parijdagi shartnomasi yozda tugaydi. Frantsiyalik forvard 2017/2018 yil Monako"dan transfer qilinganidan buyon PSJda o‘ynamoqda. 25 yoshli futbolchi joriy mavsumda barcha musobaqalarda 45 ta o‘yinda maydonga tushib, 43 ta gol urdi va 10 ta golga assistentlik qildi.
Fikrlar