
O‘zbekistonlik yoshlar o‘rtasida WBC chempionining navbatdagi jangi 3 raund davom etdi
Kecha, Rossiyaning Qozon shahrida mashhur sobiq bokschimiz Ruslan Chagaevning M-13 promouterlik kompaniyasi tomonidan o‘ziga xos professional boks oqshomi tashkil etildi. Mazkur jang kechasida hamyurtimiz, Zufar Sulaymonov shogirdi, yoshlar o‘rtasida WBC jahon chempionlik kamari sohibi Ravshanbek Mahammadjonov ham 8 raundlik reyting jangida ringga ko‘tarildi.
U asli o‘zbekistonlik bir necha yillardan buyon Rossiyada faoliyat yuritib, o‘sha erda mashg‘ulotlar olib borayotgan G‘iyosbek Mamajonov bilan bahs yuritdi. Aslida, Ravshanbek Rossiya vakili Roman Klemashovga qarshi jang qilishi kerak edi. Biroq, jarohat tufayli u qisqa vaqt qolganda jangda ishtirok eta olmasligini bildirdi. Shuning uchun uning o‘rni G‘iyosbek Mamajonov bilan to‘ldirildi.
Mazkur to‘qnashuv 3 raund davom etdi. O‘tgan raundlarda katta ustunlikka erishgan Mahammadjonov raqibini qiyin holatga tushirib qo‘ydi. Natijada, Mamajonov jamoasi to‘rtinchi raundga chiqishni istamadi. Shunday qilib, Ravshanbek Mahammadjonov navbatdagi jangida texnik nokaut bilan g‘alabaga erishdi.
Ushbu g‘alaba bilan bokschimiz va uning murabbiyini muborakbod etamiz!
Fikrlar