"O‘zimizdagi yoshlar Derdiyokdan yaxshiroq, Sergeevni qaytarmoqchimiz, "Navbahor"ga Turg‘unboev pulini o‘tkazib beramiz yoki... - Ja’far Irismetov "Paxtakor"ning rejalari haqida

  • 26 may, 2021, 07:01
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 6
  • Futbol
CHERY AUTO

“Paxtakor”da qanday yangiliklar yuz berayotganini endi hamma bilsa kerak-a? Yaqinda klub Toshkent shahar hokimiyati tasarrufiga o‘tdi. Bu yilgi mavsumda jamoaning mavqei biroz pasayganligi haqida muxlislar orasida ko‘p eshitayotgandik.

Tecno

Ayniqsa, o‘tgan yilgi muvaffaqiyatli mavsumdan keyin bosh murabbiy Shota Arveladze va jamoa etakchilarining klubni tark etishi baribir o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmadi. Ularning o‘rni to‘liq to‘ldirilmadi. Natijada klub yana qandaydir o‘zgarishlarga extiyoji sezilgandek edi.

“Paxtakor” klubi sport direktori Ja’far Irismetov sports.uz uchun vaqt ajratdi. U klub va uning atrofidagi bir qator dolzarb masalalarga oydinlik kiritdi.

"Yangi rahbariyat bilan yangi marralarni zabt etamiz"

Dastlab, jamoada homiy o‘zgarganidan boshlasak. Yuqorida aytganimizdek, endi Toshkent shahar hokimiyati “Paxtakor”ga homiylik qiladi. Shuning uchun shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev jamoa a’zolari bilan uchrashdi. “Paxtakor” vakillarining ushbu uchrashuvdan kayfiyati ko‘tarildi. Irismetov Ortiqxo‘jaev bilan uchrashuv haqida gapirdi.

- Avvalo, oldingi rahbariyatimizga o‘z minnatdorligimizni bildirmoqchiman. Ularning boshchiligida “Paxtakor” ancha o‘sishga erishdi. Klubda katta ishlar amalga oshirildi. Endi hozirgi holatga kelsak, kuni kecha yangi rahbariyat futbolchilarimiz bilan uchrashdi. Toshkent shahar hokimi Jahongir aka Ortiqxo‘jaev bilan gaplashdik va bu uchrashuvdan juda xursand bo‘ldik. Yaxshi gaplarni aytdi. Oldingi rahbariyat tomonidan olib borilgan ishlar ularga ma’qul. Yana shu yo‘nalishda ishlash taklif qilindi. Ortiqxo‘jaev futbolchilarga ancha dalda berdi. Moddiy tomondan kamchilik bo‘lmasligini ham ta’kidlab o‘tdi. Kelajakda yangi rahbariyat bilan yangi cho‘qqilarni zabt etamiz. Ayniqsa, ikki yilda Osiyo Chempionlar ligasida munosib qatnashish uchun barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratib berishi haqida gapirdi. Jahongir aka boshchiligida “Paxtakor”ni cho‘qqiga ko‘tarish uchun harakat qilamiz. O‘z yo‘nalishimizda ishni davom ettiramiz, qolaversa, bu borada yangiliklarga ham qo‘l uramiz. Jahongir aka Ortiqxo‘jaev mahalliy o‘yinchilarimizga e’tiborni oshirib, terma jamoalarimiz uchun yanada ko‘proq iqtidorlarni etishtirishimiz muhimligini ham aytib o‘tdi. Bu yil Superliga va Kubokda muvaffaqiyatli qatnashib, kelasi mavsumga Chempionlar ligasi uchun yanada yaxshiroq jamoa shakllantirishni reja qildik.

jafar

"Bosh murabbiylikka Abduraimov nomzodi ham ko‘rib chiqilayotgandi"

Bir masala yodingizdan chiqmagan bo‘lsa kerak. Arveladze “Paxtakor”dan ketgach, uning o‘rnini kim egallashi ancha vaqtgacha so‘roq ostida qoldi. Natijada Shota Yustinovichning o‘rni bo‘sh turaverdi. Albatta, bir qator nomzodlar taxmin qilindi. Oxir-oqibat Piter Xyuistraga bosh murabbiylik lavozimi ishonib topshirildi. U Arveladezning o‘ng qo‘l yordamchisi edi. Lekin oxirgi paytlarda yana bir gap chiqdi: unga ko‘ra, “Paxtakor”ning yangi rahbariyati Arveladzeni yana qaytarish haqida o‘ylayotganini eshitdik.

- Shota Arveladze ketgan paytda klubga kim bosh murabbiy bo‘lishi masalasida ancha muhokamalar bo‘ldi, - deya ushbu mavzu bo‘yicha gapni davom ettirdi Ja’far Tursunboevich. - Avvaliga Jasur Abduraimovning nomzodi ko‘rib chiqilayotgandi. Oxir-oqibat Piter Xyuistraning nomzodida to‘xtaldi. U Arveladze bilan birga ishlagani bois uning g‘oyalarini yana davom ettirishi maqsadida ishonch bildirildi. Osiyo Chempionlar ligasidan keyin endi ko‘p narsa yangi rahbariyatga bog‘liq. Xorijlik murabbiylarni maosh masalasi va yana boshqa jihatlarini ko‘rib chiqishadi. Chunki maoshlar katta. Shota Arveladzega shaxsan Jahongir aka Ortiqxo‘jaevning o‘zi aloqaga chiqqan. Lekin Shota Yustinovich ayrim sabablarga ko‘ra “Paxtakor”ga kela olmasligini bildirgan. Boshqasi bilan kelishib qo‘yganmi, bilmadim, ularning o‘rtasidagi gaplardan to‘liq xabardor emasman. Lekin rostdan ham Arveladzega qo‘ng‘iroq bo‘lgan.

jafar1

"Futbolchilar faqat futbolni o‘ylashi kerak"

Xyuistra ham “Paxtakor” bosh murabbiyligiga shunchaki taklif qilinmagan. Unga katta ishonch bildirilgani aniq. Avvalo, Osiyo Chempionlar ligasida iloji boricha muvaffaqiyatli qatnashish vazifasi bor edi. Buning uchun avvalo guruhdan chiqish shart hisoblanardi. Ammo muvaffaqiyatsizlikning bir qancha sabablari borligini endilikda barchamiz bilamiz. Baribir natijaga yakunda bosh murabbiy javob beradi. Irismetov klubning OChLdagi ishtiroki haqida nima dedi?

- Osiyo Chempionlar ligasiga kelsak, nimaga muvaffaqiyatsiz? Yigitlar yomon o‘ynashmadi. Guruhda qolib ketishimizning ko‘p sabablari bor. Moliyaviy jihatdan vaziyat qiyinlashib qolgani uchun ko‘p futbolchilarimizni saqlab qola olmadik. Jaloliddin Masharipov, Doston Hamdamov, Odil Hamrobekov, Igor Sergeev va boshqalar ketdi. Ushbu to‘rtta o‘yinchining ketdi degani bu jamoaning deyarli 40 foiz futbolchisi tark etganini anglatadi. Albatta, jamoani kuchaytirish maqsadida yaxshi o‘yinchilarni jalb qildik. Yangi futbolchilarning “Paxtakor”ga moslashish jarayoni Chempionlar ligasi bahslariga to‘g‘ri kelib qoldi. Shuning uchun jamoamiz biroz oqsadi. Klubga kim homiy bo‘ladi, degan masalalar ham baribir jamoa a’zolariga xalaqit qildi. Futbolchi faqat futbolni o‘ylashi kerak. Ammo nazarimda, yigitlar baribir 20-30 foiz moliyaviy jihatlar haqida o‘ylashgan. Shu sababdan futbolga butun e’tiborini qaratishi joyida bo‘lmagan. Ko‘p gap-so‘zlar bo‘ldi. Ammo yozgan odamlar jamoani ichidan yaxshi bilmaydi. Yozganda asoslab berishi kerak. U nega ketdi, bunisi nima uchun keldi...bular jamoa ichidagi gaplar. Chetdan yozayotganda sal o‘ylab gapirish kerak. “Paxtakor”ni OChLda yaxshi qatnasha olmasligiga ko‘p sabablar bor. Bundan buyog‘iga barqarorlik bo‘lsa, yaxshi futbol ko‘rsatamiz, deb umid qilaman.

jafar3

"Hamrobekovni va’dasi bor, barchasi stol atrofida hal bo‘ladi"

Yaqinda sports.uz saytida “Shabab Al-Ahli”da to‘p surayotgan hamyurtimiz Odil Hamrobekovning yana “Paxtakor”ga qaytishi mumkinligi to‘g‘risida xabar berdik. Bu ham o‘quvchilarni qiziqtirib qo‘ygani rost. Ushbu masalaga oydinlik kiritish uchun ham Ja’far Irismetovdan aniq javob berishini so‘radik.

- Odil Hamrobekov erkin agent maqomida ketgan. Uning transferiga to‘xtalsam, moliyaviy muammolarimiz borligi sababli futbolchi bilan o‘zaro kelishgan holda uni qo‘yib yuborganmiz. O‘zi ham ketish istagini bildirgan. Ammo uni yana jamoamizga qaytib shartnomani ko‘rib chiqish bo‘yicha va’dasi bor. Hamrobekovni qaytib kelishiga ishonch bor. Ammo barchasi stol atrofida hal bo‘ladi. Odilni yana jamoamiz bilan birga bo‘ladi, degan umiddamiz.

"Derdiyok transferi o‘zini oqlamadi"

“Paxtakor”da legioner o‘yinchi – Eren Derdiyok ham alohida mavzuga aylanib qoldi. O‘tgan yili uni katta maqsadlar bilan taklif qilishgan. O‘ziga yarasha nomi bor, Evropa futbolini ko‘rgan va kuchli chempionatlarda to‘p surgan. Uning “Paxtakor”da o‘z so‘zini aytishini kutdik. Ammo bu hali ham ro‘y bergani yo‘q. Derdiyokning o‘yini borasida hamma ham yaxshi fikrda emas. Undan ko‘p narsa kutilgandi. Shveytsariyalik hujumchining transferi qanchalik o‘zini oqladi? Bu savolga klub sport direktori javob berdi.  

- Eren Derdiyok – ha, bu hammani qiynayotgan masala. To‘g‘risini aytsam, bu transfer o‘zini oqlamadi, deya hisoblayman. O‘zimizdagi iqtidorli yoshlarni Derdiyokdan yaxshiroq deb o‘ylayman. To‘g‘ri, oldin Eren yaxshi futbol o‘ynagan, natijalar ko‘rsatgan. Hech kimni tanqid qilmoqchi emasman. Biz ko‘p o‘yinchilarni olganmiz, lekin ularning orasida “Paxtakor”ga mos tushadigani yoki mos tushmaydigani bor. Balki bu Derdiyokning jamoasi emasdir. Bu bilan avvalgi rahbariyat va murabbiyni tanqid qilmayapman. Oddiy qilib aytganda, bu hujumchi jamoamizga moslashib keta olmadi.

jafar4

"Sergeevni qaytarishga urinib ko‘ramiz"

“Paxtakor”ning hozirgi holati va tarkibidan kelib chiqib, birinchi davradan keyin qandaydir o‘zgarishlar ro‘y berishini taxmin qilsa bo‘ladi. Qolaversa, yangi rahbariyat ham bu borada jamoani qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Irismetov klub tarkibida qanday o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida gapirdi.

- Birinchi davradan keyin ro‘y berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarga kelsak, global yangiliklar bo‘lmaydi. Jamoada 20-21 nafar futbolchi bor. Hech kimni qo‘yib yuborish imkoniyati ham yo‘q. Ko‘p jamoalar futbolchilarimizni o‘z saflariga jalb qilishmoqchi. Yoshlarimizni boshqa klublarga berib yuborishimiz qiyin. Men sport direktoriman va o‘z ishim bo‘yicha javob bersam, aslida yoshlarimizni o‘sishi uchun boshqa jamoalarga qo‘yib yuborishimiz lozim. Lekin boshqa tomondan qaraganda, bosh murabbiyimizni ham to‘g‘ri tushunaman. O‘yin va mashg‘ulotlar chog‘ida qiynalib qolishi mumkin. O‘rinbosarlarimizdagi futbolchilar hali ancha yosh. Ularga asosiy jamoaga o‘tish uchun yana bir yil bor. Kimnidir olmasdan turib, kimnidir ijaraga bera olmaymiz. Albatta, birinchi davradan keyin bir-ikkita selektsiya bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, yaxshi hujumchiga muhtojmiz. Iloji bo‘lsa, Igor Sergeevni qaytarish bo‘yicha gaplashmoqchimiz. Uni boshida o‘zimizda saqlab qolish uchun rosa harakat qildik. Igorga rahmat, u oxirigacha boshqa jamoalar bilan gaplashmasdan bizni kutib turdi. O‘sha paytda moliyaviy qiyinchilik sababli Sergeev bilan shartnoma imzolay olmadik. Bu hujumchini yana jamoamizga qaytib o‘zimizda to‘p surishini juda xohlardik. O‘zbekiston chempionati va Kubogida g‘olib chiqish uchun tarkibni kuchaytiramiz. Hozirgi jamoamiz ham chakki emas. Biroq yana bir-ikkita yaxshi o‘yinchilarga extiyojimiz bor. Kelasi yilgi Osiyo Chempionlar ligasi uchun jiddiy kuchayishni amalga oshirmoqchimiz. Rahbariyat qo‘llab-quvvatlasa hammasi yaxshi bo‘ladi. OChLda munosib ishtirok etmoqchimiz. O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘taramiz, vazifa ham shunga yarasha bo‘ladi.

"Masharipovni 1,5 million AQSh dollariga sotganimiz rost"

Mavsum boshida “Paxtakor”dan Saudiya Arabistonining “Al-Nassr” jamoasiga transfer qilingan Jaloliddin Masharipov masalasi ham e’tiborimizda bo‘lib turibdi. Chunki uni saudiyaliklar sotib olganiga qaramay, BAAning “Shabab Al-Ahli” jamoasiga ijaraga berilgandi. Biroq “Al-Nassr” “Paxtakor”ga Masharipov bo‘yicha kelishilgan pulni to‘laganmi yoki to‘lamaganligi hammani qiziqtirayotgandi. Bu masalaga Irismetov oydinlik kiritdi.

- Jaloliddinni transferiga kelsak, uni bir yarim million AQSh dollariga sotganimiz rost. “Al-Nassr”da moliyaviy muammolar bo‘lgani uchun vaqtida pulni to‘lab bera olmadilar. Shuning evaziga biz ham ko‘p futbolchilarimiz bilan hisob-kitob ishlarini amalga oshira olmadik. Hozirgi kunga kelib “Al-Nassr” bizga deyarli 95 foiz pulni o‘tkazib berdi. Asta-sekin o‘yinchilarimizdan bo‘lgan qarzdorliklardan qutulyapmiz.

"Turg‘unboevni katta umidlar bilan olgandik"

Darvoqe, Aziz Turg‘unboev bo‘yicha ham gap-so‘zlar avj oldi. Yaqinda “Navbahor” prezidenti Otabek Samatov kaminaga bergan intervyusida “Paxtakor” ushbu o‘yinchining transfer pulini vaqtida to‘lamaganligi haqida aytgandi. Shu bois ikkinchi tomonni eshitish uchun ham Ja’far Irismetovga Turg‘unboev ishi bo‘yicha so‘raganimizda shunday javob berdi:

- Turg‘unboev masalasida “Navbahor” bilan ham hisob-kitob qilamiz, mablag‘ bor. Klub prezidenti Otabek Samatov bilan gaplashyapmiz. Azizni qaytarib olish masalasi o‘rtaga chiqyapti. Chunki biz hali Turg‘unboevning pulini o‘tkazib bermaganmiz. Agar ular bilan kelishsak, pulni o‘tkazib beramiz yoki bo‘lmasa futbolchining xohishiga ham qarab masalani oydinlashtirib olamiz. Aziz Turg‘unboevni katta umidlar bilan olgandik. Yomon futbolchi emas. O‘zbekiston miqyosida uni kuchli vingerlardan biri deb hisoblayman. U “Paxtakor”ga kelganida murabbiy ishonch bildirdi va deyarli barcha uchrashuvlarda maydonga tushirdi. Oxirgi o‘yinlarda esa maydonga kamroq tushyapti. Buning sababini murabbiy biladi. Futbolchining keyingi rejasi bo‘yicha o‘zi bilan ham, “Navbahor” bilan ham yana gaplashamiz. Masalani ijobiy hal qilishga harakat qilamiz. Uning transfer pulini vaqtida to‘lab bermaganimiz asosan o‘sha moliyaviy qiyinchiliklar bilan bog‘liq edi. Shu paytgacha hech kimdan qarzdorligimiz bo‘lmagan. Lekin o‘sha paytga kelib Turg‘unboev transferi bo‘yicha qarz bo‘lib qoldik. Vaziyatni namanganlik rahbarlarga tushuntirishga harakat qildik. Hammani o‘ziga yarasha muammolari bor. Barcha bir-birini tushunadi, degan umiddaman. Biz O‘zbekistonda boshqa jamoalar bilan maydonda raqib bo‘lamiz. Ammo maydondan tashqarida hammamiz ahil va inoq bo‘lishimiz lozim. Bilib turibmiz, “Paxtakor” Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynaganida jamoamizga nisbatan salbiy fikrlar bildirildi. Vaholanki, barchamiz O‘zbekiston uchun harakat qilyapmiz. Agar ertaga OChLda yaxshi qatnashib ko‘proq ochko yig‘sak, bundan namanganliklar ham yoki boshqalar ham xursand bo‘lishadi. Chunki yana qo‘shimcha o‘rinlar ajratiladi. Ayniqsa, biz rahbarlar maydondan tashqarida bir-birimizni to‘g‘ri tushungan holda qo‘llashimiz kerak deb hisoblayman. Hammaning oliy maqsadi terma jamoaga munosib futbolchilarni etkazish. Hamma bitta maqsad uchun ishlaydi. Bunday paytda biz birlashishimiz darkor. Ammo maydondan tashqarida ham bir-birimizni oyog‘imizdan chalib yursak, unda futbolimiz o‘smaydi.

"Rashidovning maoshi u qadar katta emas"

Ko‘pchilikni yana bir savol qiziqtiradi: “Paxtakor”da eng ko‘p maoshni kim olyapti? Masalan, Sardor Rashidov Qatarda o‘ziga yarasha summa evaziga to‘p surgan va uning narxi salmoqli. Ko‘pchilik uni arzon narxga kelmaslini aytishmoqda.

- Sardor Rashidov bilan o‘zaro kelishgan holda oylik maoshini me’yorida qilib berganmiz. Uning maoshi juda katta emas. Rashidovni yana Chempionlar ligasida va terma jamoada to‘p surish niyati bor edi. To‘g‘risi, oylik maosh masalasi hamma uchun qiziq. Bu Evropa emas, O‘zbekiston. Lekin rostini aytsam, bizda eng katta maoshni Derdiyok oladi. Menimcha, buni hamma biladi. Ba’zilar “Paxtakor” mazza qildi, klubdagilar millioner bo‘lib ketdi, qabilida yozishyapti. Lekin hammasi qilgan mehnatiga yarasha deb o‘ylayman. Mehnat qilgan inson uchun albatta ish haqi to‘lash kerak. Har bir odamni oilasi bor. Hech kimga “Paxtakor”ni hurmat qilishing va bu erda tekinga ishlagin deb ayta olmaymiz-ku. Shuning uchun har biri o‘z mehnatiga yarasha haq olishi kerak. Oxirgi paytlarda tanqidlar ko‘payib ketdi.

jafar5

"Sobirxo‘jaev chetdan yaxshi taklif bo‘lganida ham "Paxtakor"ga yordam berishni xohladi"

Yana bir gap: “Paxtakor” tarkibida iqtidorli yigitlar talaygina va ularga chetdan ham qulay takliflar bo‘layotgani haqida eshitib turibmiz. Irismetov ushbu masalaga ham oydinlik kiritdi.

- Hozirgi kunga kelib “Paxtakor” futbolchilariga takliflar bor, yo‘q emas. Bilasiz, rahbariyat o‘zgargan. Oldimizga jiddiy vazifalar qo‘yilyapti. Xorijga ketadigan o‘yinchilarimiz bilan yana bir marta o‘tirib gaplashamiz va ularni olib qolishga harakat qilamiz. Xorij bilan raqobatlashishimiz qiyin. Albatta, bu erda to‘lamasak ertaga ketadi-da. Masalan, Masharipovni “Paxtakor”da qanday qilib ushlab qolish mumkin edi? Shartnomasi tugashiga bir yil qolayotgandi va bizga uni sotib yuborish qulayroq edi. Ha, o‘yin tomonlama qarasak, Masharipovdek futbolchi topish qiyin. Chetdan olib kelganimizda ham bizda bunday saviyada o‘ynaydimi-yo‘qmi, bilmaymiz. Klubning moliyaviy imkoniyatidan kelib chiqib transfer ishlari qilinadi. Hozirgi kunda biz misol uchun futbolchiga yuz million so‘m taklif qilyapmiz, boshqa Osiyo klublari esa unga 400-500 million beramiz deyishyapti. Endi qarang, bunday paytda ular bilan qanday raqobatlashish mumkin? O‘yinchini qanday qilib saqlab qolamiz? Bizni tanqid qilayotganlarni tushunmayman. Avval bir gapni gapirishdan oldin yaxshilab o‘ylash kerak. Har bir futbolchining maydondagi umri qisqa. O‘zim ham futbol o‘ynaganimda O‘zbekiston uchun tekinga ham, pul to‘lamasa ham o‘ynayverardim. Ammo hammamizni ham bola-chaqamiz bor. Men ham legioner bo‘lib, chetda to‘p surganman. Ertaga futbolni tugatgach, nima qilsin? Biz futboldan keyin ham shu sohada qoldik. Lekin faoliyatini yakunlagach, futbolda ishlamayotganlar qancha? Ularning ko‘plarini hozir qanday holatdaligini bilaman. Kimdir unga sen o‘z paytida “Neftchi” yoki “Nasaf”da patriot bo‘lgansan deb nimadir beryaptimi? Kerak bo‘lsa, ularga terma jamoamiz o‘yini uchun bitta chipta ham bera olmaymiz. Terma jamoada mehnati singan sobiq futbolchilarga oddiy chipta berish ham muammoga aylanadi. “Nasaf” yoki boshqa klubdan chiqqan futbolchi nima uchun doim o‘sha jamoada o‘ynashi kerak?! Agar unga Qatar yoki boshqa chempionatdan zo‘r taklif tushsa, qolavermaydi-ku. Hamma ham yaxshi yashagisi keladi, bolalarining kelajagini o‘ylaydi. Patriot faqat bir tomonlama bo‘lmaydi, avvalo yaxshi sharoit yaratib qo‘yish kerak. Bitta jamoada uzoq vaqt o‘ynagan futbolchini ertaga hech kim xolidan xabar olmaydi. Biz ham ko‘p o‘yinchilarni bu yil saqlab qoldik ham. Misol uchun Sardor Sobirxo‘jaev xorijdan yaxshi taklif tushganida ham “Paxtakor”ga yordam berishga rozi bo‘lgan. Bunday futbolchilarimiz ko‘p. Yigitlarimizga rahmat, qiyin paytda ham qolib o‘ynashdi. To‘rt oy mablag‘ bo‘lmadi, qiynaldik. O‘shanda ham futbolchilar ketmadilar. Mana shu patriot hisoblanadi. Takliflar esa doim bo‘ladi, axir yaxshi o‘ynayotgan o‘yinchiga hamisha chaqiruvlar mavjud. Ammo hozirdan bir nima deya olmayman. Iloji boricha “Paxtakor”dagi futbolchilarni saqlab qolmoqchimiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
PAXTAVAR
26/05/2021 10:38
Хамма пахтакорни уйинчиларини жамоага содик, ватан учун уйнайди халк жамоаси бу деб гапирардику. шуми жамоага содиклик. 4ой ойлик бермаса етиб кебсанларку харомхумкорлар. менга деса комангданг йук бб кетсаям майли. узларинга кушиб луттивоз диёрниям, ишонган тогларинг судяларниям обкетларинг. ОЧЛ га ва хатто узбекистон термасида пахтаойни уйинчилари уйнаганда хам сенларга мухлислик килмайман. баттар бул йиглоки жафар
TV TV
26/05/2021 08:51
Бизда хозирги вактда жуда куплаб футболчилар факат ва факат пул учун юрибди футболда.
Abbos Axmedov
26/05/2021 10:49
Фудболчини фаоляти жуда калта қисқа бўлади шунга уларам хар хил бўлади. Ўзингиздан хийос қилинг мақсадингизга мужалингизга йетиш учун пули купро ишда ишлайсизми иши қийинми осонми иш танламай. Ман шундайн фараз қиламан
&
PAXTAVAR
26/05/2021 11:07
доим бошка клубларни хокимбувани командаси, бюджетни пулини еб ётибти.... вахаказолар деб маккиллардиларинг. кунинг кимга колдийкин сенларни. энди курамиз. пулинг йук булса нима киласан уйинчи сотволиб, йиглокилар
&
Shaymardonov Nurbek Nasimovich
26/05/2021 15:45
Jafar uzi ham keyin. qayta qayta uqib kursin. va keyin uzini fikri uziga tugri kelmaslegini his qiladi. nima emish uyin keyin klub rahbarlari bir berini qullap quvvatlarmish. Aqli vaqtiga kestanga pul kergan vaqt kutar kutar qilmasdan raqib jamoa uyinchilari miyasini buzmasdan uzingni uyinchilaring bilan kuchli klub qilgun edi. aynan Cheran yuruvdi qanoat qilib Nasafni oyligiga bariber. unga boshqa klub katta maosh bermasdi. yoki boshqalari ham. Pahtakor kutar kutar qilmay. yosh istidodli uyinchilarni yigib. Nasafday klub qilgun edi. qara Nasaf har japhaga sanladan ustun. Uzlaring kutar kutar qilib uyinchilarni miyasini buzding. bugunli kunga eslap qoldingmi. endi Uzbek fudboli unoqa bunoqa. qerga eding. qushning qorni och vaqti. tepalap utib ketarding. sudiya bilan bergalikka. Oddiy misol. Nasafka qarshi qancha sudiya rasvo qiluvdi. qisqasi. biza emas. kerak bulsa. shu klubni ichiga yurganla ham biladi. aslida qanday klublegini.
Baxil Alihuja
26/05/2021 15:06
Пахтакорни муаммоси бу кариб колган Дердийок ёки оёги кийшик Сергеев эмас! Муаммо менеджер ва рахбарларда! Харажатларда шаффофлик йук! Жаъфарни узи тан олибди, мос булмаган уйинчиларга куп пул туланиши ва малакасиз тренер(Хуйистра) га ортикча туланишини... Аслида бизларни тренерлар хам хориж тренерларидан кам эмас, факат менежер ва ташкилотчилар хорижликлардан колади, холос! Тугри ташкилотчи билан, яхши уйинчи олиш ва тайёрлаш хам мумкин! Латта Сергеевни умуман кераги йук! Ёш уйинчиларни хам узига ухшаган кийшик оёк килади-де? Дарвозани пойламасликни ургатади-ми? Ёш уйинчини урнини эгаллаб утиргани колади, холос! Унинг урнига ёш уйинчиларга эътибор берларинг! Жаъфар, нима узинг ёш булмаганмисан? Спартакдан худди шундай сергеевга ухшаган тормоз туфайли кайтиб келгандинг-ку? Ёшларга урнак бул, уларга отадек, акадек бул! Кулингдан келмайди-ми? Булмаса, жойингни бушат! Эпломасанг, нима киласан, бошкаларга агдариб?