
Olimpiada chempioni bo‘lgan ilk osiyolik sportchi kim?
Yaponiyalik Mikio Oda Olimpiya o‘yinlari oltin medalini qo‘lga kiritgan osiyolik birinchi sportchi hisoblanadi. Oda 1924 yilda Parijda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida balandlikka va uzunlikka sakrashda yarim final bosqichiga chiqa olgan, uch hatlab sakrashda esa 6-o‘rinni egallagan edi.
1928 yilda Amsterdamda o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinlarida esa, u uch hatlab sakrashda 15 metru 21 santimetr natija bilan Yaponiya va qit’amiz tarixida birinchi marta oltin medalni qo‘lga kiritgan.
Shunisi qiziqki, o‘shanda u Gollandiyaga Sibir orqali poezdda borgan. Uch hatlab sakrash mashqlarini poezdning tor kupesida o‘tkazgan. Buning ustiga moliyaviy muammolari ham bo‘lgan. Oda bor pulini tejash uchun vagon restoranida kuniga bir martagina sho‘rva bilan tamaddi qilgan, xolos.
Shu sababli, Amsterdamga etib borganida juda ozib ketgan edi. Bu erdagi uch kunlik mashqlar uni avvalgi holatiga qaytargan va Oda uch hatlab sakrashda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
Mikio Oda Olimpiya o‘yinlari tashkilotchilarini hayratga solib, oltin medal berilishini kutmasdan o‘z yumushlari bilan Parijga jo‘nab ketgan. Keyinchalik uning oltin medali Yaponiya terma jamoasining boshqa sportchisiga topshirilgan.
Fikrlar