O‘zbekistonlik sportchilarni koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilmoqda

  • 9 fevral, 2021, 09:49
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Olimpizm
CHERY AUTO

Hozirda dunyoning bir qator mamlakatlarida ko‘plab ijtimoiy qatlam qatori sportchilarni ham koronavirusga qarshi emlash ishlari olib borilmoqda. Shu o‘rinda o‘zbek sporti mutasaddilari, muxlislari, shuningdek, terma jamoamiz vakillarida ham atletlarimizni emlash masalasi bo‘yicha savollar paydo bo‘lmoqda. Bugun shu va boshqa bir qator masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan MOQ Ijroiya qo‘mitasi byurosining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Bosh kotib Oybek Kasimov, rais o‘rinbosarlari Saken Polatov, Azizjon Kamilov, Sherzod Tashmatov, Qo‘mita qoshidagi Respublikasi sport tibbiyoti ilmiy amaliy markazi direktori Abdushukur Sadikov, shuningdek MOQ va tibbiyot markazining boshqa mutasaddilari ishtirok etishdi.

Tecno

Byuro yig‘ilishining asosiy mavzusi sportchilarimizni koronavirusga qarshi emlash bo‘ldi. Uchrashuvda MOQ raisi ishtirokchilar, ayniqsa, tibbiyot sohasi mutasaddilarining fikrlarini o‘rgandi.

Bu borada jahonda keng qo‘llanilayotgan vaktsinalar haqida mulohazalar olib borildi. Ishtirokchilarning deyarli barchasi, xususan, tibbiyot mutasaddilari bunga javoban xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda sportchilarimizni emlash tarafdori ekanliklarini bildirishdi. Faqat buning uchun qaysi vaktsinani qo‘llash, uning ta’sirlarini o‘rganish kabi jihatlarni e’tiborga olish zarurligi ta’kidlandi.

“Barcha jihatlarni chuqur tahlil qilgan holda sportchilarimizni emlashimiz kerak. Biroq bunda hukumatimiz, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan maslahatlashib olishimiz lozim. Juda nozik vaziyatdamiz. Sportchilarimizni emlamasdan ularni musobaqalarga chiqarish katta tavakkal bo‘lib qoldi”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.

Mazkur mavzu yuzasidan RSTIAM mutasaddilariga federatsiya va assotsiatsiyalar rahbariyati, shifokorlari, murabbiylar bilan sportchilarni emlashga kimlar rozi ekanligini, bu borada Vazirlik mutasaddilarining fikrini o‘rganish bo‘yicha topshiriq berildi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!