
"Paxtakor"ga OChLdan keyin nimadir bo‘ldi-da! Superligada oxirgi bor qachon g‘alaba qozongani yodingizdami yoxud Baxtiyor Ashurmatovni bo‘lajak bahsga o‘z rejasi bor
16 maydan Superliganing 9-turiga start berilganidan yaxshi xabardorsiz. Bu safar ham bir-biridan qiziqarli bellashuvlar bor. Ayniqsa, vodiydagi o‘yinlar ham doimgidek alohida ahamiyat kasb etadi. Masalan, 17-sanada Namanganda vodiy derbisi – “Navbahor” hamda “Neftchi” ishtirokidagi bellashuv kutyapti. 18 may kuni esa Qo‘qonda yana bir o‘ta shiddatli o‘tishi kutilayotgan bahs bor. Bu – “Qo‘qon-1912” – “Paxtakor” to‘qnashuvidir.
Ishoning, bu oddiy o‘yin bo‘lmaydi. Nega deysizmi? Chunki mazkur bellashuvning ham harorati juda yuqori. Buni hozirdanoq aniq ayta olamiz. Aslida har safar Qo‘qonga chempion klubning tashrifi muxlislarda ham katta qiziqish uyg‘otgan va “Paxtakor”ga qarshi o‘yinning shiddati ham maydonda yuqori darajadaligi doimo aks etgan. Agar unutmagan bo‘lsangiz, o‘tgan yili 1 oktyabr kuni chempionatning 21-turida “Paxtakor” klubiga qarshi Qo‘qondagi uchrashuvda gollarga boy o‘yin guvohiga aylangandik. O‘sha bahsda Baxtiyor Ashurmatov jamoasi chempion ustidan 4:2 hisobida g‘alaba qozongandi. “Qo‘qon-1912”dan Oybek Rustamov, Muhammadanas Hasanov, Yakuba Bamba hamda Sardor Azimov “Paxtakor” darvozasini ishg‘ol qilishgan bo‘lsa, mehmonlardan Shahzod Azmiddinov bilan Hojimat Erkinov gol muallifiga aylanishgandi. Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, qo‘qonliklar o‘sha g‘alaba tasodif emasligini isbotlash maqsadida bu safargi o‘yinda ham g‘alabani tantana qilmoqchi. Bu borada qo‘qonliklar ustozi Ashurmatovning bo‘lajak bellashuv uchun o‘z rejasi borga o‘xshaydi. U “Paxtakor”ga qarshi qanday reja tayyorlaganini o‘yinda ko‘ramiz.
Umuman aytadigan bo‘lsak, baribir o‘zaro bellashuvlarda katta ustunlik “Paxtakor” tarafida. Shu kunga qadar jamoalar 32 marta to‘qnash kelishgan. Shularning faqat 6 tasidagina qo‘qonliklarning qo‘li baland kelgan. “Paxtakor” jamoasi raqibini 19 ta o‘yinda mag‘lub etishga erishgan. 7 ta bahsda g‘olib nomi aniqlanmay qolgan. Tabiiyki, to‘plar nisbati ham “Paxtakor” fodasiga. Ular 84 ta to‘p kiritgan, “Qo‘qon-1912” bo‘lsa, 45 ta. Aynan o‘tgan mavsumda Ashurmatov jamoasi ilk bor “Paxtakor” darvozasiga bir o‘yinda 4 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.
Bu safar jamoalar o‘yinga qanday holatda etib kelishyapti, degan savol ham bor. Bilasiz, qo‘qonliklar ketma-ket uchta mag‘lubiyatdan so‘ng, o‘tgan turda Toshkentda “Lokomotiv” maydonida 1:2 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. Ayni paytda bu jamoaning kayfiyati chog‘. Shu sababli Baxtiyor Ashurmatov shogirdlari a’lo darajada tayyorgarlik ko‘rishyapti. Musobaqa jadvalida bu klub 8 ta bahsda 3 ta g‘alaba va 5 ta mag‘lubiyat qayd etib, 9 ochko bilan 9-o‘rinni band etyapti. Qizig‘i, ularning hisobida hali birorta ham durang kuzatilmagan. Demak, yo yutyapti, yo yutqazyapti. Sira raqiblari bilan murosa ko‘chasini tanlashga rozi bo‘lmayapti. Baxtiyor Ashurmatov “Lokomotiv” bilan o‘yindan keyingi matbuot anjumanida “Surxon”ga mag‘lubiyatga uchralganidan keyin iste’foga chiqmoqchiligi xususida rahbariyatga aytganligini ommaga oshkor qilganini bilsangiz kerak. Ammo mutasaddilar bosh murabbiyga hamon ishonch bildirishda davom etgan holda uning iste’fosini qabul qilishni istashmagan. Aftidan, murabbiy o‘sha gapidan keyin ancha jonlanganga o‘xshaydi. Har holda “Lokomotiv” maydonida yutib qaytishdi. Endi navbat “Paxtakor” bilan o‘yinga.
Xo‘sh, “Paxtakor”da vaziyat qanday? Osiyo Chempionlar ligasidagi muvaffaqiyatsiz ishtirokidan keyin “Sherlar” hali o‘ziga kela olmaganga o‘xshayapti. Oxirgi uchta turdan beri Slavche Voyneski jamoasi faqat durang o‘ynayapti. O‘tgan turda o‘z uyida “Surxon”ni qabul qilib, og‘zidagi oshni oldirib o‘tiribdi-ya?! 2:0 hisobida oldinda borayotgan “Sherlar” uchrashuv oxiriga qadar o‘z darvozasidan ikkita to‘p olib chiqishdi va tayyor g‘alabadan quruq qolishdi. Bu natija ular uchun xuddi mag‘lubiyat bilan teng edi. Undan avval “Nasaf” hamda AGMK bilan ham murosa ko‘chasini tanlagandi. “Paxtakor” Superligada oxirgi marta qachon g‘alaba qozongani esingizdami? 1 aprel kuni 4-tur doirasida “Navbahor”ni qabul qilib oxirgi daqiqalarda kiritilgan gol evaziga uch ochkoni qo‘lga kiritishgandi. Shundan beri “Paxtakor” g‘alaba qozona olmayapti. Hozircha ularni “Metallurg”ga qarshi bitta zaxira o‘yini mavjud. 7 ta uchrashuvda Voyneski jamoasi 3 ta g‘alaba va 4 ta durang qayd etib, 13 ochko bilan 5-o‘ringa tushib qoldi. Ammo hali “Paxtakor” mag‘lubiyatga uchragani yo‘q. Shunga qaramasdan, oxirgi paytlarda “Paxtakor”ning o‘yinida muammolar ko‘zga tashlanyapti. OChLdan so‘ng ularga nimadir bo‘ldi-da.
Kuni kecha xabar berganimizdek, sport direktori Ja’far Irismetov qadrdon klubini tark etdi. U bilan birga Sobir Xodiev ham ketganligi aytilmoqda. O‘z navbatida “Paxtakor” Maksim Shatskixni ishga taklif qilyapti. Xullas, “Paxtakor” klubining oxirgi paytlardagi muvaffaqiyatsiz natijalaridan “Qo‘qon-1912” foydalanib qoladimi? Bu borada mahalliy muxlislarning daldasi ham mezbonlarga qo‘shimcha kuch bag‘ishlashi aniq. Ushbu bellashuvni albatta ko‘ring, afsuslanmaysiz!
Fikrlar