
“Oltin to‘p” sohibi ham Husanovdek o‘ynamagan!
“Manchester Siti” futbolchilari ham, muxlislari ham fevral oyini tezroq unutishni xohlaydi. Chunki yilning eng qisqa oyida “shaharliklar” Premer-liganing ikki qudratli klubi – “Arsenal” (1:5) va “Liverpul”dan (0:2) qaqshatqich zarbaga uchradi.
Evropa Chempionlar ligasining pley-offida “Real” bilan ikki bor to‘qnashib, har ikki bahsda 2:3, 1:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Buyuk Britaniyadagi nufuzli manba – manchestereveningnews.co.uk portali eksperti Olli Jons “shaharliklar”ning fevraldagi natija va ko‘rsatkichlarini tahlil qilar ekan muvaffaqiyatsizlarga burkangan so‘nggi o‘yinlarda “Manchester Siti”dagi yagona yorqin voqealik jamoada Abduqodir Husanovning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi.
- “Manchester Siti”ning oxirgi paytdagi nursiz natijalarida foni yagona ijobiy holat Abduqodir Husanovning jamoada porlay boshlagani bo‘ldi. “Chelsi” bilan o‘yinda yuz bergan ko‘ngilsiz debyutdan keyin o‘zbek futbolchisi jangovar xarakterini namoyish qilib, o‘zini o‘nglab oldi va yuqori saviyali o‘yin ko‘rsatmoqda.
“Manchester Siti”da paydo bo‘lishi Xosep Gvardiola talablariga moslashish hali hech kimga oson bo‘lmagan. Hatto “Oltin to‘p” sohibi bo‘lgan Rodri ham jamoaga yangi kelganida ko‘nikishi uchun bir mavsum kerak bo‘lgan.
Biroq, “shaharliklar” jamoasida davom etayotgan inqiroz Husanovga bamaylixotir moslashish fursatini bergani yo‘q.
“Lans”dan 33,5 million funt sterling evaziga olib kelingan Abduqodir Manchesterga kelishi bilan kuchli jamoalar va Koul Palmer, Aleksandr Isaak, Kilian Mbappe, Vinisius Junior, Rodrigo, Muhammad Saloh kabi yuqori darajadagi futbol yulduzlariga qarshi jang qilishiga to‘g‘ri keldi.
Bu holat nafaqat 20 yoshli himoyachi, balki jahon futbolida yuqori darajada o‘ynab yurgan har qanday futbolchi uchun ham katta sinov edi. Ayniqsa, Husanovning “Siti”ga kelgunga qadar Evropaning eng kuchli besh ligasidan birida atigi 31 ta uchrashuvda ishtirok etganini inobatga olsak, u qanday bosimni engib o‘tishiga to‘g‘ri kelganini his qilishimiz mumkin.
Debyutdagi xatodan keyin Xosep Gvardiola jamoadagi jarohatlar ko‘pligiga qaramay, Husanovni hali o‘yinlarga qo‘yishga erta ekan, degan xulosaga kelishi, uni zaxira variantiga aylantirishga qaror qilishi ham mumkin edi. Biroq ispaniyalik mutaxassis boshqa yo‘lni tanladi va o‘zbek futbolchisini mavsumning eng qiyin pallasida darrov asosiy tarkib o‘yinchisiga aylantirdi.
Yosh o‘zbek himoyachisining murabbiy bildirgan ishonchga javobi yanada yorqin chiqdi. U “Nyukasl” 4:0 hisobida yanchib tashlangan uchrashuvda yuqori sport formasida bo‘lgan raqib yulduzi Aleksander Isaakka o‘yin bermadi. Keyin Madridda o‘tkazilgan Evropa Chempionlar ligasining amaldagi g‘olibi “Real”ga qarshi bahsda juda yaxshi o‘ynadi.
Premer-liga peshqadami “Liverpul” bilan to‘qnashuvda jamoadoshi Jeremi Doku bilan birga “Manchester Siti”ning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ldi. Bu bahsda Husanov bir necha ko‘rsatkichlar bo‘yicha eng yaxshi natija qayd etdi, jamoasini xavfli vaziyatlarda qutqarib qoldi, jamoadoshlarining joniga oro kirdi.
“Etixad”dagi hayot va faoliyat oson boshlangani yo‘q. Lekin Husanov murakkab jarayonlarda o‘z xarakterini ko‘rsata oldi. Xosep Gvardiolaning Abduqodir borasida tavakkalga qo‘l urgani qisqa muddatda o‘zini to‘liq oqladi, - deb yozmoqda manchestereveningnews.co.uk portali eksperti Olli Jons.
Abduqodir Husanov “Manchester Siti”ga kelganidan beri Premer-liga, Angliya kubogi va Evropa Chempionlar ligasida jami beshta uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga bitta gol yozdirib qo‘ydi.
Gvardiola Husanovning asosiy kamchiligini aytdi!
Shomurodovning faoliyatida katta o‘zgarish!
Fikrlar