
O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasiga yangi rahbar saylandi
Milliy Olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi. Assotsiatsiyaga yangi rahbar saylash kun tartibidan o‘rin olgan mazkur tadbirda Sport vaziri Adham Ikramov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiev, Otabek Umarov boshchiligidagi Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbariyati, shuningdek, O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi rayosat a’zolari, terma jamoa murabbiylar shtabi ishtirok etdi.
Assotsiatsiya Ijroiya qo‘mitasi tashkilot raisligiga O‘zbekiston Respublika Bosh prokurori, mamlakat kurash federatsiyasi rahbari Yo‘ldoshev Nig‘matilla To‘lqinovich nomzodini ilgari surdi. Adham Ilhamovich ushbu nomzod haqida fikr bildirar ekan, N.Yo‘ldoshevning sport boshqaruvi sohasida to‘plagan ulkan tajribasi yurtimizda sport kurashlari rivojini ham yangi bosqichga olib chiqishda as qotishini ta’kidladi. Yig‘ilish ishtirokchilari bir ovozdan Nig‘matilla To‘lqinovich nomzodini ma’qullashdi va N.Yo‘ldoshev mamlakat sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi etib saylandi.
Shundan so‘ng assotsiatsiya Bosh kotibi Shuhrat Mamadaliev Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha reja bilan tanishtirdi. Unda har bir vazn toifasida asosiy va zaxira tarkib shakllantirilgani, hozirda mavjud muammo va kamchiliklar haqida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, ayollar kurashida yanada ko‘proq yo‘llanmalar olish, yunon-rum kurashchilarimizning ham Olimpiadalardagi natijadorligini oshirish, erkin kurash yo‘nalishida ichki raqobatni kuchaytirish shular jumlasidan.
Fikrlar