
"Neftchi" futbolchisiga ko‘rsatilgan qizil kartochka haqqoniymidi? Ilhom Mo‘minjonov vaziyatga o‘z fikrini bildirdi
O‘zbekiston Superligasi 2-turi doirasidagi "Paxtakor" - "Neftchi" (1:0) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov matbuot anjumanida ishtirok etdi va o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
"Paxtakor"ning oxirgi ikki o‘yinini to‘liq o‘rganib chiqib, jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandik. Maqsadimiz - qarshi hujumda harakat qilish edi. O‘yin oldidan tuzilgan taktika 15 daqiqa dosh berdi.
Keyin, qizil kartochka bilan jazolandik. "Paxtakor"dek raqibga qarshi 10 kishi bo‘lib o‘ynash qiyin. Boisi, ularning tarkibida individual jihatdan kuchli futbolchilar ko‘p. Ularni g‘alaba bilan tabriklayman.
Birinchi bo‘limdan keyin qizil kartochka ko‘rsatilgan vaziyatni ko‘rib chiqdik va shu ma’lum bo‘ldiki, Abror juda xavfli o‘ynagan ekan. Hakam uni haqli tarzda maydondan chetlatdi.
Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, markazdagi futbolchi qizil kartochka olganidan so‘ng sxemaga o‘zgartirish kiritmadik. Zaxiradan futbolchini ham maydonga tushirganimiz yo‘q. Chunki raqibni qanotlari juda kuchli edi va agar himoyadan kimnidir oldinga chiqarsam, bu qimmatga tushishi mumkin edi.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, "Paxtakor" joriy mavsum kiritgan gollarning barchasi qanotdan oshirilgan to‘pdan so‘ng urilgan. Buni bahs oldidan inobatga olgandik, ammo qo‘rqqan voqeam sodir bo‘ldi - raqibning qanotlari o‘yinni hal etdi.
Qizil kartochka bo‘lmaganida faqat va faqat g‘alaba uchun o‘ynar edik. Chunki pozitsion hujumga o‘tish borasida yaxshi harakat qila olardik. So‘nggi paytlarda "Paxtakor" raqiblariga pozitsion hujumga o‘tish imkoniyatini taqdim etmoqda. Avval ular yuqori pressingda o‘ynardi.
"Paxtakor"da xavfli vaziyatlar u qadar ko‘p bo‘lmadi. Yana o‘sha gapni qaytaraman - ularning qanotlari juda yaxshi ishlaydi va markazda ham mahoratli hujumchi evaziga natijani qo‘lga kiritadi.
Fikrlar