
O‘zbekiston - Iroq: Uchrashuvda hisob ochildi! (Matnli translyatsiya)
Assalomu alaykum, millionlar o‘yinining muhtaram muxlislari! Bugun katta futbolchi bayrami. Milliy terma jamoamiz Iroqdan tashrif buyurgan raqiblariga qarshi maydonga tushadi. Siz azizlar uchun yanada qulaylik tug‘dirish maqsadida ushbu bahs saytimiz orqali matnli translyatsiya qilinadi. Uni sizlar bilan Javohir Azimov kuzatib boradi.
90+7. Uchrashuv yakunlandi! Ushbu bahs rasmiy o‘yinlar oldidan o‘zgartirishimiz shart bo‘lgan narsalar etarlicha ekanligini ko‘rsatib berdi.
90+6. To‘xtaxo‘jaevning bosh bilan yo‘llagan zarbasi ustun yonginasidan o‘tib ketdi.
90+5. Shukurovning uzoq masofadan bergan zarbasi ancha noaniq ketdi. Otabekning bu urinishi jamoamizning bugungi holatini izohlab bergandek, go‘yo.
90+4. Islom To‘xtaxo‘jaev jarima maydoni ichida to‘pni to‘xtata olmadi. Yana bir vaziyat qo‘ldan ketdi.
90+3. Jarima maydoni tashqarisidan berilgan zarbani Iroq darvozaboni qaytardi.
90+2. Durgan Ismoil 4 futbolchimiz qurshovidan to‘p bilan chiqib ketdi.
90+1. Hamrobekov ketma-ket ikki bor jarima maydoniga to‘p uzatdi. Har ikki vaziyatda himoyachilar to‘pni qaytardi.
90. O‘yinning asosiy vaqtiga 5 daqiqa qo‘shib berildi. Hozir, yoki hech qachon!
89. Jamoamizning keskin tus olishi mumkin bo‘lgan hujumi Hamdamovning noaniq uzatmasi tufayli barbod bo‘ldi.
88. To‘pni yo‘qotgan Shomurodov hujumda qoida buzdi. Futbolchilarimiz raqib jarima maydonida ojiz qolmoqda.
87. Ikkinchi taymda maydonga tushgan gol muallifi Sherlo Karim Latif o‘rniga Mustafo Muhammad o‘yinni davom ettiradi.
86. Eldor?! Shomurodovning jarima maydoni ichidan yo‘llagan kuchli zarbasi to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi. Bu vaziyatni e’tiborni kuchga emas, aniqlikka qaratish ham mumkin edi-ku.
85. Shomurodovning urinishidan keyin to‘p yo‘liga himoyachi g‘ov bo‘ldi.
85. Hamdamov to‘pga moslasha olmadi. Uning zarbasi ko‘ngildagidek chiqmadi.
83. Azim Ahmedovning jarima maydoni ichidan yo‘llagan zarbasi noaniq ketdi.
82. Otabek Shukurovning zarbasidan keyin darvozabon to‘pni qaytardi. Afsuski, takroriy zarba beradigan futbolchimiz yo‘q.
82. Iroq safida Abdulhusain Hamid maydonga tushdi. U Human Tariqni almashtirdi.
81. O‘yin qoidasini buzgan Human Tariq ogohlantirildi.
79. Uzoq masofadan yo‘llangan zarbani raqib darvozaboni egallab oldi.
78. Shukurovning jarima maydoni tashqarisidan bergan zarbasini darvozabon ushlab oldi. Shunday davom etish kerak!
76. Masharipov!!! Jarima maydoniga etkazib berilgan to‘pga Jaloliddin noaniq zarba yo‘lladi. Juda qulay imkoniyat qo‘ldan ketdi.
75. Oybek Bozorovga nisbatan qoida buzgan Karim Latif ogohlantirildi.
74. Yo‘ldoshev taktik fol ishlatdi. Raqibning tezkor hujumining oldi olindi.
72. Farrux Sayfiev o‘z o‘rnini Sanjar Qodirqulovga bo‘shatib berdi.
71. Jarima maydoni chizig‘idan berilgan kuchli zarbani posbonimiz qaytardi. Yashavor, Abduvohid!
70. Hamdamovning bosh bilan yo‘llagan zarbasi noaniq ketdi. Davom etish lozim, yigitlar!
68 Ikkinchi 45 daqiqalikda Abramov shogirdlari umuman o‘ziga o‘xshamayapti.
67. Human Tariq ofsayddan zarba berdi. Uning zarbasini yana darvozabonimiz qaytardi.
67. Sayfievning qo‘pol xatosidan keyin iroqlik futbolchi birga-bir vaziyatga chiqib bordi. Hayriyat, oldinroqqa yugurib chiqqan Ne’matov uni zararsizlantirdi.
65. Hamrobekov raqib jarima maydoni ichida yiqilib tushdi. Hakam vaziyat penalti belgilashga etarli emas deb topdi.
64. Eldor birga-bir vaziyatga chiqib borishi mumkin edi. Lekin u to‘pga eta olmadi.
64. Futbolchilarimiz katta kuch bilan oldinga o‘tmoqda. Ammo hujumni keskinlashtirishga kelganda, yaxshigina oqsayapmiz.
62. Qaror qabul qilishga kechikkan Sayfiev jamoamiz hujumi barbod bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
61. Oston O‘runov o‘z o‘rnini Oybek Bozorovga bo‘shatib berdi.
60. Masharipovning burchakdan etkazib bergan to‘pini darvozabon egallab oldi.
58. Hakam ancha tushunarsiz qaror chiqardi. Iroqlik futbolchi maydonda yotgan bir paytda, raqib hujumi davom ettirildi. To‘p bizga o‘tganda esa, o‘yin to‘xtatildi.
58. Yaqin masofadan berilgan zarbani Ne’matov bartaraf etdi. Uyg‘onish kerak, yigitlar!
56. GOL! Uzoq masofadan berilgan zarbani Ne’matov qaytardi. Takroriy zarbani Abduvohid qaytara olmadi. Gol muallifi Sherlo Latif.
55. Mehmonlar safida o‘zgarish: Qosim Majid o‘rniga Amjid Atvan maydonga tushdi.
54. Masharipov hujumda to‘p yo‘qotdi.
52. Iroq MTJ futbolchisi maydonda yotibdi. Shifokorlar maydonga tushib keldi.
50. To‘p nazorati ikkinchi bo‘limda ham futbolchilarimiz tomonda bo‘lib turibdi.
48. Shomurodovning jarima maydoni tashqarisidan bergan zarbasini darvozabon ushlab oldi.
48. Iroqliklar burchak zarbasidan naf chiqara olmadi.
46. Ikkinchi taym boshlandi!
46. Bo‘limlar oralig‘ida tarkibimizda o‘zgarish: Rashidov o‘rniga Hamdamov maydonga tushdi.
46. Futbolchilar maydonga qaytdi. Biz ham qaytamiz!
45+3. Tanaffus!
45+2. Iroqda yana bir juda xavfli vaziyat! Ibrohim Katani to‘pni Ne’matovning ustidan oshirib, darvozaga yo‘lladi. Hayriyat, to‘p darvozaga kirmadi.
45. Birinchi taymga 2 daqiqa qo‘shib berildi.
44. Futbolchilar biroz tortishib ketdi. Hakam ularni tinchlartirdi.
43. Hisob ochilishiga bir bahya qoldi! Darvozabonimiz bilan birga-bir vaziyatga chiqqan Bashar Rezan biroz mo‘ljalda adashdi.
42. Shukurovning zarbasidan keyin to‘pni himoyachilar o‘tkazmadi.
41. Masharipovga nisbatan qoida buzgan Ahmed Halaf ogohlantirildi. Yaxshi standartga egamiz.
40. Birinchi taym futbolchilarimizning usutnlishi ostida davom etyapti.
39. Yo‘ldoshevning jarima maydoniga uzatgan to‘pini himoyachilar uzoqlashtirdi.
38. Raqib ijro etgan standart vaziyatda futbolchilarimiz sun’iy ofsayd yaratishda juda zo‘r harakat qildi. Iroqning birvarakayiga 5 a’zosi o‘yindan tashqari holatda qolib ketdi.
36. Hozircha "oq bo‘rilar"ning o‘ng qanoti nisbatan faolroq o‘yin namoyish etmoqda. Raqibda ham shunday holatni kuzatish mumkin.
34. Ne’matov o‘z jarima maydoni ichida to‘pni o‘zidan uzoqlashtirib yubordi. Biroq uning o‘zi xatosini to‘g‘irladi xavfni bartaraf etdi.
32. Jarima maydoni ichida to‘pni qabul qilib olgan Rashidov zarba berishga kechikdi. Raqiblar unga halal berishni ulgurdi.
30. Masharipovning standartdan yo‘llagan zarbasidan so‘ng to‘p jonli devordan o‘tmadi.
29. Shomurodovga nisbatan jarima maydoni yaqinida qoida buzildi. Yaxshi standartga egamiz.
28. Vakillarimiz maydon markazini mustahkam qo‘riqlayapti.
27. O‘yin tempi biroz pasaydi. Tomonlar jarima maydoniga yorib kirishda oqsamoqda.
25. Masharipov sherigini birga-bir vaziyatga chiqarishni niyat qilgandi. Ammo Eldor to‘p uchun kurashda raqibiga engildi.
24. O‘runovning uzatmasidan keyin to‘p Sayfievgacha etib bormadi. Himoyachi yaxshi harakat qildi.
22. Odil Hamrobekovning uzoq masofadan o‘z omadini sinab ko‘rdi. To‘p to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi.
21. Basharning jarima maydoni ichidan yo‘llagan zarbasi juda xavfli chiqdi. Biroq to‘p darvoza to‘riga tashqi tomondan kelib tegdi.
20. Rashidovning jarima maydoni yaqinidan bergan zarbasi darvozagacha bormadi. Himoyachilar to‘p yo‘liga blok qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.
19. Shomurodov va Masharipovning ajoyib kombinatsiyasi himoyachilar tomonidan bartaraf etildi.
18. Hujumni keskinlashtirishi kutilgan Shomurodov raqibini aldab o‘tolmadi.
17. Abramov shogirdlari maydon bo‘ylab uzatmalar amalga oshirib, raqib mudofaasidagi bo‘sh hududlarni izlamoqda.
15. Masharipov jarima maydoniga yaqin hududda yiqilib tushdi. Hakam vazyatga ortiqcha e’tibor qaratmadi.
14. Jarima maydoniga etkazib berilgan to‘pni Ne’matov ushlab oldi. Raqib vakili unga nisbatan qoida buzdi.
13. Iroq futbolchilari ustunlikni qo‘lga olishga harakat qilmoqda. Faollikni qo‘ldan bermaslik zarur, yigitlar!
12. Ne’matov bilan birga-bir vaziyatga chiqib borgan iroqlik futbolchi o‘yindan tashqari holatda edi. Hakam o‘yinni to‘xtatdi.
10. Vakillarimiz to‘pni nazorat qilmoqda. Raqib mayda qo‘polliklar bilan qarshilik qilishga intilyapti.
8. Eldor Shomurodov maydonda yotibdi. Unga tibbiy yordam kerakka o‘xshaydi.
7. Masharipovning burchakdan etkazib bergan to‘pini darvozabon mushtlari bilan urib yubordi.
5. Odiljon Hamrobekov maydon markazida qoida buzdi.
4. Iroq yaxshi hujum uyushtirdi. Jarima maydoniga uzatilgan to‘pga har ikki jamoadan hech kim eta olmadi.
3. Eldor Shomurodov o‘yindan tashqari holatda qolib ketdi. Laynsmen bayroqchasini ko‘tardi.
2. Masharipovga nisbatan raqib futbolchisi qoida buzdi. Hakam o‘yinni davom ettirishga ruxsat berdi
2. Futbolchilarimiz dastlabki daqiqalardan faol o‘yin namoyish etmoqda.
1. Uchrashuvga start berildi. Olg‘a, "oq bo‘rilar"!
0. Futbolchilar maydonga tushib keldi. Milliy madhiyalar yangradi!
Fikrlar