
Mirjalol Qosimov: Achinishga achinaman, ammo..."
Superliganing 17-turidan o‘rin olgan “Bunyodkor” – OKMK uchrashuvida mehmonlar yagona gol evaziga g‘alaba qozondi. O‘yindan OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Avvalambor, fursatdan foydalanib butun xalqimizni Mustaqilligimizni 33 yillik bayrami bilan muborakbod etaman. O‘yinga keladigan bo‘lsak, juda ham qiyin bo‘ldi. Shunga qaramay, muhimi uch ochkoga ega bo‘ldik va kichik ta’tilga chiqdik. Bu yog‘iga ishlashda davom etamiz. O‘yin davomida ikkala jamoa ham “straxovka” bilan harakat qildi. “Bunyodkor” quyi pog‘onada, gol o‘tkazib yubormaslik uchun ehtiyotkorlik bilan o‘ynadi. Bizda ham xuddi shunaqa bo‘ldi. Oxir-oqibat standartdan urgan golimiz bizga uch ochko taqdim etdi. Albatta, natijadan qoniqdim. Ammo o‘yindan qoniqqanim yo‘q. Keyingi uchrashuvlarda “Bunyodkor” jamoasiga omad tilaymiz va quyi pog‘onadan chiqib ketishiga umid qilaman.
- Jamoangiz o‘tgan turda oxirgi daqiqada gol o‘tkazib yuborgandi va bu safar oxirgi daqiqada gol urdi. Oldingi uchrashuvlarda ham so‘nggi daqiqalarda tempni oshirish hisobiga g‘alabani o‘ziga og‘dirib olgandi. Bu rejangiz bilan bog‘liqmi va o‘yinning 80-daqiqasidan keyin qandaydir ko‘rsatma berasizmi?
- Har doim bitta narsa aytaman: futbol birinchi o‘rinda bo‘lishi kerak. Maydonga chiqqanda hayol buzilishi kerak emas. Boshqa narsalarni o‘ylamaslik lozim. Insonda har xil narsalar bo‘lishi mumkin. 80-daqiqadan keyin emas, 1-daqiqadan to oxirigacha bir xil balansda o‘ynash muhim. Samarqandda ham uchrashuv boshida gol urdik, 20-daqiqadan so‘ng faqat himoyalandik. Ikkinchi golni urdik. Yana hisobni saqlab qolish uchun himoyada harakat qildik. Bu ruhiy holat bilan bog‘liq, deb o‘ylayman. O‘zimiz imkoniyatlardan foydalana olmadik. Qarshi hujumga chiqqanimizda “Dinamo” oxirida gol urib g‘alaba qozonib ketdik. Futbol shunisi bilan qiziq. Gol urgandan keyin yanada qo‘shib natijani muhrlash kerak. Ana shunda bu normal futbol bo‘ladi.
- Superligada jamoalar darajasi tenglashdi. Kutilmagan natijalar bo‘lyapti. Nima deb o‘ylaysiz, chindan klublar kuchaydilarmi yoki kuchsizlanib, ma’lum bir tempga tushib qolishdimi?
- Har xil narsa deyish mumkin. Tashqaridan hamma turlicha gapirishi mumkin. Biroq oddiy o‘yinlar yo‘q. Har bir uchrashuv qiyin. Turnir jadvali hech nimani anglatmaydi. Qarshilik, raqobat bo‘lganidan keyin o‘sish bo‘ladi. Agar 5 ta o‘yin qiyin o‘tib, 5 ta uchrashuv shunchaki o‘tganida unda pastga qarab ketyapti, deb aytish mumkin edi. Jadvalda 1-o‘rin bo‘ladimi yoki 14-o‘rinmi, kim yutishini hech kim bilmaydi.
- “Bunyodkor”ga tamal toshini qo‘yishda hissa qo‘shgansiz. Bu jamoani bugungi kunda inqirozdaligi yoki jon saqlash uchun kurashayotgani sizga qanday tuyulyapti?
- Achinishga achinaman. Ammo bir narsa deyish qiyin. Bunday holatga har bir jamoa tushib qolishi mumkin. Jamoa yomon emas, akademiyasi bor. Nimadir etishmayapti shekilli-da. Tashqaridan bir narsa deyish qiyin. “Bunyodkor”ga qayg‘uraman. Hozir Ilyosga ham aytdim, bu yog‘iga omad, vazifani uddalay olasizlar, dedim.
Fikrlar