O‘zbekiston Superligasida "Boxing day" boshlanmoqda yoxud hozirda "Olimpik"da ham Osiyo Chempionlar ligasida qatnashish imkoniyati mavjud

  • 8 oktabr, 2022, 16:41
  • Makhmudov Jamshidbek
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bilasiz, kelasi yildan boshlab Osiyo Chempionlar ligasi kuz-bahor tizimiga o‘tadi. 2002/03 yilgi mavsumdan beri birinchi marta bir yillik (bahordan kuzgacha) o‘rniga kuzdan bahorgacha tizimini joriy etiladi. Shu bois, musobaqadagi yangi o‘zgarishlar, qaysi mamlakatga nechta kvota ajratilgani va O‘zbekistondan qaysi jamoalar qatnashishi borasida ma’lumot beramiz.

Tecno

Demak, ushbu musobaqa OFK tarixidagi 42-Osiyo Chempionlar ligasi sifatida tarixda qoladi. Ishtirokchi klublar 35 nafar futbolchini ro‘yxatga kiritishi mumkin. Jamoalar 5+1 ko‘rinishida legionerlar xizmatidan foydalanishi mumkin. Ya’ni, 5 nafar xorijlik, 1 nafar Osiyo qit’asiga a’zo mamlakat futbolchisi.

Agar yangilangan OChL musobaqasida g‘olib bo‘lgan jamoa o‘z chempionatida OChL yo‘llanma ololmasa, 2024/25 yilgi musobaqaga avtomatik tarzda guruh bosqichiga chiqadi.

Yangilangan OChL qachondan boshlanadi?

Kuz-bahor tizimiga o‘tgan OChLning yangi mavsumi 2023 yilning avgust oyida boshlanadi. Unga ko‘ra, saralashning 1 bosqichi 8 avgust kuni bo‘lib o‘tsa, ikkinchi bosqichi 15 avgust kuni o‘tkaziladi. Saralashning so‘nggi bosqichi 22 avgust kuni bo‘lib o‘tadi. Ushbu bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tgan jamoalar guruh bosqichi yo‘llanmasiga ega chiqadi.

Guruh bosqichi:

1-tur
18-20 sentyabr 2023 yil

2-tur
2-4 oktyabr 2023 yil

3-tur
23-25 oktyabr 2023 yil

4-tur
6-8 noyabr 2023 yil

5-tur
27-29 noyabr 2023 yil

6-tur
11-13 dekabr 2023 yil

Nimchorak final
Birinchi uchrashuv: 12-14 fevral 2024 yil
Javob uchrashuvi: 19-21 fevral 2024 yil

Chorak final
Birinchi uchrashuv: 4-6 mart 2024 yil
Javob uchrashuvi: 13-15 mart 2024 yil


Yarim final
Birinchi uchrashuv: 16-17 aprel 2024 yil
Javob uchrashuvi: 23-24 aprel 2024 yil

Final
Birinchi uchrashuv: 11 may 2024 yil
Javob uchrashuvi: 18 may 2024 yil

Qaysi mamlakatlarga nechtadan kvota ajratilgan? (g‘arbiy mintaqa)

Saudiya Arabiston – 3+1
Eron – 3+1
Qatar – 2+2
O‘ZBEKISTON – 2+2
BAA – 1+2
Iordaniya – 1+1
Tojikison – 1+0
Iroq – 1+0
Turmakiston – 1+0
Hindiston – 1+0
Livan – 0+1
Bangladesh – 0+1

O‘zbekistonga qancha kvota ajratilgan?

O‘zbekistonga 2023/24 yilgi Osiyo Chempionlar ligasi uchun 2+2 ko‘rinishida kvota ajratilgan. Unga ko‘ra ikkita jamoamiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri guruh bosqichiga yo‘l olsa, yana ikkita klubimiz saralash bosqichida qatnashadi.

Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston Superligasida oltin medallarni qo‘lga kiritgan hamda mamlakat kubogida zafar quchgan jamoalarning guruh bosqichida qatnashishi kafolatlangan. Chempionatimizda ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritgan klublar esa saralash bosqichida ishtirok etadi.   

OChLga yo‘llanma oladigan o‘zbek klublari

Superliga chempioni
O‘zbekiston kubogi sohibi
Superliga 2-o‘rin egasi (saralash)
Superliga 3-o‘rin egasi (saralash)

Ayni paytda O‘zbekiston chempionatida “Nasaf” peshqadamlik qilmoqda. “Paxtakor” ikkinchi, “Navbahor” uchinchi o‘rinlarni egallab turibdi. O‘zbekiston kubogida esa 4 ta jamoa musobaqani davom ettirmoqda – “Nasaf”, “Navbahor”, AGMK va “So‘g‘diyona”.

“Nasaf” ham Superligada, ham O‘zbekiston kubogida g‘alaba qozonsa, ikkinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma qaysi jamoaga berilishi borasida savol tug‘ilishi mumkin. Agar Qarshi klubi har ikki turnirda ham bosh sovringa ega chiqa olsa, unda Superligada ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoa OChL guruh bosqichiga yo‘llanma oladi.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, hozirda O‘zbekiston kubogi uchun “Nasaf”, “Navbahor”, AGMK va “So‘g‘diyona” kurash olib bormoqda. Agarda,  “Nasaf” yoki “Navbahor” kubokni qo‘lga kiritadigan va ular Superligada mavsumni kuchli uchlikda yakunlasa,  ichki chempionatimizda 4-o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoada ham OChL saralashida qatnashish imkoniyati bo‘ladi.

olm

Buni “Navbahor” misolida ko‘rib chiqamiz. Aytaylik, “Navbahor” Superligada 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi, ammo kubokda zafar quchdi. U holda, O‘zbekiston chempioni hamda kubogi sohibi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmaga ega chiqadi. Shunda mamlakatimiz uchun ajratilgan kvotalarning bittasi bo‘sh qoladi (3-o‘rin uchun ajratilgan kvota). Ushbu bo‘sh qolgan joy Superligada 4-o‘rinni qo‘lga kiritgan klubga nasib qiladi.

Mabodo, AGMK yoki “So‘g‘diyona” O‘zbekiston kubogida g‘alaba qozonsa va ular chempionatda kuchli uchlikka kira olmasa, kvotalar odatdagi holda beriladi:

Superliga chempioni
Kubok sohibi
Superligada 2-o‘rin egasi (saralash)
Superligada 3-o‘rin egasi (saralash)

Shunday ekan, O‘zbekiston Superligasida kuchli to‘rtlikka kira olgan jamoada OChLda qatnashish imkoniyati bo‘ladi.

Hozirda chempionatimizda 21-tur uchrashuvlari davom etmoqda. Nazariy jihatdan 10-o‘rindagi “Olimpik”ning ham Chempionlar ligasida qatnashish imkoniyati mavjud. Bu esa Superliganing so‘nggi turlari hamda O‘zbekiston kubogi yarim final va final uchrashuvlari yanada qiziqarli o‘tishini kafolatlaydi.

 

Jamshidbek Mahmudov 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!