"O‘zbekiston uchun o‘ynadik, Jasur Hasanov yana 3-4 yil to‘p suradi, qahramonlik haqida gapirishga erta" - Javohir Qahramonov "So‘g‘diyona"ning OFK Kubogidagi zafarli yurishi haqida

  • 18 avgust, 2022, 00:08
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“So‘g‘diyona” klubi barchamizni xursand qilgan holda OFK Kubogidagi debyutida yurishini muvaffaqiyatli davom ettiryapti. Markaziy mintaqa finalida safarda Tojikistonning “Xo‘jand” jamoasiga qarshi maydonga tushib mezbon jamoa darvozasiga javobsiz 4 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

Tecno

Natijada keyingi bosqich masalasini ijobiy hal qildi. “Xo‘jand” darvozasiga gol urib jamoasining g‘alabasiga hissa qo‘shgan Javohir Qahramonov uchrashuvdan keyin Sports.uz sayti uchun taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Javohir, avvalo “So‘g‘diyona”ni yirik g‘alaba bilan tabriklayman. O‘yin to‘g‘risida bizga nimalarni ayta olasiz?

- Tabrik uchun rahmat. Uchrashuvga to‘xtalsam, biz bunga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandik. Lekin bizga ham qiyin bo‘ldi. Chunki soat 15:30 da o‘yin boshlandi, bu paytda ancha issiq edi. Xudoga shukr, hammasi yaxshi bo‘ldi. Qo‘limizdan kelganicha muxlislarimizni xursand qildik.

- “Xo‘jand” ham yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandi. Biroq “So‘g‘diyona” kuchini ko‘rsatib, javobsiz 4 ta gol ura oldi. O‘yinda mana shunday yirik hisob bo‘lishini kutganmidingiz?

- Hozir aytganimdek, biz yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Xudoga shukrki, shunga yarasha g‘alaba qozondik. Bundan ham ko‘proq gol ursak bo‘lardi. Issiqda to‘p surish oson emas. Omad ham jamoamiz tarafida bo‘ldi. Butun O‘zbekiston uchun o‘ynadik. G‘alaba qozonishga erishdik, ishqibozlarimizga ham rahmat aytaman.

javoxir2

- “So‘g‘diyona” maqsadiga bosqichma-bosqich erishyapti. Keyingi raqib haqida nima degan bo‘lardingiz?

- Muhimi, yutib oldik. Oldimizda O‘zbekiston Kubogi o‘yini turibdi. Undan keyin chempionat bahslari. Bor e’tiborimizni oldimizda turgan bo‘lajak o‘yinlarga qaratamiz. Keyin 6 sentyabr kuni Gonkong klubiga qarshi bo‘ladigan muhim uchrashuvga tayyorgarlikni boshlaymiz. Hozir birinchi navbatda O‘zbekiston Kubogi o‘yiniga e’tiborimizni qaratamiz. Har bir o‘yinimizda g‘alaba qozonish maqsadimiz.

- Bosh murabbiy Ulug‘bek Baqoevning sizlarga ko‘rsatmasi qanday edi va o‘yindan keyin nimalarni aytdi?

- Murabbiy tezroq gol ursak, o‘zimizga yaxshi bo‘ladi, shu bois boshidagi vaziyatlardan foydalanib olish muhim, aks holda qiyin bo‘lib qoladi. Tezkor gol ursak, ishimiz osonlashadi, degan gaplarni aytdi. Shunga yarasha tezkor gol urdik va g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldik.

- Jasur Hasanov 39 yoshida ham barchani qoyil qoldiryapti. “Xo‘jand” darvozasiga gol ham urdi. Undan ko‘p narsani o‘rganyapsizlarmi?

- O‘tgan safargi intervyuimda ham aytgandim, Jasur aka juda yaxshi futbolchi. Bu ketishda davom etsa, yana 3-4 yil bemalol o‘ynaydi. Bizni jamoamizda ekanidan xursandmiz va boriga shukr. Hammasi yaxshi. Shunaqa tempda ketsa, hali o‘ynashda davom etaveradi. O‘yinlarini va gollarini o‘zingiz ham ko‘ryapsiz. Qolaversa, gollarga pas beryapti, bir-ikkita raqibini ko‘rmasdan aldab o‘tyapti.

- Nima deb o‘ylaysiz, 4:0 hisobidagi yirik g‘alabadan keyin “So‘g‘diyona” kichik qahramonlik ko‘rsatdimi yoki...

- 4:0 dan keyin qahramonlik haqida gapirishga hali erta. Oldimizda o‘yinlar ko‘p. Hammasini hal qilganimizdan keyin qahramonlik haqida gapirsak bo‘ladi. Oxirigacha harakat qilamiz va qolgan o‘yinlarni ham yutishga bor kuchimizni sarflaymiz.

javoxir1

- “So‘g‘diyona” chempionatda ham yaxshi qatnashyapti. Umuman olganda, klub Superliga, O‘zbekiston Kubogi va OFK Kubogida ishtirokini davom ettiryapti. Uchta frontda kurashish jamoani ortiqcha toliqtirib qo‘ymaydimi?

- Yo‘q, qiynab qo‘ymaydi. O‘yinlar qancha ko‘p bo‘lsa, futbolchida amaliyot ham o‘sib boradi. Hamma narsa tayyorgarlikka bog‘liq. Yaxshi hozirlansak, natija ham yaxshi bo‘laveradi.

- Muxlislar “So‘g‘diyona”dan OFK Kubogi finalini kutishyapti...

- Boya aytdim, oldimizda o‘yinlar bor. Biz yurishimizni davom ettirishga harakat qilamiz. Oldindan bir nima deya olmayman, ammo oxirigacha kurashamiz. Hammasi Xudodan. Biz mehnat qilishda davom etamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!