
Muxtorxon Tashxodjaev Xalqaro va Osiyo Paralimpiya qo‘mitalari prezidentlari bilan uchrashdi
O‘tgan hafta Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahri mezbonligi ostida o‘tgan para atletika bo‘yicha Jahon chempionati o‘z nihoyasiga etdi.
Kelasi yili Tokioda bo‘ladigan Paralimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmalarni taqdim etadigan ushbu musobaqada terma jamoamiz vakillari muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Ushbu jahon chempionati doirasida O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi raisi Muxtorxon Tashxodjaev Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Endryu Parsons hamda Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Majid Rashed bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida tomonlar mamlakatimizda Paralimpiya harakatini yanada ommalashtirish hususida fikr almashishdi va keng ko‘lamli, ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama etishdi. Kelajakdagi ushbu umumiy loyihalar barcha qiyinchiliklarga qaramasdan, kuch va g‘ayratga to‘la bo‘lgan sportchilarimizning keyingi faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishi e’tirof etildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi rahbari yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishga, hususan Paralimpiya harakatini rivojlantirishga bo‘lgan e’tibor haqida gapirdi.
“So‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni jamiyatga faol integratsiyalashuvini ta’minlash, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish natijasida Respublikamizning turli xududlaridan yangi iqtidor egalari kashf etilmoqda. Buning samarasi o‘laroq sportchilarimiz o‘z iqtidor va salohiyatlarini ishga solgan holda xalqaro miqyosdagi nufuzli musobaqalarda yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishmoqda”, - dedi Muxtorxon Tashxodjaev.
O‘z o‘rnida Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi prezidenti ham mamlakatimizda Paralimpiya harakatiga bo‘lgan qiziqish oshib borayotgani haqida fikr bildirdi.
“O‘zbekistonda Paralimpiya sport turlariga bo‘lgan qiziqish keskin oshib bormoqda. Buni o‘zbekistolik sportchilarning jahon arenalarida qayd etayotgan natijalaridan ham bilish mumkin. Albatta, buning zamirida katta mehnat va o‘ziga yarasha mashaqqat yotadi. Bunda O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasining hissasi yuqori”, - dedi Endryu Parsons.
Ma’lumot o‘rnida, Para atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bu galgi jahon chempionatida tarixiy natijani qayd etdi. Dunyo birinchiligida ilk bor 8 ta medalni qo‘lga kiritgan sportchilarimiz musobaqani umumjamoa hisobida kuchli o‘nlikda yakunlashdi.
Fikrlar