
Otabek G‘ulomxo‘jaev: Men hujumkor futbolni yaxshi ko‘raman va individual mahoratga ega futbolchilarni qadrlayman
O‘yindan keyingi matbuot anjumanida yoshlar jamoamiz ustozi Otabek G‘ulomxo‘jaev o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
"Birinchi navbatda, o‘yin davomida stadionni to‘ldirib o‘tirgan namanganlik muxlislarga alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bunaqa muhitda har qanday jamoa mazza qilib futbol o‘ynaydi. Bugun natijadan ko‘nglim to‘ldi, lekin o‘yinimizni kuchaytirish borasida hali qiladigan ishlarimiz borligi aniq. Raqib bizga o‘ynashga imkon berdi, biz ko‘proq gol urishimiz kerak edi. Ko‘p vaziyatlardan unumli foydalan olmadik.
Men o‘zim hujumkor futbolni yaxshi ko‘raman va individual mahoratga ega futbolchilarni qadrlayman. Jamoaviy o‘yindan tashqari, uchinchi zona - raqib jarima maydonchasi atrofida erkin harakat qiladigan, kreativ qarorlar qabul qiladigan futbolchilarni tarkibga jalb qilishga harakat qilaman. Ba’zi o‘yinlarda raqib jamoaviy o‘yin ko‘rsatish imkoniyatini bermaydi, barcha chiziqlarni yopib qo‘yadi. Shunda katta sahnaga individual mahoratga ega futbolchilar chiqadi. Bunga jahon futbolida ham misollar ko‘p.
Mening maqsadim hozirda tarkibda bo‘lgan futbolchilar o‘sishda davom etib, keyinchalik Olimpiya va Milliy terma jamoalarida to‘p surishlarini ko‘rish. Bugungi o‘yinda o‘zini ko‘rsatgan Ruslan Roziev, Hojimat Erkinov kabi futbolchilarning salohiyati yuqori. Ular shu tariqa o‘ynashda davom etsa, kelajakda kuchli futbolchi bo‘lib etishadi. Umuman olganda, tarkibdagi barcha futbolchilarda salohiyat katta, deb hisoblayman", - deb Otabek G‘ulomxo‘jaevning so‘zlarini keltirib o‘tdi O‘FA rasmiy sayti.
Fikrlar