O‘zbekistonlik hakam totalizatorga pul tikish orqali moddiy manfaatdor bo‘lib kelgan

  • 24 dekabr, 2022, 11:46
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Etika qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida bir qator masalalar ko‘rib chiqildi. Jumladan, O‘zbekiston Superligasi, Pro liga va Birinchi liganing bir qancha uchrashuvlarida bosh hakam sifatida ishlagan E.Tursunov o‘zining tanishi fuqaro R.Saxobutdinov orqali xorijiy bukmeykerlik tashkilotlari vakillari bilan o‘zaro til biriktirgan holda o‘yinlarning natijasiga ta’sir o‘tkazish va totalizatorga pul tikish orqali moddiy manfaatdor bo‘lib kelgan.

Tecno

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Etika qo‘mitasi E.Tursunovni Intizom kodeksining 5.60-bandi bilan aybdor deb topdi va unga nisbatan futbol bilan bog‘liq faoliyatning barcha turidan umrbod chetlatish jazosi tayinlandi. Fuqaro R.Saxobutdinov ham Intizom kodeksining ushbu bandi bilan aybdor deb topilib, o‘rganish ishlariga yordam berganligi va boshqa engillashtiruvchi holatlar inobatga olinib, unga nisbatan futbol bilan bog‘liq faoliyatning barcha turidan 2 yil muddatga chetlatilish jazosi belgilandi.

Shuningdek, bir qator futbolchilar kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etganlikda gumon qilinayotganligi holati yuzasidan “Mash’al” PFK tomonidan yuborilgan murojaatni o‘rganish natijasida quyidagilar aniqlandi.

Xususan, futbolchilar S.Raxmatullaev va N.Pavlenkolar xorijiy bukmeykerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilot vakillari bilan hamkorlik qilib, kelishilgan o‘yinlarda qatnashishga harakat qilganligi aniqlandi. Ushbu futbolchilar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Etika qo‘mitasi tomonidan Intizom kodeksining 5.52, 5.53, 5.60-bandlariga asosan aybdor deb topilib, ularga nisbatan futbol bilan bog‘liq faoliyatning barcha turidan 1 yil muddatga chetlatish hamda jarima intizom jazosi tayinlangan.

Shu bilan birga, “Mash’al” PFK futbolchilari R.Yagudin va D.To‘xtaboevlar O‘FA Intizom kodeksining 5.53-bandiga muvofiq “Futbol butunligini (yaxlitligini) himoya qilish to‘g‘risidagi Deklaratsiya” bandlarini bajarmagani, ya’ni sport me’yoriy hujjatlariga zid bo‘lgan har qanday urinish yoki boshqa noqonuniy xatti-harakatlar to‘g‘risida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining Futbol faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha maxsus inspektsiyasini o‘z vaqtida xabardor qilmagani uchun aybdor deb topilib, har biriga jarima jazosi tayinlandi.

Bundan tashqari, 2010-yilda (U-12) tug‘ilgan tarbiyalanuvchilar o‘rtasida “Professional futbol maktablari ligasi” O‘zbekiston kubogi doirasidagi Toshkent viloyati FMM — Xorazm viloyati FMM o‘rtasidagi uchrashuvni boshqargan hakamlar M.Orzidinov, G.Bobomurodov va M. Begalievlarga o‘yinni “to‘g‘ri” boshqarishlari uchun “Xorazm” PFKning yordamchi murabbiyi M.Abdullaev tomonidan 3 mln. so‘m miqdorida pul mablag‘lari berilgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Etika qo‘mitasi tomonidan bosh hakam M.Orzidinovga 2 yil muddatga, hakamlar G.Bobomurodov va M. Begalievlarga 1 yil muddatga, “Xorazm” PFKning yordamchi murabbiyi M.Abdullaevga esa 1 yil muddatga futbol bilan bog‘liq faoliyatning barcha turidan chetlatish intizom jazolari tayinlandi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi kelishilgan o‘yinlarni aniqlash bo‘yicha OFK, “Sportradar” va boshqa tegishli tashkilotlar bilan bilan muntazam ravishda hamkorlik qilib kelayotganligini ma’lum qiladi. O‘z navbatida, kelgusida aniqlanadigan holatlar yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantiradi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Хакимов Авазбек
24/12/2022 12:16
Ии шу хам жазоми ? Кани камок кани мусодара ?