
"Paxtakor" - "Neftchi": O‘zbek klassikosida ustunlik kim tomonda?
Superliganing 2-turida uch yillik tanaffusdan keyin muxlislar yana o‘zbek klassikosiga guvoh bo‘ladi.
Chempionatlarimizdagi eng jiddiy qarama-qarshilik sanalgan "Paxtakor" va "Neftchi" to‘qnashuvi Toshkentda bo‘lib o‘tadi. Har ikki klub o‘zaro o‘yinlarda bir-biridan eng ko‘p ochko tortib olgani ham jamoalarning o‘zaro o‘yinga qanday munosabatda bo‘lishini ko‘rsatadi.
Jamoalar chempionatlar tarixida 54 o‘yin o‘tkazgan. Kichik ustunlik "Paxtakor" tarafida - 25 g‘alaba, 9 durang va 20 mag‘lubiyat. Raqib darvozasiga 91 to‘p kiritgan "sherlar" 67 to‘p o‘tkazib yuborgan. Toshkentdagi bellashuvlarning 20 tasida "Paxtakor" ustun kelgan bo‘lsa, 5 bahsda farg‘onaliklar g‘alaba qozongan. Ikki o‘yin durang bilan tugagan. Toshkentdagi oxirgi 14 uchrashuvda "Neftchi" faqat birgina bellashuvda gol ura olgan. Poytaxtliklar uydagi to‘qnashuvlarda 58 gol urgan holda, 16 to‘p o‘tkazib yuborgan. "Paxtakor" 10 bor raqibni yirik natija bilan dog‘da qoldirishga erishgan bo‘lsa, "Neftchi"da bunday g‘alabalar soni uchtani tashkil qiladi.
Shuningdek, klublar O‘zbekiston Kubogida 15 uchrashuv o‘tkazgan va "Paxtakor" ularning 12 tasida ustun kelgan. 3 bellashuvda farg‘onaliklarning yutug‘i kuzatilgan. "Paxtakor-79" xotira turniri va "Toshkent xalqaro turniri" finallarida ham jamoalarning to‘qnashuvi ro‘y berib, ularda jamoamiz muvaffaqiyatga erishgan.
"Paxtakor"ning eng yirik g‘alabasi 6:0, "Neftchi"da esa 4:0 hisoblanadi. Rustam Do‘rmonov o‘zaro uchrashuvlarda 12 to‘p kiritgan. Shuhrat Maqsudov esa har ikki jamoa tarkibida gol urgan yagona o‘yinchi sanaladi.
"Paxtakor" va "Neftchi" o‘rtasidagi o‘zbekona mumtoz to‘qnashuv 10 mart, payshanba kuni "Paxtakor" stadionida soat 18:30da boshlanadi. Stadionga tashrif buyuring va ajoyib o‘yindan bahramand bo‘ling!
Fikrlar