
"Odilov bundan ham yaxshi o‘ynay oladi, O‘zbekistondan taklif bor" - "Ximki" futbolchisi
Rossiya premer ligasi vakili – “Ximki” sharafini himoya qilayotgan serbiyalik 27 yoshli tajribali himoyachi Nemanya Anjelkovich ushbu yilning yozida “Akron” klubidan o‘tgan bo‘lib, 11 ta uchrashuvda maydonga tushdi va 1 ta golli pasni uzatdi.
Nega ushbu himoyachi haqida to‘xtalyapmiz? Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, “Ximki”ning mazkur futbolchisiga o‘zimizning Superligadan qiziqishlar yo‘q emas. Qolaversa, u “Ximki”da hamyurtimiz Alisher Odilov bilan birga faoliyat olib bordi.
Hozirda ta’tilda bo‘lgan serbiyalik Anjelkovich bilan Sports.uz muxbiri aloqaga chiqdi va qisqacha suhbat o‘tkazdi.
- Nemanya, adashmasam o‘zbek matbuoti vakili siz bilan ilk bor bog‘lanmoqda-a?
- Ha, bu birinchi marta.
- “Ximki” tarkibida hayumrtimiz Alisher Odilov ham bor. Biroq u hali asosiy jamoada debyutini o‘tkazgani yo‘q. U haqida fikringiz qanday?
- U yaxshi futbolchi. Hali yosh va istiqbolli. Umid qilamanki, u bundan ham yaxshiroq darajada o‘ynay oladi.
- Bizning Superligamizda ko‘plab serbiyalik futbolchilar to‘p surishadi. Ularni bilsangiz kerak? Masalan, kimlar bilan yaqin munosabatdasiz?
- U erda Serbiyadan ko‘p futbolchilar bor. Masalan, Filip Ivanovichni yaxshi taniyman va biz do‘stmiz. Shuningdek, Marushich, Rogan, Tsiger va Yovovichni bilaman.
- Nemanya, sizga o‘zbek klublaridan ham takliflar bo‘lganmi?
- Menda O‘zbekistondan taklif bor, ammo hali bir qarorga kelmadim.
- Umuman, O‘zbekiston chempionati haqida nimalarni bilasiz?
- Ko‘p narsa bilmayman, lekin imkon boricha o‘rganishga harakat qilaman.
Fikrlar