
O‘zimizning Maksim Shatskix bilan suhbat
Siz-u, bizga juda yaxshi tanish bo‘lgan, Kievning «Dinamo» klubi tarixidan joy egallagan o‘zbekistonlik Maksim Shatskixni haligacha shirin xotiralar bilan esga olamiz. Uning futbolchilik faoliyati chindan ham ajoyib voqealarga, unutilmas muvaffaqiyat-u, o‘yinlarga boy bo‘lgan. Ayniqsa, Evropa Chempionlar ligasidagi o‘yinlari hali hamon yodimizda.
Garchi o‘zbekistonlik bo‘lsa-da, u biror marta o‘zimizning klublarda to‘p surmaganini ham bilsangiz kerak. Shatskix har doim biz uchun alohida mavzu bo‘lib kelgan. Ayniqsa, marhum futbol «dahosi» hisoblangan Valeriy Lobanovskiy qo‘l ostida to‘p surgani ham biz uchun faxrli edi.
Maksim Aleksandrovich o‘zini murabbiylikka bag‘ishlaganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. U bunga qadar «Dinamo» (Kiev)da Aleksandr Xatskevich boshchiligidagi murabbiylar shtabida ishlab kelayotgandi. Biroq klub Evropa Chempionlar ligasiga yo‘llanmani qo‘lga kirita olmaganidan so‘ng Xatskevich boshchiligidagi murabbiylar shtabi iste’foga chiqarildi.
Shu tariqa, Shatskix ham klubdan ketdi. Biz Maksim bilan doim suhbatlashishni istardik. Nihoyat, yaqinda ushbu istagimiz amalga oshdi. Shatskixga o‘zimizni O‘zbekistondan ekanligimizni tanishtirganimizdan so‘ng hamyurtimiz savollarni yuborishimizni aytdi, lekin o‘z o‘rnida shuni aytish mumkinki, o‘ta jiddiy va kamgap bo‘lgan Shatskix yuborgan savollarimizga asosan qisqa javoblari bilan cheklandi.
- Maksim, sizga O‘zbekistondan alangali salom. Oxirgi bor Toshkentga qachon kelganingizni eslay olasizmi?
- Oxirgi marta o‘zimning xayrlashuv uchrashuvimda kelgandim.
- Bilamiz, siz bunga qadar Kiev «Dinamo»sining murabbiylar shtabida ishlayotgandingiz va yaqinda u erdan ketishingizga to‘g‘ri kelgan. Ayni paytda qaerda yashapsiz va qanday ish bilan mashg‘ulsiz?
- Hozir biror-bir ish bilan mashg‘ul emasman. Dam olyapman. Yashash joyim esa doimgidek Kievda.
- O‘zbek futbolida o‘ziga yarasha obro‘ga egasiz. O‘zbek futbolini ham kuzatib boryapsizmi?
- Imkoniyatdan kelib chiqqan holda kuzatishga harakat qilaman. Ammo hamma narsani topishning iloji yo‘q. Albatta, ma’lumotlarni imkon qadar internetdan va do‘stlarim bilan gaplashgan paytlarimda ham bilib turaman.
- Yaqinda milliy terma jamoamizda bosh murabbiy o‘zgarib, Ektor Kuperning o‘rniga Vadim Abramov tayinlanganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Bu borada fikringiz qanday?
- Hammasini oliy hakam vaqt hamda qayd etiladigan natijalar ko‘rsatadi. Murabbiy uchun esa eng asosiy narsa – bu natijadir! Aynan o‘yinlarda yuz beradigan natijalar murabbiyning taqdirini belgilab beradi.
- Sizningcha, terma jamoamiz Qatar mezbonligida o‘tadigan jahon chempionatiga chiqa oladimi?
- Bu kabi savolning javobini saralash bosqichi oxirida olish mumkin xolos.
- Ehtimol, milliy futbolimizdagi muammolar ichkaridan qaraganda o‘zimizga yaxshi bilinmas. Lekin tashqaridan kuzatayotgan odam sifatida futbolimizdagi og‘riqli nuqtalar haqida nima deya olasiz?
- Muammoning asosiy sabablaridan biri chempionatda bir yoki ikkita jamoaning yaqqol ustunlik qilishida deb hisoblayman. O‘z navbatida bunday pallada yoshlarning o‘sishi qiyinlashib boradi. Birinchilikda kuchli raqobat bo‘lishi darkor.
- Murabbiy sifatida o‘zingizni milliy chempionatimizda sinab ko‘rgan bo‘larmidingiz?
- Agar mana shunday taklif bilan chiqishsa albatta o‘ylab ko‘raman.
- Umuman olganda, o‘zbek klublari tomonidan sizga taklif bo‘lmaganmi?
- Yo‘q, bo‘lmagan.
- O‘z vaqtida Kiev «Dinamo»sida juda yaxshi to‘p surgansiz. Ayniqsa, klub tarkibida Evrokuboklarda ishtirok etgan paytingizda O‘zbekistondan ekanligingiz uchun bundan faxr tuyg‘usini tuyardik. Afsuski, sizdan so‘ng «ikkinchi Shatskix» chiqmadi. To‘g‘ri, oxirgi paytlarda Eldor Shomurodov rus premer-ligasidagi o‘yinlari bilan barchamizda iliq taassurot qoldiryapti. Uning rus futboli elitasidagi natijalariga qiziqib turibsizmi?
- Bunday gaplarni xushomat sifatida qabul qilaman. Albatta, kuchli chempionatlar doirasidagi o‘yinlarni kuzatib boraman. Shomurodovning Rossiya chempionatida to‘p surayotgani juda yaxshi. Bunday imkoniyat bor ekan, futbolchi bor kuchi bilan o‘ynashi kerak. Ana shunda unda hammasi o‘xshaydi.
- Murabbiy sifatida yosh o‘yinchilarni kuzatib borsangiz kerak. Ist’edodli futbolchimiz Aziz G‘aniev haqida eshitishimizcha, uning «Nasaf»da qanday o‘ynayotganini kuzatgan ekansiz, shu rostmi?
- Ha, bu rost! U juda ham aqlli yigit. O‘ylaymanki, G‘anievda o‘zini boshqa kuchliroq chempionatda sinab ko‘rish payti keldi.
- O‘zbekistonda qolgan do‘stlaringiz bilan aloqani ushlab turibsizmi?
- Albatta, doim bir-birimiz bilan gaplashib turamiz.
- O‘zbekiston terma jamoasi safida o‘tkazgan o‘yinlaringiz orasida qaysinisi juda boshqacha chiqqan?
- Bunday yaxshi o‘yinlar juda ko‘p bo‘lgan. Nazarimda, shunday savol bilan ishqibozlarga murojaat qilish to‘g‘riroq bo‘lardi. Chunki biz futbolchilar aynan ular uchun o‘ynaganmiz…
- Shunga qaramay, milliy terma jamoamizdagi o‘yinlarning qaysi biri unutilmas darajada bo‘lgan?
- Terma jamoa ishtirokidagi o‘yinlarni juda yaxshi eslayman. Afsuski, jahon chempionati final bosqichiga yo‘l olish nasib etmagan. Ayniqsa, pley-offda Bahraynga qarshi kechgan o‘yin juda alamli bo‘lgan!
- Bugungi o‘zbek futbolining saviyasi qanday?
- Hozirda «Paxtakor» bilan boshqalarning tengma-teng raqobatlasha olmayotgani juda yomon. Futbolga katta mablag‘ ajratish bilan cheklanib qolmay, uni yaxshi o‘ynashga ham harakat qilish kerak. Axir bu sport. Sport esa – hayot demakdir.
- Afsonaviy murabbiy Valeriy Lobanovskiyning shogirdlaridan birisiz. U boshqargan «Dinamo»da qanday paydo bo‘lib qolganingizni tez-tez eslab turasizmi?
- Bo‘lmasam-chi! Mana shunday ajoyib murabbiy qo‘l ostida o‘ynash baxtiga ega bo‘lganimni umrimning oxirigacha unutmayman.
- «Dinamo»da sermahsul o‘yin ko‘rsatayotganingizda klubni Yuriy Syomin boshqarishga tushganida asosiy tarkibdagi o‘rningizni boy bergansiz. Nima deb o‘ylaysiz, aynan u faoliyatingizga salbiy ta’sir ko‘rsatganmi?
- Har bir murabbiyning futbol borasida o‘z qarashi, falfasasi bor. Bu uning qarori edi. Shunday ekan, biror narsadan afsuslanmayman.
- «Dinamo»da kiritilgan gollar soni bo‘yicha eng yaxshi natijalardan birini ko‘rsatgansiz. Tabiiyki, ko‘cha-kuyda yurgan paytingizda muxlislar «Ana, Maksim Shatskix ketyapti», deb qo‘llari bilan ko‘rsatishsa kerak…
- Albatta, tanishadi. Qolaversa, Ukrainada futbolni haddan ziyod yaxshi ko‘rishadi.
- Gol kiritgan paytingizda muvaffaqiyatingizni juda boshqacha – xuddi samolyot uchayotgandek nishonlashni yoqtirardingiz…
- Ha, gapingiz rost. Bunday pallalarda qo‘llarim bamisoli qanotlarga aylanardi.
- Bo‘sh paytingizda qanday ishlar bilan shug‘ullanyapsiz?
- Imkon qadar oilam davrasida bo‘lishga harakat qilaman. Qolaversa, baliq ovlashni yaxshi ko‘raman!
- Sizda futbolga aloqador bo‘lmagan biror-bir hunar yoki mutaxassislik bormi?
- Yo‘q, o‘zimni to‘laligicha futbolga baxshida qilganman!
- Oleg Shatskixni ham muxlislarimiz tez-tez esga olib turishadi. U faoliyatini sizdan ancha oldin yakunlagan. Akangiz haqida biror nima deya olasizmi?
- U anchadan beri Moskva viloyatida istiqomat qiladi. Olegda hammasi joyida.
- Oilangiz haqida ham biroz to‘xtalib o‘tsangiz. Farzdanlaringiz hozir qaerda va qanday ish bilan band?
- Katta qizim turmushga chiqqan va kuyovim bilan birga Mayyamida yashayapti. Kichik qizim o‘zimiz bilan birga. U Kievdagi xalqaro munosabatlar institutida tahsil olmoqda.
- Oxirgi paytlarda «Dinamo» nima sababdan chempionlar ligasining asosiy bosqichiga chiqa olmayapti?
- Demak, klub bunga tayyor emas. Hamma narsaning o‘z vaqti bor!
- Maksim, o‘zbek ishqibozlariga qanday tilaklaringiz bor?
- Milliy terma jamoani va yoqtirgan klubingizni har doim qo‘llab-quvvatlang va futbolni aynan o‘zinglar uchun o‘ylab topilgan o‘yin ekanligini aslo unutmang!
- Qachondir O‘zbekistonga butunlay qaytasizmi?
- Bu haqida oldindan bir narsa deya olmayman. Hammasini o‘z fursati bor.
- Tabiiyki, klublar o‘rtasidagi eng nufuzli turnir sanaladigan Evropa Chempionlar ligasini kuzatib borsangiz kerak. Sizningcha, joriy mavsumda qaysi klub yoki klublar asosiy favorit sanalishadi?
- Men «Manchester Siti», «Barselona» hamda PSJni g‘oliblik yo‘lidagi asosiy favoritlar deb hisoblayman.
- Kiev «Dinamo»sidan tashqari o‘zingiz o‘yinini sevib kuzatidagan yana bir klub ham bormi?
- Bor albatta. Bu «Barselona»dir.
- O‘z vaqtida Ronaludga qarshi o‘ynagansiz. Hozirgacha muxlislar orasida Ronaldu yoki Messidan qaysi biri kuchli ekanligi haqida tortishuvlar davom etadi. Sizningcha, ularning qaysi biri kuchliroq?
- Messi, albatta. U jahonning eng zo‘r futbolchisidir!!!
Fikrlar