
"Navbahor" ishtirokidagi o‘yinda 9 ta gol urildi!
FIFA kunlari sababli, O‘zbekiston Coca Cola Superligacida yuzaga kelgan tanaffusdan unumli foydalanish maqsadida, “Navbahor” 22 sentyabr kuni Namangan shahar, Davlatobod tumanidagi “Markaziy” o‘yingohda Qirg‘iz Respublikasining “Neftchi” (Qo‘chqor-Ota) klubi bilan xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi.
Ta’kidlash joizki, kechagi raqib “Neftchi” Qirg‘iz Respublikasi chempioni (2010), vitse-chempioni (2011), bronza medali sohibi (2020) sanaladi. Shuningdek, qo‘chqor-otaliklar Qirg‘iz Respublikasi kubogi (2019, 2021) va Superkubogi (2011)ni ham qo‘lga kiritishgan.
Ayni paytda esa “Neftchi” Qirg‘iz Respublikasi Premer-ligasida “Abdish-ata” hamda “Alay” klublaridan so‘ng, 32 ochko to‘plagan holda, turnir jadvalida 3-o‘rinda bormoqda.
Kechagi o‘yinda “Navbahor” ustozi Samvel Babayan asosan zaxira futbolchilari hamda yoshlarni maydonga tushirib, sinab ko‘rdi.
Uchrashuvda jamoamiz yirik – 7:2 hisobida g‘alaba qozondi. Aytish lozimki, bellashuvda hisobni mehmonlar ochishdi. Keyin esa “lochinlar” ushbu golga 4 ta gol bilan javob berib, tanaffusga 4:1 hisobidagi g‘alaba bilan chiqib ketishdi.
Ikkinchi bo‘limda ham dastlab qirg‘izistonliklar hisobni qisqartirishdi. So‘ngra, maydon egalari yana 3 ta gol urgan holda, yakuniy hisobning 7:2 ko‘rinish olishini ta’minlashdi.
“Navbahor”ning gollariga Igor Golban, Azimjon Ahmedov (penaltidan), Diyorjon Turopov, Muzaffar Mo‘minov, Asadbek Sobirjonov va Jasur Yaxshiboev (2 ta) mualliflik qilishdi.
“Neftchi”dan esa hujumchi Eldar Moldujunusov “dubl”ga erishdi.
Shu tariqa, jamoamiz xalqaro o‘rtoqlik bahsida yirik hisobda zafar quchdi.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.
Fikrlar