
Namangan viloyati hokimi "Navbahor" stadionida yig‘ilish o‘tkazdi. Unda qanday masalalar ko‘rildi?
Kecha “Navbahor” jamoasi o‘z uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan “Markaziy” stadioni anjumanlar zalida Namangan viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Shavkatjon Shokirjanovich Abdurazzoqov, shuningdek, sektor rahbarlari, “Navbahor” PFK vitse-prezidenti Otabek Arifovich Samatov, Namangan viloyati Yoshlar siyosati va sportni rivojlantirish boshqarmasi, viloyat futbol assotsiatsiyasi, viloyat futbol akademiyasi, “Navbahor” PFK hamda “Navbahor-Umid” BO‘FM rahbariyati, klubning farm, U-21 yoshlar, U-19, ayollar hamda futzal jamoalari murabbiylari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishni viloyat rahbari Shavkatjon Shokirjanovich Abdurazzoqov olib bordi.
Shavkatjon Shokirjanovich o‘z so‘zida Namangan – futbolsevarlar viloyati ekanligi, viloyatda futbol bilan shug‘ullanayotgan bolalar va yoshlar ko‘pchilikni tashkil etishini qayd etgan holda, bunga e’tibor yanada kuchayishini ta’kidladi.
Shuningdek, viloyat hokimi murabbiylarni qanday muammolar qiynayotganligi bilan qiziqib, ularga barcha sharoitlar yaratib berilishi, jumladan, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Yoshlik” stadionini “Navbahor-farm” jamoasi o‘z uy uchrashuvlarini o‘tkazish uchun tayyorlash lozimligi, bundan tashqari, Kosonsoy tumanidagi “Markaziy”, Namangan shahridagi “Dinamo”, “Navbahor-Umid” stadionlarini “Navbahor”ning turli yosh toifadagi jamoalari futbol o‘yinlarini o‘tkazishi uchun shay holatga keltirish, ulardagi kamchiliklarni bartaraf etish kerakligi, bolalar hamda yoshlar futboliga e’tibor kuchaytirilsa, viloyatdan yana ko‘plab iqtidorli futbolchi etishib chiqishi, murabbiylar bu borada o‘z takliflarini berishlari lozimligini ham ta’kidlab o‘tdi.
Yig‘ilish qatnashchilari futbolga ulkan e’tibor qaratayotgani uchun viloyat rahbariga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi va bu kelajakda o‘z mevasini berishini ta’kidlashdi.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.
Fikrlar