
O‘xshamayaptimi? Ketish kerak yoki ketkazish!
Bugungi "Bavariya"ga qarshi (0:1) uchrashuvdan so‘ng ham Ten Xag tanqid qilinmasligi uchun bir asos bor. Jamoa ungacha ham juda zo‘r emasdi. Sulsher APLda ikkinchi bo‘la olgani bilan maqtana olsa, Mourino Evropa ligasida zafar quchgani bilan yaxshi yodda qoldi. Biroq avvalgi mavsumlar bilan solishtirganda orqaga ketish boshlanganda, har ikkisi lavozimidan ozod etilgan.
Ten Xag o‘zi nima qildi? O‘tgan mavsum APLda uchinchi o‘rin va Angliya liga kubogi g‘olibligi. Protsess bo‘lishi kutilgan davrda orqaga ketishlar boshlanib ketdi. Ketma-ket mag‘lubiyatlar, o‘xshamagan transferlar, shakl-shamoyilsiz jamoa va Evropa Chempionlar ligasida to‘rtinchi o‘rin. Balki APLda "qizil iblislar" hali o‘z mavqeini tiklab olib, yakunda yana EChL yo‘llanmasiga ega chiqar, lekin hozir Chempionlar ligasini sharmandalarcha tark etayotgani fakt. Guruh bosqichining o‘zida 15 ta gol o‘tkazib yuborib, nisbatan osonroq bo‘lgan guruhda 4-o‘rinni band etayotgani klub statusidan, tarkibdan va mana shunday o‘yinlarda yutish uchun qilingan harajatlardan olib qarasak, oqlab bo‘lmas holat, chamamda.
MYuni avvalgi mavsumdagidan yaxshiroqligini isbotlaydigan va o‘sish jarayoni davom etayotganini ko‘rsatadigan ishoralar, faktorlar qolmadi. "Yunayted" joriy mavsum 24 o‘yinning teng yarmida mag‘lubiyat ta’mini totib ko‘ribdi. Allaqachon ular ikki turnirni tark etib bo‘ldi va so‘nggi turda APLning autsayderlaridan biri "Bornmut"ga 0:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Hech narsa yaxshi tomonga o‘zgarmayapti. Na jamoa, na yangi kelgan futbolchilar va na natijalar. Ten Xagda ham bahonalar tugab qolgan bo‘lsa, asta chiroqlarni o‘chiraverish kerak! Kim kelishi va u kelganidan keyin jamoa qanday bo‘lishi ikkinchi masala. O‘xshamayaptimi? Ketish kerak yoki ketkazish. Bu Sulsher va Mourinoga qilingan adolat, MYu uchun esa yangilanish uchun imkon bo‘lardi. Afsuski, jamoa o‘zgarishga muhtoj. Yana!
Xudayqulov Karim maqolasi
Fikrlar