Mundial startiga 18 kun qoldi. Frantsiyaning qo‘rqinchili tushiga aylangan Daniya haqida nimalarni bilasiz?

  • 2 noyabr, 2022, 21:22
  • Makhmudov Jamshidbek
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

JCh-2022 startiga tobora oz vaqt qolmoqda. Muxlis va mutaxassislarni intizorlik bilan kuttirayotgan turnir tez orada boshlanadi.

Tecno

Qaysi terma jamoalar "JCh-2022"da ishtirok etishini yaxshi bilasiz. Agar hamon bundan xabardor bo‘lmasangiz yana bir  bor eslatib o‘tib ketamiz.

Mundial startiga 18 kun qolgan va biz ketma-ketlikda termalar bilan sizni tanishtirib o‘tamiz. Demak, "S" guruhining uchinchi vakili Daniya orqali o‘ziga xos "chellenj"imizni davom ettiramiz.

Jamoa haqida

Daniya futbol ittifoqi (Danmarks fodboldlandshold - DF). Laqablari — “qizil-oqlar”, “Olsenning 11 do‘sti”, “Qizil gvardiya”.

Tashkil topgan yil: 1889 yil (FIFAga 1904 yil a’zo bo‘lgan)
Jamoa bosh murabbiyi: Kasper Yulmann
Jamoa sardori: Simon Ker

Ilk rasmiy uchrashuvi: Frantsiya – Daniya 0:9 (1908)
Eng yirik g‘alaba: Daniya – Frantsiya 17:1 (1908)
Eng yirik mag‘lubiyat: Germaniya – Daniya 8:0 (1937)

Daniya terma jamoasi ayni payt FIFA reytingida 10-o‘rinni egallab turibdi. Ularning eng yaxshi natijasi esa 3-pog‘ona bo‘lib, 1997 yilda ushbu yutuqqa erishgan. Eng yomoni bo‘lsa, 2017 yilda qayd etilgan. O‘shanda “qizil-oqlar” FIFA reytingida 51-o‘ringa tushib ketgan.

Daniya birinchi marta 1958 yil Shvetsiyada bo‘lib o‘tgan mundial saralash bosqichida qatnashgan. Ammo ular musobaqa yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmagan.

“Qizil-oqlar” birinchi marta 1986 yilda jahon chempionatiga qatnashgan. O‘shanda “Olsenning 11 do‘sti” guruh bosqichi doirasidagi uchta o‘yinning barchasida g‘alaba qozongan edi, shu jumladan chempionlik uchun asosiy da’vogarlardan bo‘lgan G‘arbiy Germaniyani ham 2:0 hisobida taslim etgan. Ammo Daniya pley-offda Ispaniya qarshiligini sindira olmagan edi. O‘shandan keyin “qizil-oqlar” 1990, 1994, 2006 va 2014 yilgi mundial yo‘llanmasiga ega chiqa olmagan bo‘lsa, qolgan mavsumlarda muntazam ravishda jahon chempionati final bosqichida o‘ynab keladi. Qatardagi musobaqa Daniya tarixidagi 6-mundial hisoblanadi. Ularning eng yaxshi ko‘rsatkichi esa 1998 yilda bo‘lib, o‘shanda “qizil gvardiya” turnirning chorak finaliga qadar etib borgan.

Turnirgacha bosib o‘tgan yo‘li

Daniya Shotlandiya, Isroil, Avstriya, Farer orollari va Moldova bilan birga Qatardagi jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurash olib bordi. O‘tgan yilning mart oyida, Evropa chempionati oldidan saralashdagi o‘yinlarini boshlagan “qizil gvardiya” dastlabki uchta bahsni muvaffaqiyatli yakunladi — Isroil (2:0), Moldova (8:0) va Avstriya (4:0). Keyin barchamiz Kasper Yulmann jamoasining Evro-2020dagi ajoyib o‘yinlarini kuzatdik. Daniyaliklar ushbu musobaqada yarim finalgacha chiqdi.

O‘tgan yilning kuzida saralash bahslarining qolgan uchrashuvlari o‘tkazildi. Ammo Daniya terma jamoasining o‘yini umuman o‘zgarmadi. “Qizil-oqlar” birin-ketin raqibini mag‘lub etishdi. Hayratlanarlisi, daniyaliklar saralash doirasidagi 8 o‘yinda birorta ham gol o‘tkazib yuborishmadi. 8-turda Daniya o‘z maydonida avstriyaliklarni minimal hisobda (1:0) mag‘lub etdi. Bu g‘alaba “qizil gvardiya”ga Qatardagi jahon chempionati guruh bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani kafolatladi. Keyingi uchrashuvda ishtiyoqsiz Daniya kamtarin Farer orollariga qarshi bahs olib bordi va saralash doirasidagi birinchi golini o‘tkazib yubordi (3:1), so‘nggi turda esa ular Shotlandiyaga imkoniyatni boy berdi (0:2).

Tarkib

Evro-2020 musobaqasidagi ajoyib o‘yinlaridan keyin ko‘plab etakchi klublar daniyalik o‘yinchilarni “ov qilish”ga harakat qildi, ammo yuqori darajadagi transferlar amalga oshmadi. Biroq “Sevilya”ning transferlarini alohida ta’kidlab o‘tish joiz – Tomas Dileyni Andalusiya jamoasi bilan uzoq muddatli shartnoma imzoaldi, Kasper Dolberg esa ijara asosida ispan klubi safiga o‘tdi. Yarim himoyachi Mikel Damsgorga Italiyaning "Yuventus", "Inter" va "Milan", shuningdek, Londonning "Tottenxem" klublari qiziqish bildirishdi. Ammo yakunda 22 yoshli futbolchi “Sampdoriya”dan “Brentford”ga ko‘chib o‘tdi.

Daniyalik futbolchilar Premer-liga (“Manchester Yunayted”, “Tottenxem”), La Liga (“Barselona”, “​​Sevilya”), A Seriya (“Milan”, “Atalanta”)ning ko‘plab top-klublarida o‘ynaydi. Daniya chempionatidan terma jamoaga chaqirilgan futbolchilarni kamdan-kam uchratish mumkin. Ammo, shunga qaramay, kamida Skandinaviyaning uchta klubi futbolchilari "qizil-oqlar" jamoasidan chaqiruv oladi – “Kopengagen”, “Brondbyu” va “Midtyulland”.

Eng yaxshilar

Daniya terma jamoasi tarixidagi to‘purarlar ro‘yxatida qo‘sh hokimiyat o‘rnatildi. Poul Nilsen va Yon-Dal Tomasson terma jamoa safida 52 tadan gol urgan turli davrlardagi hujumchilardir. Nilsen 1910-1925 yillarda milliy terma jamoada o‘ynagan va 38 o‘yinda ellikdan ortiq gol kiritishni uddalagan. Tomassonga kelsak, hozir Angliyaning “Blekbern” klubi bosh murabbiyi hisoblanadi va u ikkita jahon chempionatida qatnashgan – 2002 va 2010 yillarda. 2002 yil Janubiy Koreya va Yaponiyada o‘tkazilgan jahon chempionatida daniyalik hujumchi guruh bosqichida 4 ta gol urdi - Urugvay terma jamoasiga dubl va Senegal va Frantsiyaga bittadan to‘p. Tomasson 2010 yilda JARda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida ham bitta gol kiritishni uddalagan edi. Umuman olganda, Tomasson terma jamoa libosida 112 ta o‘yin o‘tkazgan.

Daniya terma jamoasida o‘tkazilgan o‘yinlar soni bo‘yicha rekord afsonaviy darvozabon Peter Shmeyxelga tegishli. "Manchester Yunayted"ning sobiq darvozaboni "qizil gvardiya" safida 129 uchrashuvda maydonga tushgan. Daniyalik darvozabon hatto 2000 yilning 3 iyunida Belgiyaga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik o‘yinida penaltini aniq amalga oshirgan holda bitta gol urishni ham uddalagan edi.

Daniyalik hujumchi Dennis Rommedal Shmeyxelning rekordini yangilashi mumkin edi (126 ta o‘yin). Ammo 2014 yilning oktyabrida 36 yoshli futbolchi sog‘lig‘idagi muammolar tufayli terma jamoadagi faoliyatini yakunlashini e’lon qilgan edi. Shmeyxelga etib olish uchun Rommedalga uchta o‘yin etarli edi.

Faoliyatini davom ettirayotgan o‘yinchilar orasida "Milan" himoyachisi Simon Ker Shmeyxelga etib olishi uchun yaxshi imkoniyatga ega. 33 yoshli futbolchi 121 ta o‘yin o‘tkazgan.

“Transfermarkt” xabariga ko‘ra, Daniya terma jamoasi 339,30 million evroga baholangan. Bu noyabr oyida boshlanadigan jahon chempionatida ishtirok etuvchi barcha terma jamoalar orasidagi 12-natijadir.

JCh-2022dagi taqvimi

22 noyabr. Daniya — Tunis
26 noyabr. Daniya — Frantsiya
30 noyabr. Daniya — Avstraliya

 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!