
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori imzolandi
O‘zbekistonda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sport bilan shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishlarini ta’minlash va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoev “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Qarorga muvofiq, barcha turdagi sport ta’lim muassasalarida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sport bo‘limlarini bosqichma-bosqich tashkil etish hamda iqtidorga ega bo‘lgan jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni tanlab olish, ularni sport turlariga yo‘naltirish, tayyorlash hamda oliy sport mahoratiga erishishni ta’minlovchi uzluksiz yagona kompleks tizimni joriy etish belgilandi.
Shuningdek, hujjat bilan paralimpiya sport turlari bo‘yicha malakali mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yaratish hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish ko‘zda tutilgan.
Qaror bilan jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashlarini rag‘batlantirish, jismoniy va ijtimoiy moslashuvi integratsiyasini dasturiy-uslubiy ta’minlash rejalashtirilmoqda.
Sport ta’lim muassasalarida (shu jumladan, oliy ta’lim muassasalarida) faoliyat yuritayotgan paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislarning mehnatiga haq to‘lash va rag‘batlantirish tizimini kuchaytirish kabi masalalar ham qarorda o‘z ifodasini topgan.
Qarorga ko‘ra, Paralimpiya qo‘mitasi O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, jumladan xalqaro shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
Paralimpiya qo‘mitasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
• paralimpiya sport turlarini ommaviylashtirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (selektsiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish;
• yozgi va qishki paralimpiya sport turlarini rivojlantirishga ko‘maklashish, sport ob’ektlari va inshootlarining kontseptsiyalari, texnik topshiriqlari, texnik-iqtisodiy asoslari/parametrlari va boshqa loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
• paralimpiya sport turlari bilan shug‘ullanadigan trenerlar, uslubchi-yo‘riqchilar hamda boshqa mutaxassislarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish va kasbiy rivojlantirishning zamonaviy va samarali tizimini joriy etish;
• respublikada yoki boshqa xalqaro sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari) va boshqa tashkilotlarida o‘z a’zolarining huquq va qonuniy manfaatlarini ifodalash va himoya qilish, o‘z a’zolarini axborot, ilmiy-uslubiy va moddiy-texnik jihatdan ta’minlash;
• paralimpiya sport turlarini rivojlantirish bo‘yicha klublar faoliyatini tashkillashtirish va samarali boshqarish, milliy va xalqaro sport tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qilish va tajriba almashish.
Bundan tashqari, Prezidentning yangi qarori bilan paralimpiya sport turlarini rivojlantirish va muvofiqlashtirish, uslubiy qo‘llab-quvvatlash va monitoring qilish maqsadida Paralimpiya qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Paralimpiya fakulteti tashkil qilinadi.
Shu bilan birga, Paralimpiya qo‘mitasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash instituti ham tashkil etiladi.
Institut paralimpiya sport turlari bilan shug‘ullanuvchi murabbiylar, uslubchi-yo‘riqchilar hamda boshqa mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga ixtisoslashgan ilmiy-ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib shartnoma (pullik) asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar, yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, norezidentlarning homiylik xayriyalari, xalqaro va chet el tashkilotlarining grantlari, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilanadi. Bundan tashqari, qo‘shimcha moliyalashtirish uchun Davlat byudjeti mablag‘lari ham yo‘naltirilishi mumkin.
Mamlakatimizda bir yilda bir marta Parasport xalqaro festivali o‘tkaziladi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ma’lum qilingan.
2021 yil 1 sentyabrdan boshlab “Sport hamma uchun” loyihasi doirasida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni parasport turlari bilan keng qamrab olish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyatga integratsiya qilish maqsad qilingan.
Qaror bilan har yili “3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni”ga bag‘ishlab ko‘zi ojizlar, zaif eshituvchilar va amputantlar o‘rtasida parasport turlari turkumiga kiritilgan parastol tennisi, 5x5 futbol, golbol, paraengil atletika, parapauerlifting, parabadminton, shaxmat va boshqa sport turlari bo‘yicha Toshkent shahrida respublika parasport festivali, shuningdek, boshqa hududlarda parasport festivallari tashkil etiladi.
Hujjatga ko‘ra, imkoniyatlari cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar) o‘quvchilari o‘rtasida paralimpiya sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etilib, taniqli sportchilar tomonidan mahorat darslari, seminarlar, konferentsiya va davra suhbatlari o‘tkaziladi.
Fikrlar