
"Neftchi" ilk turdayoq ochko yo‘qotdi. O‘yindan keyin Ilhom Mo‘minjonov qanday izoh berdi?
Bugungi pro-liganing ilk turidagi “Neftchi” – “Olimpik” (0:0) uchrashuvidan keyin farg‘onaliklar bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Bugun Pro-liganing ochilish o‘yinini o‘tkazdik. Yangi mavsumni "Neftchi" - "Olimpik" bahsi ochib berdi. O‘yin haqida aytadigan bo‘lsam, birinchi bo‘limning o‘zida to‘rtta gol ursak bo‘lardi. Yuqori pressing evaziga harakat qilgandik. Bizda raqib xatosidan so‘ng vaziyatlar bo‘lgandi, afsuski foydalana olmadik. Ikkinchi bo‘limda bu kabi vaziyatlar bo‘lmadi, birinchi bo‘limning o‘zida yirik hisobni ta’minlasak bo‘lardi.
To‘purar hujumchimiz Doston Toshmatov biz bilan shartnoma tuzgan va ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Hozirgi kunda uni 10 ta o‘yinga diskvalifikatsiyasi bor. Yana 9 ta o‘yindan so‘ng uni maydonga tushirsak bo‘ladi. Hozircha mashg‘ulotlarga qo‘shilgani yo‘q, yaqinda uning to‘yi bo‘ldi.
Birinchi bo‘limda yuqori pressing uslubida o‘ynadik. Ruslan Rozievni 60-daqiqalarda almashtirdik, lekin zaxira o‘zini oqlamadi. 3 ta futbolchini zaxiradan tushirdik, afsuski foyda bermadi. Zaxira uchun nol qo‘ygan bo‘lardim. Roziev endi 18 yoshga to‘ldi, unda charchoq alomatlari sezildi.
Marko Obradovich oxirgi 3 ta o‘rtoqlik o‘yinlarida 4 ta gol urgandi. Bugun u ikkita qulay vaziyatdan foydalana olmadi. Unda jarohat ham bor edi. Marko to‘purar hujumchi, balki keyingi o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatadi.
Futbolchilarga ham, murabbiylarga ham motivatsiya beradigan muxlislar hisoblanadi. Albatta diskvalifikatsiya muddati yakuniga etganidan so‘ng, muxlislar stadionga kelib bizni qo‘llab-quvvatlashlariga ishonib qolamiz.
O‘ylashimcha taqvim, biz uchun qulay tushdi. Baribir barcha jamoa bilan o‘ynaymiz. Bugun "Olimpik" jamoasiga omad kulib boqdi. Raqibni 1 ochko bilan tabriklayman, - dedi Mo‘minjonov.
"Neftchi" matbuot xizmati
Fikrlar