
Otabek G‘ulomxo‘jaev: "VAR? Futbolning jozibasini tushirib yubormaylik"
“Andijon” – “Mash’al” (1:1) o‘rtasidagi bellashuvidan keyin mezbonlar ustozi Otabek G‘ulomxo‘jaev o‘z fikrlarini bildirdi.
- Bugun stadionga kelgan muxlislarga rahmat. Ulardan uzr so‘rayman. Negaki, jamoamni bugun tanimadim. 90 daqiqa davomida futbol o‘ynashmadi, xuddi birinchi marta futbolga tushgandek, o‘zim ham hayron qoldim, - deydi G‘ulomxo‘jaev.
- Nima etishmadi, deb o‘ylaysiz?
- Sababini o‘rganamiz va ko‘rib chiqamiz. Menimcha, xato o‘zimdan o‘tdi, shekilli. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, Jasur Jaloliddinov bilan Doniyor Abdumannopovni asosiy tarkibda tushirdim. Holbuki, ular 15 soat yo‘l yurib, kecha mashg‘ulotga 3-4 soat qolganida etib kelgandi. Shuningdek, anchadan beri asosiy tarkibda maydonga tushmayotgan Baxtiyor Qosimovdan foydalanganim ham xato bo‘ldi. Bu o‘yinga tayyorlangan tarkibni o‘zgartirib yubordim. Shu mening xatom bo‘ldi. Shuning uchun ham bugun futbol bo‘lmadi.
- Standart vaziyatlarni faqat Jasur Jaloliddinov bajaryapti. Lekin ko‘ngildagidek chiqmayapti...
- Jasur ko‘proq o‘yinni o‘ziga olgisi keladi. Bir vaziyatda Kamron Saidazimov burchakdan tepaman, deganda ham o‘zi bajarishni istadi. Bu borada unda qobiliyat bor. Ammo bugun charchoq alomati ham sezildi.
- VAR tufayli o‘yin ancha to‘xtab qoldi. Sizningcha, VAR futbolga kerakmi?
- Yo‘q. O‘tgan safar ham aytdim, iloji bo‘lsa, “Andijon” ishtirokidagi o‘yinlarga VARdan foydalanishmasin. Agar VARsiz hakam raqib foydasiga qaror qabul qilsa ham e’tiroz bildirmayman. Futbolning jozibasini tushirib yubormaylik. Maydonda futbol o‘ynash kerak. Uning jozibasi nima bilan? Bir paytlari Maradona qo‘li bilan gol urganda VAR bo‘lmagan-ku. Yana qaysidir gollar kimlarnidir chempion qilgan yoki jahon chempionatiga olib chiqqan.
- Raqibni qanchalik o‘rgangandingiz?
- “Mash’al”ning oxirgi o‘yinlarini ko‘rdik. Masalan, “Metallurg” bilan bahsda qarshi hujumda o‘ynadi. Tezkor qarshi hujumlarda harakat qilishlarini bilardik. Bu o‘yinimizni ko‘rib chiqamiz. Futbolchilarga doim tushuntiramiz. Oxirgi marta birinchi turda jamoamni tanigandim, undan keyin o‘z jamoamni tanimayapman. Baribir o‘zimizning uslubimiz bo‘lishi kerak va buni amalga oshiramiz.
- Navbatdagi o‘yinda “Metallurg” bilan o‘ynaysizlar. Doim g‘alabaga harakat qilamiz, degan gaplar bo‘ladi. Ammo g‘alaba uchun ishonch bormi?
- Nimaga ishonch bo‘lmaydi? Agar ishonch bo‘lmaganida men murabbiy bo‘lmasdim va bu erga og‘ir vaziyatda kelmagan bo‘lardim. Biz albatta kuchayamiz.
- “Andijon” hujumchilari qachon gol uradi, ayniqsa Boake!
- Har doimgidek savol. Hozirgina buni murabbiylar bilan muhokama qildik. Balki biz undan to‘g‘ri foydalana olmayotgandirmiz. Yoki u yigitlarni tushunmayapti. To‘rtta turda 90 daqiqadan o‘ynadi, balki endi uni zaxiraga olarmiz.
Fikrlar