
MYu futbolchilari Amorimga ishonmay qo‘yishdi
"Manchester Yunayted" yangi mavsumni yomon boshladi va 4 turda atigi 4 ochko jamg‘ardi. Yakshanba kuni Ruben Amorim jamoasi derbida "Manchester Siti"ga 0:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Ayni damda "qizil iblislar" Premer-liga turnir jadvalida 14-o‘rinni egallab turibdi.
Daily Mail xabariga ko‘ra, "Manchester Yunayted" futbolchilari Ruben Amorim tizimiga ishonmay qo‘yishgan. Amorimni qo‘llab-quvvatlayotgan jamoa sardori Brunu Fernandesh ham maydonda o‘zini noqulay his qilmoqda. Fernandeshga o‘yin davomida juda chuqur joylashishga to‘g‘ri kelayotgani yoqmayapti.
Amorim 3-4-2-1 o‘yin tizimidan foydalanadi. "Manchester Yunayted" to‘laqonli yozgi mavsumoldi o‘yinlari vaziyatni yaxshilashga yordam berishiga umid qilgandi, ammo hozircha oldinga siljish yo‘q. Derbidagi mag‘lubiyatdan so‘ng Amorim futbol falsafasini o‘zgartirishdan ko‘ra, uni ishdan bo‘shatishlarini aytdi. Murosaga kelishdan bosh tortish murabbiyning kiyinish xonasini butunlay yo‘qotishiga olib kelishi mumkin.
Fikrlar