
"Paxtakor"ning OChLdagi raqibi "Al-Hilol" haqida nimalarni bilamiz?
Osiyo Chempionlar ligasining 3-turida "Paxtakor" Saudiya Arabistonining "Al-Hilol" klubiga qarshi bahs olib boradi. Ushbu uchrashuv oldidan, toshkentliklarning raqibi haqida ma’lumotlar berib o‘tamiz.
"Al-Hilol" 1957 yilning 15 oktyabr kuni tashkil etilgan. Jamoa uy uchrashuvlarini Ar-Riyod shahridagi 70 ming muxlisga mo‘ljallangan "Qirol Fahd" stadionida o‘tkazadi. Dastlab, klubning nomi "Al-Olimpiya" bo‘lgan. 1958 yilning 3 dekabr kuni Saudiya qiroli farmoni bilan nomi "Al-Hilol"ga o‘zgartirilgan.
Klub o‘z tarixi davomida Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan musobaqalarda, shuningdek, Fors ko‘rfazi, arab dunyosi va butun Osiyo darajasidagi turli xalqaro turnirlarda bir necha bor g‘olib bo‘lgan.
Jamoa haqida bir qator qiziqarli faktlar bor va ular bilan quyida tanishishingiz mumkin:
"Al-Hilol" Saudiya Arabistoni chempionatining birinchi g‘olibi sifatida tarixga kirgan.
Osiyoning "Real"i, degan nomga sazovor bo‘lgan ushbu jamoa o‘z mamlakatida eng ko‘p chempionlikni qo‘lga kiritgan.
"Paxtakor"ning ertangi raqibi OChLda zafar quchgan Saudiyaning dastlabki jamoasidir. Bundan tashqari, Osiyoning ushbu yirik turnirida 2 marta g‘olib bo‘lgan ilk arab jamoasi bo‘lib tarixga kirgan.
"Rahbarlar" bir mavsumda mamlakat chempionati, kubogi va superkubogini qo‘lga kiritgan Osiyodagi dastlabki jamoadir. Jahonning 100 ta eng yaxshi klubi qatoriga kirgan arab mamlakatlari va Fors ko‘rfazidagi birinchi jamoadir.
"Al-Hilol" Saudiya Arabistonining Qiroli farmoni bilan nomlangan birinchi klubi edi, bu arab futboli uchun katta voqea bo‘lgan.
OChLning amaldagi chempioni transfer bozorida faol ishlash bo‘yicha, Osiyoning etakchi jamoalaridan biri hisoblanadi. 2019 yilning 23 iyul kuni "Benfika"dan Andre Karriloni 9,5 mln evro evaziga xarid qildi va bu klub tarixidagi eng yirik transferga aylandi.
Janubiy Koreya fuqarosi Jan Xyun Su, Andre Karrilo (Peru), Sebastyan Jovinko (Italiya) va Bafetimbi Gomis (Frantsiya) kabi mashhur futbolchilar ertaga "Paxtakor"ga qarshi bahsda jamoaga yordam berishi kutilmoqda.
Jamoaga ruminiyalik mutaxassis Rizvan Luchesku ustozlik qiladi. U 2019 yili Gretsiyaning PAOK klubidan taklif qilingan. O‘tgan yili "Al-Hilol" aynan ushbu murabbiy yordamida Chempionlar ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritgan.
"Al-Hilol" erishgan yutuqlar:
Saudiya Arabistoni chempioni (16 karra): 1976/77, 1978/79, 1984/85, 1985/86, 1987/88, 1989/90, 1995/96, 1997/98, 2001/02, 2004/05, 2007/08, 2009/10, 2010/11, 2017, 2018, 2020.
Saudiya Arabistoni Qirolligi kubogi (6): 1960/61, 1963/64, 1979/80, 1981/82, 1983/84, 1988/89.
Saudiya Arabistonining Valiahd shahzodasi kubogi (11): 1963/64, 1994/95, 1999/00, 2002/03, 2004/05, 2005/06, 2007/08, 2008/09, 2009/10, 2010/11, 2011/12.
Saudiya futbol federatsiyasi kubogi (7): 1986/87, 1989/90, 1992/93, 1995/96, 1999/00, 2004/05, 2005/06.
Saudiya Arabistoni superkubogi (1): 2015.
Osiyo Chempionlar ligasi (3): 1991/1992, 1999/2000, 2019.
Osiyo kubok egalari kubogi (2): 1997, 2002.
Osiyo superkubogi (2): 1997, 2000.
Arab kubogi (2): 1994, 1995.
Arab kubogi g‘oliblari kubogi (1): 2000/01.
Arablar superkubogi (1): 2001.
Saudiya-Misr superkubogi (1): 2001.
Fors ko‘rfazi chempionlari kubogi (2): 1986, 1998.
Fikrlar