
Nega Karim Benzema qo‘lini “bintlab” maydonga chiqadi?
E’tibor qilgan bo‘lsangiz, Karim Benzema bir necha yillardan beri futbol o‘yinlarida qo‘l barmoqlarini “bint” bilan o‘rab maydonga chiqadi. So‘nggi yillarda futbolchining bu ishini ramziy ma’nodagi "fidoyilik bog‘ichi" deb atash urfga kirgan. Xo‘sh, bunga nima sabab? SPORTS.uz shu mavzu borasidagi eng qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etadi.
Karim Mustafo Benzemaning “Oltin to‘p” sovrinini qo‘lga kiritishi ma’lum bo‘lgach, “Real” va Benzemani ekipirovkasi bilan shug‘ullanuvchi dizaynerlar o‘zgacha dizayndan foydalanishga qaror qildi. Unga ko‘ra, futbolchi qabul qilib olgan kollektsiyadagi barcha narsa oltindan ishlangan.
Ismi oltin harflar bilan bitilgan “jersey”
Oltin ishlatib bezatilgan butsalarda Frantsiya bayrog‘i ham ask ettirilgan
Eng asosiy fishka – oltin bog‘ich! Bir necha yillar davomida Benzema bilan birga tilga olinishi urfga kirgan atribut ham kollektsiyadan o‘rin egalladi. Bu narsa har qanday qiyinchilikni engib o‘tish mumkinligi va asosiysi maqsad yo‘lida ortga chekinmaslik lozimligini anglatadi. O‘z-o‘zidan o‘rinli savol paydo bo‘ladi: Karim nima uchun bunday bog‘ichdan foydalanadi?
Frantsuz qariyb 3 yildan beri shu atribut bilan yashil maydonga chiqib kelmoqda. 2019 yilning yanvar oyida “Betis”ga qarshi uchrashuvdagi bir epizod qahramonimizning jimjiloq barmog‘i lat eyishiga olib keladi. O‘shanda u Mark Bartra bilan to‘qnashib ketgan va erga noqulay yiqilgan edi. Og‘riq kuchli bo‘lgani bois, Benzema o‘yinni davom ettira olmaydi.
Bellashuvdan keyin klub shifokorlari jarohat jiddiy ekanligi va darhol operatsiya qilish kerakligini aytadi. Futbolchi kamida 2 oyga safdan chiqishi mumkinligini eshitgach, darrov jarrohlik stoliga yotishdan voz kechadi. U “Real” uchun og‘ir kunlar boshlangan paytda jamoadoshlarini yolg‘iz qoldirishni istamaydi. Keyingi o‘yinda shifokorlarning taqiqiga qaramay maydonga chiqadi. 2 haftadan keyin bo‘lib o‘tgan “Espanol” bilan o‘yinda dubl qayd etishiga barmog‘idagi og‘riq to‘sqinlik qilgani yo‘q. Yozda futbolchi operatsiya qilindi, biroq jarohat to‘liq tiklanmasidan turib yana yashil maydonga qaytdi. Natijada, yana jarohat. Shifokorlar o‘sha qayta operatsiya yoki doimiy ravishda u bilan hamroh bo‘luvchi qavat-qavat bintdan iborat bog‘ichni taklif qiladi. Natijada, “qaymoqranglilar” sardori jamoasi g‘alabalariga hissa qo‘shishni o‘z sog‘lig‘idan afzal ko‘radi. Qarabsizki, barmoqdagi jarohat surunkali ko‘rinish oladi. Shunga qaramay, Benzema bu qaroridan hech qachon afsuslanmasligini bir necha bor ta’kidladi.
“Tasavvur qilib ko‘ring! Jamoam barcha frontda “jang” qilayotgan bir paytda, jimjilog‘imdagi og‘riq sababli ularni yolg‘iz qoldirishim qay darajada to‘g‘ri? Bu ishimdan hech qachon afsuslanmayman. Jarohatlar bitib ketadi, sovrinlar tarixda qoladi”.
Darhaqiqat, vaqt o‘tgach Benzemaning qo‘lidagi bog‘ich o‘ziga xos fishkaga aylanib qoldi. Omma orasida uning ramziy ma’nosi turlicha. Kimdir fidoyilik bog‘ichi deb atasa, boshqalar kuch-qudrat belgisi deb hisoblaydi.
Ya . U
Fikrlar