"Mo‘minjonovni yil oxirigacha qolsa kerak deb o‘ylagandim, boshida kuchli uchlikka kiramiz dedik, ammo o‘xshamadi, endi esa..." - "Neftchi" sardori yangi murabbiy haqida nima deydi?

  • 8 iyul, 2022, 15:34
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Farg‘onaning “Neftchi” jamoasi tarkibida yozgi selektsiyada o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Hozirdanoq bir qator o‘yinchilar tark etdi va bu hol yana davom etishi mumkin.

Albatta, yangi o‘yinchilar ham qo‘shiladi. Birinchi davradagi tarkib ham chakki emasdiyu, biroq natija ko‘ngildagidek chiqmadi. Jamoa sardori va etakchisi Lutfulla To‘raev uchun ham mavsumning dastlabki qismi kutilganidan o‘tmadi. Chunki mavsum boshlarida jarohat olib ancha vaqtga safdan chiqdi va birinchi davra oxirlarida safga qaytdi.

Jamoa murabbiy almashinuviga chetdan ko‘pchilikning fikri turlicha bo‘lyapti. Bunday vaziyatda jamoa sardorining bu masaladagi munosabati ham muhim edi.

- “Neftchi”da yana jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Jamoa sardori sifatida bunday o‘zgarishlarni kutganmidingiz?

- Avvalambor, barcha yurtdoshlarimizni Qurboy Hayit bayrami bilan tabriklayman. Hammaga sog‘lik tilayman. Savolingizga kelsak, buni kutmagandim. Oxirgi o‘yindan keyin hammasi juda tez yuz berdi. Ilhom Mo‘minjonovni hech bo‘lmaganda yil oxirigacha qolsa kerak, deb o‘ylagandim.

luti4

- Jamoangizning birinchi davradagi ishtiroki yuzasidan nimalar ayta olasiz?

- Jadvaldagi o‘rnimizdan ko‘nglimiz to‘lgani yo‘q. Albatta, ko‘rsatgan o‘yinimizdan ham qoniqish hosil qilmadik. Buning uchun sabablar ko‘p bo‘ldi. Ayniqsa, jarohat olgan futbolchilar ko‘payib ketdi. Gapiraman desak, sabablari etarlicha topiladi.

- Mo‘minjonov iste’foga chiqarilganidan keyin bu xususida o‘zi bilan gaplashdingizmi?

- Ha, Ilhom aka iste’foga chiqqanidan so‘ng gaplashdim. Harakat qilinglar, deb bizga omad tiladi.

luti

- Bosh murabbiy o‘zgarishiga qanday munosabatda bo‘ldingiz? Masalan, ketgani ikki tomonga ham yaxshi bo‘ldimi yoki oxirigacha qolishi kerakmidi?

- Aytdim-ku, hammasi tez bo‘lib ketdi. Mavsum oxiriga qadar ishlasa kerak, deb o‘ylab yurgandim.

- Uning o‘rniga kelgan Vitaliy Levchenko bilan gaplashdingizmi? Bungacha u haqida nimalarni bilardingiz?

- Tojikistonda ishlaganini bilaman. Klubi bilan Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etdi va bizning jamoalarimizga qarshi ham o‘ynadi. Ana shunday uchrashuvlar orqali taniganman, ammo shaxsan bilmasdim. Endi asta-sekin mashg‘ulotlar orqali yaqindan tanishib olamiz.

luti1

- Demoqchimanki, bosh murabbiy bilan yakkama-yakka gaplashib oldingizmi?

- Gaplashdik. Hozircha mashg‘ulotlar bo‘yicha suhbatlashdik. Ikki mahaldan shug‘ullanamiz, jiddiy ishlaymiz, dedi va asosan shu mazmunda o‘zaro gaplashdik.

- Ushbu o‘zgarish klubga qanchalik foyda keltiradi, deb o‘ylaysiz?

- Buni vaqt ko‘rsatadi. Hozirdan aniq hech kim ayta olmaydi. Yilning boshida ham kuchli uchtalikka kiramiz dedik, ammo o‘xshamadi. Endi esa hozir ham biror nima desak o‘xshamay qolishi mumkin. Shuning uchun hamma narsani vaqt ko‘rsatadi.

luti2

- Tarkib masalasida ham o‘zgarishlar kuzatilyapti. Bu borada rejangiz qanday? Klubda qolasizmi yoki ketish haqida o‘ylayapsizmi?

- Yil oxirigacha shartnomam bor, hozircha shu erdamiz.

- Farg‘onalik muxlislarga aytadigan gapingiz bormi?

- Muxlislar ishonchini oqlay olmadik. Turnir jadvalidagi o‘rnimiz ham aytib turibdi. Ikkinchi davrada kuchaytirib, “Neftchi” ishqibozlarini xursand qilishga harakat qilamiz.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!