
"Paxtakor" OChLda "Persepolis"ga mag‘lub bo‘lmagan. Eron klubini oxirgi o‘yinda mag‘lub etgan gol muallifi ayni paytda "sherlar" safida
"Paxtakor" Osiyo Chempionlar Ligasi chorak finalida Eronning "Persepolis" jamoasi bilan to‘qnash keladi.
"Sherlar" ushbu raqib bilan OChLda 3 marta maydonga tushib, 2 g‘alaba va bir durangni qayd etgan. 2003 yil Anvar Solievning yagona goli g‘alaba keltirgan bo‘lsa, o‘tgan yili guruh bosqichida Tehronda 1:1 (Marat Bikmaev) va Toshkentda 1:0 (Igor Sergeev) natijasi kuzatilgan.
Osiyo klublari musobaqalarida "Paxtakor" Eron jamoalari bilan 20 marta to‘qnash kelib, 14 o‘yinda zafar quchgan. Ikki o‘yinda durang qayd etilib, raqiblar 4 bor g‘alaba qozongan. Raqib darvozasiga 30 to‘p kiritilib, 17 gol o‘tkazib yuborilgan.
"Persepolis" Eronning eng sovrindor klubi sanaladi. Tehronliklar 13 marta Eron chempionati, 6 bor Eron Kubogi va 3 bor Eron Superkubogini qo‘lga kiritgan. Yakuniga etgan mavsumda aynan ushbu jamoa chempionlikka erishdi. Jamoani bir necha yillar klubda o‘ynagan Yahyo Gulmuhammadi boshqarib kelmoqda.
Raqib safida qizil kartochka olgani sababli himoyachi Siamak Ne’mati maydonga tusha olmaydi. "Paxtakor"da esa, diskvalifikatsiya tufayli yo‘qotish mavjud emas.
"Persepolis" va "Paxtakor" jamoalari o‘rtasidagi o‘yin bugun Toshkent vaqti bilan soat 22:45da Dohadagi "Jassim Bin Hamad" stadionida boshlanadi.
Fikrlar