
Mourino Avstriya, Sulsher esa ispan klubiga qarshi! Evropa Ligasining muhim o‘yinlari prevyusi
Bugun tunda Evropa ligasining 1/16 finalidan o‘rin olgan bahslarga start beriladi. Ko‘hna qit’aning nufuzi bo‘yicha ikkinchi darajada turuvchi turniri doirasida 16 ta uchrashuv o‘tkaziladi. Albatta, ularning orasida grand klublar ishtirokidagi o‘yinlar ham mavjud, shu bois, bugungi o‘yinlar minglab muxlislarning e’tiborini tortishi aniq. Keling, ushbu uchrashuvlar orasidan qiziq o‘tishi mumkin bo‘lgan 2 tasi haqida batafsil gaplashamiz. O‘ylaymizki, prevyumiz tufayli o‘yinlarga bo‘lgan qiziqishingiz yanada ortadi. Qani boshladik!
“Real Sosedad” - “Manchester Yunayted”
“Real Sosedad”
Jamoa La Ligada chempionlik poygasidan allaqachon chiqib ketib ulgurgan, ularning ayni damdagi maqsadi eng kamida EChL yo‘llanmasiga ega chiqish. Istiqbolli rejada kuchli to‘rtlikdan joy olish bor, biroq 4-o‘rindagi “Sevilya” bilan oradagi farq 7 ochkoni tashkil etadi. So‘nggi 10 ta o‘yinda Imanol Alguasil shogirdlari 4 ta g‘alaba, 3 ta mag‘lubiyat hamda 3 ta durang qayd etgan. Koronavirusning britancha shtammi tufayli bugungi o‘yin Ispaniyada emas, Turindagi neytral maydonda o‘tkaziladi. Javob uchrashuvi “Old Trafford”da o‘tkaziladimi yoki yo‘q, hali aniq emas. Shunday ekan, imkoniyatdan maksimal foydalanib qolish zarur. Jamoaga bugun Karlos Fernandes, Migel Anxel-Moyya, Luis Sangali hamda Aleks Sola jarohati tufayli yordam bera olmaydi. Lekin ular asosiy tarkib futbolchilari emas, shu sabab, ularning yo‘qligi sezilmasa kerak. Yaxshi yangilik - jamoaning asosiy to‘purari bo‘lmish Mikel Oyarsabal jarohatdan safga qaytgan, bu jamoaga ancha katta yordam berishi mumkin.
Taxminiy tarkiblar: Remiro; Gorosabel, Le Norman, Elustondo, Monreal; Subeldia, Merino, Silva; Yanuzay, Isak, Oyarsabal.
“Manchester Yunayted”
“Qizil iblislar” Evropa Ligasiga g‘alati tarzda tushib qoldi. EChL “H” guruhidan o‘rin olgan 6 bahsda MYu PSJ, “Leyptsig” hamda “Bashakshehir” bilan 2 tadan o‘yin o‘tkazib, har biri bilan 1 ta g‘alaba va 1 ta mag‘lubiyat qayd etdi. 9 ochko bilan Evropa Ligasiga tushib ketgan alamzada manchesterliklar g‘azabini “Real Sosedad”ga sochishi mumkin. So‘nggi 10 ta bahsda 4 ta g‘alaba, 5 ta durang hamda 1 ta mag‘lubiyat qayd etgan “Yunayted” Fernandeshning qahramonliklari evaziga natijaga erishib kelmoqda. Usiz jamoa anchagina qiynalib qolishi aniq edi. Yaxshiyamki, u ayni damda yaxshi formada. Shuningdek, jamoaga bugun Edinson Kavani, Fil Jons, Pol Pogba hamda asosiy tarkibga kira olmagan Donni Van de Bek jarohati tufayli yordam bera olmaydi. Antoni Marsyal va Skott Maktominayning esa maydonga tushishi so‘roq ostida qolmoqda.
Taxminiy tarkiblar: Xenderson; Uan-Bisakka, Maguayr, Bayi, Telles; Fred, Grinvud, Fernandesh, Maktominay; Reshford, Marsyal.
Murabbiy fikri
Ole Gunnar-Sulsher: “Birgina narsani xohlaymiz - natijaga erishish. “Real Sosedad” yaxshi jamoa. Mavsum boshida ular chempionlik poygasida qatnashgan edi, biroq ayni damda unday emas. Chiroyli o‘yin ko‘rasiz, bunga kafilman. Jamoamiz yaxshi holatda. Hammasi yaxshi bo‘lgan taqdirda yosh futbolchilarga imkon berish niyatim bor. Albatta, vaziyatdan kelib chiqqan holda. Fernandeshning kayfiyati yaxshi, u bizning asosiy o‘yinchimiz. Reshforddan ham bugun nimadir kutaman. O‘ylaymanki, u ishonchimni oqlaydi”.
“Volfsberg” - “Tottenxem”
“Volfsberg”
Avstriyaning o‘rtamiyona klubi sanalmish “Volfsberg” o‘tgan mavsumdagi ijobiy natijalari evaziga Evropa Ligasiga yo‘llanma olgan edi. Guruh bosqichida volfsbergliklar Zagrebning “Dinamo”si, Moskvaning TsSKAsi hamda Rotterdamning “Feyenoord”i bilan to‘qnash kelib, zagrebliklardan keyingi 2-o‘rinni egallaydi hamda pley-off bosqichiga yo‘l oladi. 1/16 finalda esa ularni Mourinoning alamzada “Tottenxem”i kutib turibdi. Bugungi o‘yin aslida Avstriyada o‘tkazilishi kerak bo‘lsa-da, koronavirusning britancha shtammi tufayli xuddi MYuning o‘yini singari Vengriyadagi neytral maydonda o‘tkaziladigan bo‘ldi. Albatta, bu “Volfsberg”ning zarariga ishlaydi, sababi mezbondagi o‘yinda nimagadir erishish Londondagi o‘yinga qaraganda osonroqdek ko‘rinadi. Lekin, ularda boshqa iloj yo‘q. Bari maydonda hal bo‘ladi.
Taxminiy tarkiblar: Kofler; Baumgartner, Novak, Lochoshvili, Sherzer; Stratnig; Taferner, Liendl, Sprangler; Vizinger, Yoveljich.
“Tottenxem”
“Siti” bilan bahsda 3:0 ga engilgan Mourino shogirdlari bu mavsum deyarli barcha grand jamoalardan mag‘lub bo‘ldi. Ha, mavsum boshida APLga da’vogarlar orasida baralla tilga olingan “shporlar” hozirda chempionlik tugul, kuchli to‘rtlikdan ham quruq qolishi mumkin. Kuchli to‘rtlikdan “Tottenxem”ni 6 ochko ajratib turibdi. Shunday bo‘lsa-da, ular baribir EChLga chiqishni hamda mavsumni sovrin bilan yakunlashni istamoqda. Aprel oyidagi Liga Kubogi finali ularga uzoq kutilgan sovrinni keltirishi mumkin, biroq raqib ham anoyi emas - “Manchester Siti”! Shu sabab, bu sovrindan umidvor bo‘lib qo‘yish yaramaydi. Boshqa frontda ham ular uchun yaxshigina imkoniyat mavjud. Evropa Ligasini yutish orqali EChLga yo‘llanma olish mumkin. Mourino uchun tanish sovrin - bir necha mavsum oldin uni MYu bilan yutgani haligacha yodida. Ana shuni esga solgan holda portugaliyalik mutaxassis bu turnirga ham jiddiy qaramoqchi. Jamoada tarkib borasida deyarli muammo yo‘q, asosiy futbolchi Keyn jarohatdan qaytgan (u yo‘g‘ida jamoa qanday qiynalganligini eslasangiz kerak). Lo Chelso, Ore va Regilon jarohat sabab o‘yinni o‘tkazib yuborishadi.
Taxminiy tarkiblar: Xart; Doerti, Sanchez, Tanganga, Devis; Uinks, Sissoko; Beyl, Alli, Moura; Keyn.
Murabbiy fikri
Joze Mourino: “Jamoaga qanchalik bosim o‘tkazishmasin, menga farqi yo‘q. Men o‘z bilganimcha jamoani o‘ynataman. Sababi, men o‘z vaqtida bu turnirda ham g‘olib chiqqanman. Shunday ekan, oddiy muxlis sifatida qarorlarimni hurmat qilsangiz. “Volfsberg”ga keladigan bo‘lsak, bu Bundesligadagi “Volfsburg” emas. Avstriyaning o‘rtamiyona jamoasi. Iloji boricha yaxshi o‘ynashga va natijaga erishishga harakat qilamiz. Jamoamga ishonaman. Keyn va Son yaxshi formada, o‘ylaymanki, favoritmiz. O‘yinni esa maydonda kuzatamiz. Ortiqcha gap - ortiqcha”.
Xulosa o‘rnida
Ikki ingliz klubi ham koronavirus tufayli mehmondagi o‘yinini neytral maydonga o‘tkazishga majbur. Uyida bo‘ladigan bahslarning qaerda o‘tishi esa hali ma’lum emas. Shunday ekan, ular bor imkoniyatdan maksimal foydalanishga majbur. “Tottenxem”da g‘alaba qozonish imkoniyati MYuga qaraganda yuqoriroq. Katta ehtimol bilan “shporlar” bo‘ o‘yinni kichik hisobdagi g‘alaba evaziga o‘z foydasiga hal qilsa kerak. “Real Sosedad” o‘z o‘yinini o‘ynasa Sulsher jamoasi anchayin qiynalib qolishi aniq. Shu sababli, bo‘ o‘yinga golli durang natijasini taxmin qilamiz. Albatta, bu shunchaki taxmin. Barchasi maydonda hal bo‘ladi!
Abdulla Mannonov tayyorladi.
Fikrlar