
Neymarning boshi balodan chiqmayapti
Jismoniy holati talabga javob bermagani uchun bosh murabbiy Karlo Anchelotti tomonidan Braziliya terma jamoasiga chaqirtirilmayotgan Neymar yana jarohat oldi.
33 yoshli yulduzning salomatligida muammo chiqqani bois, u “Santos” mashg‘ulotlarida ishtirok eta olmaydi va oldindagi uchrashuvlarda ham maydonga tushishi katta so‘roq ostida turibdi. Bu haqda Globo nashri xabar tarqatdi.
Jurnalist Lukas Musetti Peratsollining ma’lum qilishicha, “Santos” klubida Neymar yuqori sport formasiga chiqishiga shubha kuchayib bormoqda. Klub hujumchini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, Neymarning holatiga to‘liq baho bermoqchi.
2024 yilning katta qismini jarohat tufayli o‘tkazib yuborgan Neymar 2025 yil davomida ikki marotaba jarohat olgandi. Mashhur o‘yinchi ikki bor tizza osti paylarini shikastlab olib, davolanishga majbur bo‘lgandi.
Neymarning “Santos” klubi bilan amaldagi shartnomasi 31 dekabr kuni yakunlanadi. Bir paytlar “Barselona”dan PSJga rekord summa – 222 million evroga transfer qilingan charm to‘p ustasi bugungi kunda Transfermarkt tomonidan 11 million evroga baholanmoqda.
Fikrlar