
Oston O‘runovni “Gerta” olmoqchimidi?
“Spartak” xo‘jayini Leonid Fedunning rafiqasi Zerima Salixova klubda bir necha oy ishlab, jamoaga Oston O‘runov, Aleksandr Kokorin va Viktor Moyzesni olib kelgan sobiq bosh direktori Shamil Gazizovning transfer siyosatini keskin tanqid qildi. Gap orasida u Oston O‘runov transferi haqida ham fikr bildirdi.
- Shamil Gazizov Oston O‘runovni Osiyo yulduzi sifatida tanishtirib, uni osonlikcha 5-7 million evroga transfer qilishi mumkinligini ta’kidlagan edi. Uni TsSKA va “Gerta”olmoqchi ekanini, futbolchining narxi aslida 20-30 million evroga ko‘tarilishi va biz bu borada hech narsani tushunmasligimizni aytgandi.
U biz bir paytlar “Spartak”da ko‘rikdan o‘tgan Aleksandr Zinchenko kabi Oston O‘runovni ham qo‘ldan boy berishimiz haqida ham gapirdi.
Oston O‘runov asosiy jamoada o‘ynab keta olmasligi ko‘rinib qolganidan keyin men unga: “Keling, uni ijaraga beraylik, yosh futbolchiga o‘yin amaliyoti kerak, hozir “Spartak” tarkibida unga joy yo‘q”, dedim.
Buni eshitishi bilan Shamil Gazizov qizarib ketdi va xafa bo‘ldi. Oston “Spartak”ning asosiy tarkibiga loyiqligini isbotlashga kirishdi. Agar O‘runov klubga kerak bo‘lmasa, uni boshqa klubga sotib yuborishini aytdi. Lekin bularning bari quruq gapligicha qoldi, - dedi Zarema Salixova.
Ma’lumki, Oston O‘runov Toshkentning “Lokomotiv” jamoasidan 2020 yilning boshida “Ufa”ga ko‘chib o‘tgan edi. Ufaliklar tarkibida yarim mavsum davomida kreativ o‘yin uslubi bilan ajralib turgan hamyurtimiz Rossiyaning etakchi klublari e’tiboriga tushdi.
TsSKA, “Zenit”, “Rubin”, “Krasnodar”, “Lokomotiv” kabi jamoalardan qiziqish borligiga qaramay, yozda “Spartak” bosh direktorligiga taklif qilingan Shamil Gazizov o‘zbekistonlik futbolchini yangi klubiga olib ketdi.
“Spartak” legionerimiz bilan besh yillik shartnoma imzoladi. Biroq, O‘runov asosiy tarkibga kira olmadi. Aksariyat uchrashuvlarda zaxiradan maydonga tushib, bir necha daqiqa o‘ynadi xolos. O‘tgan yil oxiriga kelib, Shamil Gazizov bosh direktor lavozimidan iste’foga chiqarildi. Bu Gazizov ortidan kelgan O‘runovning faoliyatiga ham ta’sir o‘tkazdi.
Qishki transferlar vaqtida Oston O‘runovga “Rubin”dan yana bir marta aniq taklif bo‘ldi, biroq moskvaliklar olti million evro miqdorida badal puli so‘ragani qozonliklarga og‘irlik qilib, bu transfer to‘xtatildi.
Mavsumning ikkinchi yarmi oldidan Oston O‘runov eski jamoasi – “Ufa”ga keyinchalik transfer qilish huquqi bilan ijaraga jo‘natildi. Bu gal ham hamyurtimiz o‘zidan kutilgan o‘yinni namoyish etolmadi. Shunda ham “Ufa” mavsum oxirida uni bir million evroga sotib olishga harakat qildi. Lekin “Spartak” asosiy tarkibga kira olmagan legioner uchun uch million evro talab qilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Oston O‘runov huquqiy jihatdan “Spartak”ga tegishli. “Ufa” va “Spartak” kelisha olmasa, u katta ehtimol bilan Moskva klubiga qaytadi va uning taqdiri ko‘p jihatdan “Spartak”ni qabul qilib olgan yangi murabbiylar shtabining xulosasiga bog‘liq bo‘ladi.
Oston O‘runov o‘tgan mavsumda “Spartak” va “Ufa” tarkibida jami 19 ta uchrashuvda maydonga tushib, bitta gol urdi va bitta golli pas mualifi bo‘ldi.
Fikrlar