
Otabek G‘ulomxo‘jaev: "Tarkibimizdagi 70 foiz futbolchilar hali bunday muhitda o‘ynashmagan"
“Andijon” – “Surxon” (1:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar ustozi Otabek G‘ulomxo‘jaev ishtirok etdi.
- Avvalambor, “Andijon” muxlislarini o‘z maydonimizda xursand qilish uchun hamma narsaga tayyor edik. Ularni g‘alaba bilan tabriklayman. Yigitlarga katta rahmat. Lekin o‘tgan uchrashuvda jamoamiz o‘yinida biroz bo‘lsa ham sifat bor edi. Lekin futbolda natija muhim. Chiroyli o‘ynab yutqazganimiz alamli bo‘lgandi, o‘tgan safar. O‘yin unutiladi, natija qoladi. Jamoamga rahmat. “Surxon”da noldan yaxshi jamoa shakllanganini ko‘rdim. Bizga yaxshi qarshilik ko‘rsatishdi. Ularga keyingi bahslarda omad.
- Bugun Edgar Bernxardt bilan Martin Boakega e’tirozlar ko‘p bo‘ldi. Masalan, Edgarni almashtirib yubordingiz...
- Edgar qishki yig‘inda har bir uchrashuvda o‘zidan yaxshi taassurot qoldirgandi. Shu bois, uni olib qolgandik. Nima uchun rasmiy o‘yinlarda “ochilib” ketmayotganini sababini o‘zi bilan gaplashib ko‘ramiz. Martinga kelsak, u yomon hujumchi emas. To‘pni yaxshi qabul qilyapti. Imkoniyatlarga ega bo‘lyapti. Gol ursa, u ham “ochilib” ketadi va mavsum davomida o‘z so‘zini aytadi.
- Jamoani necha foizga o‘zim istagandek tuza oldim, deb ayta olasiz?
- O‘yin tashkil qilish bo‘yicha 30 foizga, deb aytgan bo‘lardim. Jamoamiz etakchilari chempionat boshlanishiga oz fursat qolganida qo‘shilishdi. Qishki yig‘inimizni oxirida kelishdi. O‘yindan-o‘yinga kuchayib boramiz. Ikki-uchta turdan keyin 80-90 foizga yanada kuchayamiz. “Qizilqum” bilan bahsda qisman rejalarimiz o‘xshagan. Bugun o‘yindagi muhit yuqori darajada edi. Tarkibimizdagi 70 foiz o‘yinchilar hali yosh. Ular bunday katta muhitda hali o‘ynashmagan. Astalik bilan ruhiy tomondan ham joyga tushib olamiz.
- O‘yin boshida chap qanot himoyachisi ko‘proq xatolarga yo‘l qo‘ydi...
- Ha, kuzatdim. Rejamiz aslida boshqacha edi. Bu chiziqda Ibrohim Otaxonov bor. U nisbatan tajribali. Bugun Abdug‘ani Kamolovni tushirgandik, ammo u ruhiy tomondan to‘liq tayyor bo‘la olmadi. Aslida olimpiya terma jamoasiga nomzod, yaxshi futbolchi. Keyin Otaxonov qo‘shilgach, jamoa xotirjam o‘ynashni boshladi. O‘ng qanotda to‘p surgan futbolchimiz ham yosh, uning o‘yinidan qoniqdim.
- Gol urgach, o‘yinni jamoangiz “tashlab” yubordi...
- Ozgina pala-partishlik bo‘ldi, o‘yinni biroz qo‘ldan chiqardik. “Surxon”ni uzun paslar hisobiga o‘yin ko‘rsatishini bilardik. 75-daqiqadan keyin tashabbus yana bizga o‘tdi. Saidazimov, Boake va Jaloliddinovda gol urish uchun 100 foizli imkoniyatlar bo‘ldi. Futbol shunisi bilan qiziq. Menimcha, o‘yin muxlislarga ham yoqqan bo‘lsa kerak.
- Himoya bilan yarim himoyani bog‘lovchi futbolchi etishmayapti. Bernxardt bu ishni yaxshi uddalay olmadi. Muhammad Isaev zaxirada maydonga tushgan bo‘lsa-da, u ham xatolarga yo‘l qo‘ydi.
- Bu narsa bilindi. Jaloliddinov o‘rtada Edgar bilan bog‘lash kerak edi. Ko‘p vaziyatlarda Jasur ham orqaga o‘tib ketishni boshladi. Shuni hisobiga o‘rtada bog‘lam yo‘qolib qoldi. Bernxardt to‘pni olgunicha, uni ikkita raqibi “yopib” turdi. Hali chiziqlarimizda kamchiliklarimiz bor. Etakchilar oxirgi pallada jamoamizga qo‘shilishgani bois bizga o‘rtoqlik uchrashuvlari kamlik qilib qoldi. Tez orada barcha xatolarni bartaraf etamiz.
- Maydondagi “ruh” jamoangizga etishmagandek bo‘ldi.
- Ortiqcha hissiyotlarga berilishni xohlamayman. Chunki Saudiyada buning ta’sirini ko‘rganman.
- Otaxonov maydonga tushgach, raqib o‘yinchilari ham bosilib qoldi...
- “Surxon”ga qaraganda futbolchilarimiz ancha yosh. To‘g‘ri aytdingiz, Otaxonov qo‘shilgach, ayrim vaziyatlarda qattiqroq kurashgach, raqib “bosildi”. Tajovuzkorlik qilish kerakligini aytsam, unda futbol bo‘lmaydi. Qaytanga, futbolchilarni tinchlantirib turdim. O‘yinchilar xotirjam o‘ynasa, shijoat ham o‘zi kelaveradi. Shu o‘rinda, stadion va maydonni yaxshi holatga keltirishda qatnashgan barchaga rahmat aytaman.
Fikrlar