
"Navbahor" muxlislari nega norozi bo‘lmoqda?!
Bugungi kunning eng shov-shuvli xabarlaridan biri "Navbahor" ustozi Samvel Babayanga berilgan litsenziya vaqtincha qaytarib olingani bo‘ldi.
Bu kabi norozichiliklar SPORTS.uz saytida Samvel Babayanga shahar bedarvozami? nomli maqola e’lon qilingach, boshlandi. Ushbu maqoladan so‘ng, O‘zPFL surishtiruv ishlarini olib bordi va yakunda "Navbahor" ustoziga berilgan litsenziya vaqtincha olib qo‘yildi.
Tabiiyki, bu ko‘pchilik namanganlik muxlislarning keskin noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Biroq ular tanganing ikkinchi tomonini o‘ylab ko‘rishmayapti. Ya’nikim, Babayan jurnalistga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lgan. Bu - fakt.
Mamlakatda sportga oid axborotlarning etarli darajada bo‘lmasligi, sust yoritilishi odamlar orasida har xil mish-mish, uydirma va bo‘htonlarning tarqalishiga olib keladi va bu narsa umumijtimoiy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Aksincha, ommaviy axborot vositalari futbol muxlislarini zarur axborotlardan o‘z vaqtida xabardor qilib tursalar, muhim yangiliklarni xolis sharhlab borsalar, asossiz, g‘arazli mish-mishlarga o‘rin qolmaydi. Shunga erishilsa, bundan faqatgina futbol naf ko‘radi.
Qolaversa, O‘zPFL musobaqalarini yoritib boruvchi jurnalistlarning stadionlardagi faoliyatini “O‘zPFL tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlar va musobaqalarda ishlovchi OAV vakillari uchun yo‘riqnoma” orqali tartibga soladi, ularga shu asosda akkreditatsiya taqdim etiladi. Shundan kelib chiqib, O‘zPFL o‘z tadbirlarida faoliyat olib borayotgan OAV vakillarini har qanday holatda ham himoya qilishi aytildi. Agar jurnalist o‘z ish faoliyati davomida qandaydir zo‘ravonlikka duch kelsa, bu holatni Professional futbol ligasi nazoratga oladi va kerakli tartibda aybdor jazolanadi.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, agar "Navbahor" o‘z oldiga chempionlikni maqsad qilib qo‘ygan bo‘lsa, u holda hech narsadan cho‘chimasligi kerak. Aksincha, futbolchilar qo‘shimcha motivatsiya olib, keyingi uchrashuvlarda hozirgidanda kuchliroq harakat qilishi kerak. Namanganlik muxlislarni yaxshi bilamiz. Ular o‘z sevimlilarining har bir o‘yinida 12-futbolchisi sifatida stadionga kelishadi. Ishonamizki, ular "lochinlar"ning keyingi bellashuvlarida ham oldingidanda kuchliroq qo‘llab-quvvatlab, chempionlik yo‘lidagi kurashda o‘z hissalarini qo‘shadi.
Jamshidbek Mahmudov
Fikrlar
Ҳаммасини Судга бериш керак.