MYu - "Chelsi": Prevyu

  • 24 oktabr, 2020, 11:37
  • Javokhir Azimov
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

APL qizigandan qizib bormoqda. Mavsum avvalida kim ham 4-5 tur yakuniga ko‘ra, "Everton" karvonboshilik qilishini, "Aston Villa" hatto "Liverpul"ga 7 ta gol urib, peshqadamni ta’qib etishini, Manchesterning har ikki klubi yirik hisoblarda mag‘lub bo‘lishini, yozda millionlar sarflagan "Chelsi" va "Siti" startni ko‘ngildagidek boshlay olmasligini taxmin qilibdi deysiz?! Mana bu biz kutgan va sevib tomosha qiladigan Premer-liga! Hozir esa, ushbu musobaqaning ikki grand jamoasi o‘rtasidagi bellashuvga etiboringizni qaratamiz. Ehtimol, bugungi "el-klasiko"ning "vazn"i bizning o‘yindan kattaroqdir. Ammo bizni qiziqarli futbol kutayotgani aniq!

Tecno

photo_2020-10-24_03-01-54

"Manchester Yunayted"

Sulsher shogirdlarining hozirgi holati havas qiladigan darajada emas. 4 o‘yin o‘tkazgan "qizil iblislar" ularning 2 tasida g‘alaba qozongan. Yana shuncha mag‘lubiyat qabul qilib olingan. Biroq o‘sha o‘yinlardagi natijalar MYu muxlislarining g‘azabini keltirib chiqardi. Darvoza va himoya chizig‘ining ahvoli og‘ir. Buni 4 uchrashuvda o‘tkazib yuborilgan 12 ta goldan ham sezish mumkin. Boz ustiga, oldingi chiziq ham kutilganidek o‘yin ko‘rsatmayapti. Mavsum avvalida katta umidlar bog‘langan mankuniyaliklar hujumi raqib yarim maydonida oqsamoqda. Shunga qaramay, "qizil iblislar", odatda, "Chelsi"ga qarshi yaxshi o‘yin ko‘rsatadi. APLda kechgan so‘nggi 5 o‘yinda manchesterliklar mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Sulsher jamoasi o‘tgan mavsumda har ikki o‘yinni o‘z foydasiga hal etgan. To‘plar nisbati ham yomon emas, nazarimizda: 6:0. Ustiga ustak, Chempionlar Ligasidagi muvaffaqiyali start ham "qizillar"ning foydasiga ishlashi tayin. Ushbu faktorlar muhim o‘yin oldidan "qizil iblislar"ga ruhiy ustunlik beradi. Keling, tarkib haqida ham fikr yuritamiz...

Norvegiyalik mutaxassis qo‘l ostida juda kuchli tarkib yig‘ilgan. Har bir chiziqda o‘z ishining ustalari yig‘ilganligini ortiqcha e’tiborsiz ham payqash qiyin emas. Jamoaga yaqindagina kelib qo‘shilgan o‘yinchilar ham o‘zini ko‘rsatishi darkor. Aleks Telles PSJga qarshi o‘yinda debyutini o‘tkazdi va aytish mumkinki, braziliyalik himoyachi yomon taassurot qoldirmadi. Donni Van de Bek ham allaqachon o‘zini ko‘rsatishni boshladi. Faqat unga ko‘proq imkoniyat berilishi lozim, nazarimizda. Niderlandiyalik vunderkind o‘yinga tushgan daqiqalarida murabbiy ishonchini oqlamoqda. Yana bir futbolchi borki, uning debyutini barcha intizorlik bilan kutmoqda. Biz aytgan, siz taxmin qilgan futbolchi - Edinson Kavani. Urugvaylik hujumchi transfer oynasining so‘nggi soniyalarida "qizil iblislar" libosini kiydi. Bosh murabbiy avvalgi o‘yinlar oldidan yangi shogirdining jismoniy holati haqida qayg‘urib, yaqinlashib kelayotgan muhim bahslargacha uning qaytishiga umid qilgan edi. Katta ehtimol bilan, 33 yoshli forvard "Chelsi"ga qarshi o‘yinda maydonga tushishi mumkin.

photo_2020-10-24_11-20-00

Taxminiy tarkib: De Xea, Uan-Bissaka, Maguayr, Lindelyof, Shou, Aleks Telles, Pogba, Van de Bek, Brunu Fernandesh, Reshford, Marsyal.

Ole-Gunnar Sulsher: Futbol o‘z holiga qaytmoqda. Barcha jamoalar o‘zlarining optimal formsini tiklayapti. Bizni juda murakkab o‘yin kutib turibdi. O‘tgan mavsum ularga qarshi 4 marta maydonga tushdik va ularni yaxshi bilamiz. Reshford kundan kunga o‘sib bormoqda. U qilayotgan ishlar keyingi faoliyati yanada rivojlanishiga sabab bo‘ladi, degan umiddaman".

photo_2019-04-24_12-47-41

"Chelsi"

Yoz bo‘yi transfer bozorini portlatgan "aristokratlar" bunday start olishini hech kim kutmagan bo‘lsa kerak. Iste’dodlarga to‘lib-toshgan jamoa ulardan to‘liq foydalana olmayotgandek, go‘yo. Har holda, hozircha shunday deyishga haqqimiz bor. Lempard shogirdlari 5 ta o‘yin o‘tkazgan va shularning atigi 2 tasida g‘alaba qozona olgan. Bunday tarkib bilan hozirgi natijalarni yaxshi, deb bo‘lmaydi. Ustiga ustak, "Chelsi" katta klublarga qarshi kutilganidek harakat qila olmayapti. "Liverpul"ga aytarli qarshilik ko‘rsata olmagan londonliklar "Sevilya"ni ham enga olmadi. Ammo "ko‘klar" foydasiga ishlaydigan bir jihat bor: APLdagi o‘zaro o‘yinlar statistikasi "aristokratlar" tomonda. "Tumanli albion"ning eng shonli tarixga ega klublaridan biri MYu "Chelsi" bilan o‘zaro 56 ta o‘yinda ishtirok etib, 17 ta g‘alabaga erishgan. Londonliklar esa, 18 bor zafar quchgan. 21 bahsda murosa ko‘chasi tanlangan. Demak, Lempard ham shogirdlariga ruhiy ustunlik topib bera oladi. Yosh murabbiy qo‘l ostidagi futbolchilar haqida ham ikki og‘iz fikr yuritsak...

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, "Chelsi" tobora o‘z o‘yinini topa olmayotgan yulduzlar jamoasiga aylanib bormoqda. Shunga qaramay, so‘nggi uchrashuvlarda bir qancha futbolchilar kutilgan darajaga chiqayotganini ham e’trof etish joiz. Oxirgi bahslarda Verner, Xaverts, Chiluell kabi futbolchilar o‘zlarini ijobiy tomondan ko‘rsatayotgan bo‘lsa, Ziesh va Mendi asosiy tarkib uchun jiddiy kurashmoqda. Jamoa etakchisi bo‘lishi taxmin qilingan Kristian Pulishichning safga qaytgani esa, "aristokratlar" o‘yinini sezilarli kuchaytira oladi. Faqatgina bir kichkina yo‘qotish bor: Kepa jarohati sabab bugungi muhim uchrashuvni o‘tkazib yuboradi. Bu "ko‘klar"ning foydasiga ishlaydimi yoki zararigami, bahs yakunida bilib olamiz.

photo_2020-10-23_12-39-12

Taxminiy tarkib: Mendi, Aspilikueta, Tyago Silva, Zuma, Chiluell, Jorjino, Kante, Xaverts, Maunt, Pulishich, Verner.
Frenk Lempard: "Premer-liganing har bir murabbiyi o‘zining muammolarini hal qilishga mas’ul. Shuning uchun Sulsherning ishini muhokama qilmayman. Har ikkimizning o‘z jamoamiz bor. Murabbiyga tushadigan bosimning qay darajada ekanligini yaxshi tushunaman. Men uni hurmat qilaman".

photo_2020-10-24_10-52-17

Tarkiblar, printsipiallik, murabbiylar yondashuvi - barchasi bugungi o‘yin yuqori darajada o‘tishini anglatmoqda. Har ikki jamoada ham hujum kuchli darajada, himoyada muammolar bor. Bu bizga hujumkor va gollarga boy o‘yin ta’minlashi tayin.

Javohir Azimov tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Maksadbek
24/10/2020 13:45
Xolis fikr bildirilmagan go‘yoki man yunayted bomba o‘yinchilari bor zaxira ham daxshat chelsida baribir yulduzlar o‘ynolmaydi yutqazadi deyayotgandek bo‘lgan