Muhim yangilik: Gvardiola Husanovni qachon maydonga tushirishini aytdi!
“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola 29 oktyabr kuni Angliya ligasi kubogi - Carabao Cup musobaqasining to‘rtinchi raundida “Suonsi Siti”ga qarshi o‘tkaziladigan uchrashuvdan oldin jamoasi haqida so‘nggi ma’lumotlarni berib o‘tdi.
Bundan avval, “Manchester Siti”ning barcha turnirlarda davom etgan to‘qqiz o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasi “Aston Villa” tomonidan to‘xtatilganini aytib o‘tish lozim. Yakshanba kungi o‘sha uchrashuvda “Aston Villa” himoyachisi Matti Keshning 19-daqiqadagi uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi “Villa Park” egalariga g‘alaba keltirdi. Bu o‘yinda “Aston Villa” juda qat’iyatli, “Manchester Siti” esa sust harakat qildi.
Gvardiola va uning shtabida mag‘lubiyat ustida ko‘p o‘ylab o‘tirishga vaqt yo‘q, “shaharliklar” endi Uelsda “Suonsi Siti” bilan bo‘ladigan to‘qnashuvda muvaffaqiyatli qatnashishi kerak. Shundan so‘ng, jamoani Premer-liga doirasida “Bornmut” va “Liverpul”ga, Evropa Chempionlar ligasi umumiy guruh to‘rtinchi turida “Borussiya Dortmund”ga qarshi muhim bahslar kutib turadi.
“Suonsi” bilan bo‘ladigan uchrashuv “Manchester Siti” vakillari uchun oldindagi katta o‘yinlarga tayyorgarlik vazifasini ham o‘tab beradi.
Xosep Gvardiola keyingi ikki hafta davomidagi o‘yinlar oldidan klub tibbiyot bo‘limidan ikkita katta xushxabar oldi. Bir oy muqaddam “Arsenal” bilan bo‘lgan o‘yinda shikastlangan Abduqodir Husanov safga qaytdi va mashg‘ulotlarni boshlab yubordi.
Klub shifokorlari “Oltin to‘p” sohibi Rodriga ham “Suonsi Siti” bilan bo‘ladigan uchrashuvga xuddi Husanov bilan bo‘lgani kabi jamoaviy mashg‘ulotlarda qatnashishiga ruxsat berdi.
“Manchester Siti” o‘tgan yildan farqli o‘laroq, hozir jangovar tarkibga ega, Husanov va Rodrining safga qaytishi bilan jamoa qudrati yanada ortdi. Gvardiola shogirdlari joriy mavsumda o‘zlari ishtirok etayotgan barcha musobaqalar, xususan, Angiya ligasi kubogida ham bosh sovrin uchun kurashadi.
Shu ma’noda, manchesterliklar uchun Uelsda “Suonsi Siti” bilan bo‘ladigan to‘qnashuvning ahamiyati ham yuqori. Xosep Gvardiola bu bahs oldidan lazaretdan chiqib, mashg‘ulotlarga qaytgan shogirdlari haqida oxirgi ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.
Gvardiola birinchi bo‘lib, Abduqodir Husanov “Suonsi Siti” bilan bir necha daqiqa o‘ynashi mumkinligini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
- Husanov chorshanba kuni bo‘ladigan uchrashuvda bir necha daqiqa o‘ynashga tayyor, - dedi ispaniyalik murabbiy o‘zbekistonlik legioner haqida fikr bildirib.
Gvardiola “Aston Villa” bilan o‘yinning ikkinchi yarmida o‘zini yomon his qilgan Erling Xoland haqidagi savolga quyidagicha javob berdi.
- Erling raqibdan zarba egan. Uning holati kundan kunga yaxshilanyapti. Oxirgi mashg‘ulotlarda uning o‘zini qanday his qilishiga qarab, yakuniy xulosaga kelamiz, - dedi bosh murabbiy.
Ispaniyalik mutaxassis hamyurti Rodri haqida ham gapirdi.
- Rodri o‘yinga tayyor emas. Haloti yaxshioanyapti, biz bilan mashg‘ulotlarda qisman qatnashdi. Lekin ikki marta mushagini shikastlaganini inobatga olib, tiklanish jarayonida uni ehtiyotkorlik bilan kuzatib borigimizga to‘g‘ri keladi, - dedi Xosep Gvardiola.
“Suonsi” va “Manchester Siti” o‘rtasidagi bahs 29 oktyabrdan 30 oktyabrga o‘tar kechasi, Toshkent vaqti bilan soat 00:45 da boshlanadi.



Fikrlar