
"O‘zim va 90 foiz futbolchilar ilk turda "Lokomotiv"ni xohladik, o‘yin uslubimizni tanlaganmiz, bu "avtobus" qo‘yish emas" - pro ligada debyut qilayotgan murabbiy
Pro ligada debyutini o‘tkazadigan “Andijon-SGS” jamoasi ilk turni Toshkentning “Lokomotiv” klubiga qarshi o‘tkazadi. Uchrashuv bugun Yaypandagi “O‘zbekiston” stadionida bo‘lib o‘tadi.
O‘tgan yili birinchi ligada ishtirok etgan “Andijon-SGS” endi joriy mavsum juda muhim va ahamiyatlidir. Jamoa bosh murabbiyi Shoxruh Ishanov chempionat oldidan Sports.uz saytiga intervyu berdi.
- Pro ligada nafaqat “Andijon-SGS” balki siz ham murabbiy sifatida debyutingizni o‘tkazasiz. Ushbu debyut oldidan hayajon sezilyaptimi? Nimani o‘ylayapsiz?
- Hayajon yo‘q. Bu yigitlar bilan 8 yildan beri birgamiz. Shuning uchun futbolchilarda ham, menda ham hayajon yo‘q. O‘tgan yili birinchi ligani yaxshi tarzda o‘tkazdik. Debyutimizga keladigan bo‘lsak, bu pro liga etakchilaridan biri “Lokomotiv”ga qarshi bo‘ladi. Lekin biz ham maydonga yaxshi natija ko‘rsatish, yaxshi o‘yin namoyish qilish va muxlislarni xursand qilish uchun tushamiz. Aynan mana shunday pro liga, Superligada ishtirok etishni 7-8 yildan beri maqsad qilib keldik. Xudo nasib qildi. Endi qo‘rqmasdan yana oldinga qadam bosamiz.
- Qur’ada “Lokomotiv” raqib bo‘lganini bilganingizda avvalo nimani o‘yladingiz? Yoki boshqa raqibni kutganmidingiz?
- Antaliyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inimizni o‘tkazayotgan chog‘imizda qur’a tashlash jarayoni bo‘lib o‘tdi. Bir kun oldin yigitlarga ilk turda kimni ko‘rmoqchiligi haqida yozishlarini aytgandim. Birinchi navbatda o‘zim “Lokomotiv”ga tushishni xohladim, buni berkitmayman, ochiq-oydin ayta olaman. Qur’a tashlanganidan keyin futbolchilarni yozib chiqqanlarini ko‘rsak 90 foiz yigitlar “Lokomotiv”ni yozishgan ekan. Demak, aksariyati pro ligadagi debyut o‘yinda “Lokomotiv”ga qarshi o‘ynashni xohlashgan.
- “Lokomotiv” Superligaga qaytish uchun asosiy da’vogar. Tarkibi ham shunga yarasha kuchli. “Andijon-SGS” esa debyutant va tarkibi yosh. Kuchli raqibni qanday yutmoqchisiz? Qanday rejangiz bor?
- Albatta, hamma murabbiyda kuchlilarga va kuchsizlarga qarshi rejasi bo‘ladi. Biz ham o‘zimizga yarasha taktikani, o‘yin uslubini tanlaganmiz. Bu himoyaviy yoki "avtobus" qo‘yishdan iborat emas. O‘zimizni uslubimiz – hujumkor o‘yinni qo‘llaymiz. Qo‘rqmaymiz. Futbolchilar o‘zlari o‘ynaydi, hech qanaqa bosim yo‘q. Masalan, ayrim klublar bor 5-4-1 yoki 5-3-2 o‘ynashadi. Hammasini, o‘z uslubimizda davom ettiramiz.
- Pro ligadagi deyarli barcha klublar tarkiblariga yangi futbolchilarni qo‘shib olishgan. Ammo siz asosan mahalliy o‘yinchilar bilan jamoa negizini saqlab qoldingiz va yangi nomlarni ko‘rmadik. Bunga sabab nima?
- O‘zimizni yoshlarni o‘ynataylik. 24-25 yoshda emas, 17-18 yoshda porlab chiqishsin, pro ligada, Superligada o‘zlarini ko‘rsatishsin. Ularni tarbiyalash niyatidamiz.
- Pro ligada qanday vazifa qo‘yilgan?
- Rahbariyat tomonidan vazifa qo‘yilgani yo‘q. Lekin albatta avvalambor maqsadimiz pro ligada o‘z o‘rnimizni saqlab qolish. Chunki rahbarimiz va’da berdiki, kelasi yili akademiyamizdagi 2006-2007 yillardagi o‘yinchilarimiz birinchi ligada o‘ynaydilar. Buning uchun jamoamizni pro ligada saqlab qolishimiz kerak. Bor kuchimizni berib, shijoat va o‘yin uslubimiz bilan harakat qilamiz. Xudo omadimizni bersin.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar