
"Navbahor" OChLda yaxshi natija ko‘rsata oladi, mavsum tugashi bilan "Neftchi" aloqaga chiqdi" - Nurillo To‘xtasinov nima sababdan jamoasini o‘zgartirganini bilasizmi?
Iqtidorli yarim himoyachi Nurillo To‘xtasinov bu yilgi chempionat nihoyasiga etganidan so‘ng klubini o‘zgartirganidan xabaringiz bo‘lsa kerak.
Andijonlik futbolchi “Navbahor” safida to‘liq mavsumni o‘tkazdi. Lekin u erda o‘zi istagan darajada o‘yin amaliyotiga ega bo‘lgani yo‘q.
Kelasi yilgi mavsumni esa To‘xtasinov Farg‘onaning “Neftchi” jamoasida o‘tkazadi. Sports.uz jurnalisti futbolchiga bir qancha savollar bilan murojaat qildi.
- Nurillo, chempionat tugashi bilanoq “Navbahor” bilan xayrlashib, “Neftchi” klubi a’zosiga aylandingiz. Rasman shartnoma tuzganingiz e’lon qilindi. Nega hammasi bunchalik tez sodir bo‘ldi?
- Avvalambor, barchaga assalomu alaykum! Mavsum tugashi bilanoq “Neftchi” klubidagilar men bilan aloqaga chiqishdi. Yaxshi taklifni o‘rtaga tashladilar. Bu esa menga ma’qul keldi.
- Bir yil mobaynida “Navbahor”da o‘ynadingiz. Ammo, adashmasam, ikkinchi davrada zaxirada qolib ketdingiz. O‘zi, nima bo‘ldi?
- Bu yil “Navbahor” jamoasida juda yaxshi o‘yinchilar yig‘ildi. Shunga mos ravishda u erda ajoyib jamoa shakllangandi. Ikkinchi davrada meni nima sababdan o‘yinlarga qo‘ymaganini bilmadim. Rosti, o‘ynamaganimning sababi nimada ekanini o‘zim ham bilmayman.
- “Navbahor”ga o‘tishdan oldin sizda legioner sifatida chetda to‘p surish imkoni ham bo‘lgandi. Bu imkoniyatdan foydalanmaganingiz siz uchun yaxshilikka bo‘ldimi yoki...
- Albatta, menga “Navbahor”dan ilgari xorijdan takliflar bo‘lgani rost. Lekin namanganliklar safiga o‘tganimdan afsuslanmayman. Xudo xohlasa, hammasi oldinda, barchasi yaxshilikka bo‘ladi.
- “Neftchi” va “Navbahor” doim printsipial raqiblar. Siz endi Farg‘onada o‘ynaysiz. “Navbahor”dan nimasi bilan farq qiladi, deb o‘ylaysiz?
- “Navbahor”ning ham, “Neftchi”ning ham o‘z o‘yin uslublari bor. Ikkala jamoa hujumkor o‘yin ko‘rsatadi.
- Sobiq klubingizga aylangan “Navbahor” Osiyo Chempionlar ligasida qatnashadi. Jamoaning imkoniyatini qanday baholaysiz?
- Shuni aniq aytamanki, “Navbahor” klubi Osiyo Chempionlar ligasida yaxshi natija ko‘rsata oladi. Xudo xohlasa, jamoaning bunga imkoniyati etarli.
- “Navbahor”da futbolchi sifatida o‘sdim deb o‘ylaysizmi yoki aksinchami?
- “Navbahor”da futbolchi sifatida o‘smadim, deb o‘ylayman. Chunki ikkinchi davrada maydonga kam tushdim. Xudo xohlasa, “Neftchi” jamoasida yaxshi o‘yinlar ko‘rsataman, deb umid qilaman.
- “Neftchi”da o‘zingiz uchun qaysi raqamni tanladingiz?
- Hali raqam tanlamadim.
- “Neftchi”ning yangi mavsumdagi maqsadi jiddiymi va bosh murabbiy Vitaliy Levchenko bilan ilk suhbat qanday o‘tdi?
- “Neftchi”ning yangi mavsumdagi maqsadi katta. Xudo xohlasa, medallar uchun harakat qilamiz. Murabbiy bilan rejalar va yangi maqsadlar haqida gaplashdik.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar