
Otabek G‘ulomxo‘jaev: Legionerlarni ko‘r-ko‘rona olavermaymiz, o‘zimizning o‘yinchilar bo‘yicha yana bir-ikkita mo‘ljalim bor
“Andijon” klubi bugun Toshkentdan Andijonga qaytdi. Endi tayyorgarlikning qolgan qismi muxlislar ko‘z o‘ngida o‘z qarorgohida o‘tkaziladi.
Tarkibda qanday yangiliklar bo‘layotganidan xabardor bo‘lib turibsizlar. Jamoa bosh murabbiyi Otabek G‘ulomxo‘jaev sports.uz sayti uchun yig‘inlar va tarkibdagi oxirgi o‘zgarishlar xususida fikr bildirdi.
- Oxirgi yig‘inimizni Toshkentdan Andijonga ko‘chirishni maslahatlashib qildik, - deya gap boshladi bosh murabbiy. - Vodiyda jamoa yo‘q, deb o‘ylagandik. Endi bunday emas, masalan, “Navbahor” ham qaytganini bildik. Shuning uchun endi Andijonga qaytsak bo‘ladi, deb hisobladik. O‘z maydonimizni yaxshiroq his qilish ham futbolchilarga kerak. Yoshlar tarkibimizni ham ko‘rishim zarur. Chunki ulardan ham ro‘yxatga kiritadiganlarimiz bo‘lishi mumkin. Yig‘inimizni Andijonga ko‘chirganimiz hech qanday moliyaviy holat bilan bog‘liq emas. Boshida rahbariyatdan Toshkentda ikkita yig‘in tashkillashtirishni so‘raganman va rozi bo‘lishgan. Biz yig‘inlarimizni chempionatning boshlanishiga qarab rejalashtirgandik. Avvaliga 24 fevral, keyin 3 mart, undan so‘ng 9 mart, deb belgilandi. Shuningdek, biz poytaxtdagi oxirgi yig‘inimizda “Nasaf”, “Bunyodkor” kabi raqiblar bilan kelishib qo‘ygandik. Men esa bir hafta oldin yordamchimni Andijonga yuborganman. Masalan, o‘rinbosarlar qanday ishlayapti, stadiondagi ishlar nima bo‘lyapti va boshqa ishlar bilan shug‘ullanish kerak edi. “Navbahor” bilan ham yana o‘yin o‘tkazmoqchimiz. Toshkentdagi yig‘inda garchi sparring-raqiblar bo‘lgani bilan mashg‘ulotlar sun’iy maydonlarda o‘tgani uchun jarohatlar kelib chiqdi.
Bugun futbolchilarga javob berdik. Andijonda ikki kun tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Bu borada bizda muammo yo‘q. “Makro-farm”da hamma sharoit bor. Agar tibbiy ko‘rikni sal keyinroqqa o‘tkazadigan bo‘lsak, unda o‘sha paytga borib kimdadir sog‘ligida muammo chiqib qolsa, bizga qo‘shimcha qiyinchilik tug‘ilishi mumkin. Shuning uchun biz tibbiy ko‘rikni ertaroq o‘tkazyapmiz va uning natijalariga qarab, yigitlarda yana davolanish uchun vaqt ham bo‘ladi. O‘zim Toshkentda qolganman. Bir-ikkita yangi futbolchilar bo‘yicha gaplashishim kerak.
Legionerlarni quruq rolik orqali kuzatmayman. Chunki videorolik boshqa narsa. Birgina uni kuzatish bilan ishonib qolmaslik lozim. Bolgariyalik va italiyalik legionerlarni chuqur o‘rgandik, obdon tahlil qildik. Tanishlarimiz orqali so‘rab-surishtirdik. Futbol ichidagi yaqin insonimning tavsiyasi bilan ularni taklif qildik. Bundan boshqa legionerlar bilan ham gaplashgandik. Masalan, Amir Natxoni olmoqchi edik, ammo bu variant o‘xshamadi. Yuqoridagi ikkita xorijlik o‘yinchi bilan rahbariyat tez orada shartnoma imzolaydi. Boake Andijonga 23 yoki 24 fevralda keladi. Hozircha ushbu legionerlar bilan cheklanib turamiz. Ko‘rdingiz, bungacha ham bir nechtasini sinovdan o‘tkazdik. Legioner olish kerak deb, ko‘r-ko‘rona olavermaymiz. Hozirgi tarkibimiz ham yomon emas. Tarkibdan 60-65 foizga ko‘nglim to‘lyapti. Yuqorida aytganimdek, yana bir-ikkita o‘yinchilar bo‘yicha mo‘ljalimiz bor, - dedi G‘ulomxo‘jaev.
Fikrlar