
Olimpiadalarda o‘zbek yigitlariga mag‘lub bo‘lgan mashhurlar
Olimpiadalarda o‘zbek yigitlariga mag‘lub bo‘lgan mashhurlar haqida davom etamiz. Bugun kriteriyamizga mos keladigan yana bir taniqli sportchi, boks bo‘yicha Olimpiada sovrindori, kabo-verdelik Daniel de Pina qanday qilib o‘zbek yigitlariga mag‘lub bo‘lgani haqida eslab o‘tamiz.
Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlari. -51 kg vazn toifasida ishtirok etgan de Pina ikkinchi davradan bahslarga qo‘shildi va birdan ancha nomdor raqib – Rio-2016 yozgi Olimpiya o‘yinlari chempioni Shahobiddin Zoirovga ro‘baro‘ keldi. Shubhasiz, bu qarama-qarshilikda Zoirov o‘zining ustunligini namoyish eta oldi va hakamlarning yakdil qarori bilan chorak final masalasini ijobiy hal qildi. Afsuski, keyingi bosqichda Zoirov ham filippinlik raqibiga imkoniyatni boy berib, yarim final ostonasida yurishini to‘xtatgan edi.
Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari. Biz bilgan de Pina Frantsiyada butkul o‘zgacha qiyofada ko‘rinish berdi. “Disney” qahramoni “Mikki Maus”ga taqlid qilib, o‘ziga xos soch turmagi bilan qatnashgan de Pina yarim finalgacha yetib bordi va yaxshi ma’noda butun ommani o‘ziga qarata oldi. Final ostonasida Hasanboy Do‘smatovning kuchli va aniq zarbalari sabab ushbu bokschining soch turmagi buzilib ketdi. Yakunda “Mikki Maus” bronza medaliga ega chiqqan bo‘lsa, “Professor” oltin medal sari yana bir qadam qo‘ydi va ikki karra Olimpiada chempionligiga erishdi.
Fikrlar