
"Metallurg"ni vaqtincha ispaniyalik murabbiy boshqaradi. Jasur Abduraimov qaerda?
Bekobodning “Metallurg” klubida natijalar yaxshi emas. Klub anchadan beri raqiblariga yutqazib kelyapti. Oqibatda deyarli xavfli hududga tushib qoldi.
Oxirgi turda Qarshida “Nasaf” bilan bellashdi, sal qolsa durang bilan qaytishi mumkin edi. O‘yin yakunida penaltidan foydalana olmaganliklari qimmatga tushdi.
Shuningdek, oxirgi paytlarda bosh murabbiy Jasur Abduraimovning ishdan ketgani haqida ham gap-so‘zlar yo‘q emas. Qarshidagi o‘yinda ushbu murabbiy jamoa bilan birga emasdi.
“Metallurg” klubi bosh direktori Abduqahhor Ma’rufaliev mazkur masalalar yuzasidan Sports.uz muxbirining savollariga javob qaytardi.
- Har bir ochko jamoalar uchun oltindek bo‘lsa, hozirgi paytda biz uchun brilliantdek, - deya gap boshladi Ma’rufaliev. - Chunki qanday ahvolga tushib qolganimizni bilasiz, hech bunaqasi bo‘lmagan. Futbolchilar “Nasaf”ga qarshi yomon o‘ynashmadi. O‘zingiz bilasiz, “Nasaf” kuchli jamoa. Yoshlar bilan bunday jamoaga qarshilik ko‘rsatish oson emas. Boz ustiga ikkinchi bo‘limda 10 kishi bo‘lib o‘ynadik. Afsuslanadigan tomoni shuki, oxirgi daqiqada penaltidan gol ura olmadik. Agar gol urib hisobni tenglashtirganimizda bir ochko ham biz uchun juda qadrli edi. Ammo yigitlarga e’tiroz yo‘q, ular qo‘lidan kelganicha o‘ynashdi. Nechta o‘yinimiz qolgan bo‘lsa, faqat yutishimiz kerak. Biz ayni paytda ligada qolish uchun kurashadigan klublar qatoriga qo‘shilib qolganmiz. Yaxshi bo‘lib ketar.
- Bosh murabbiy Jasur Abduraimov klubdan ketgani rostmi?
- Jasur Abduraimovni klubdan ketgani to‘g‘risida hech qanaqa gap yo‘q. Faqat uning mazasi yo‘qligi uchun ketgandi. Bilasiz, akademiyamizga ispaniyalik mutaxassis Luis Manuel Ernandes kelgandi. U jamoamizga yordam beryapti. Ispaniyalik mutaxassis ko‘pni ko‘rgan ekan. Janubiy Koreya va Kuvaytda ham ishlagan. Jasur Abduraimov masalasi esa hali ochiq. U tuzalganidan keyin hal bo‘ladi.
- Demak, “Metallurg”ni ispaniyalik murabbiy boshqarib turadimi?
- Hozircha shunaqa.
- “Nasaf” bilan uchrashuvda jamoani Artyop Petrosyan boshqardi. Luis Manuel keyingi o‘yinga jamoani tayyorlayaptimi?
- Lavozimi Petrosyandan balandroq. Shuning uchun Artyom unga yordam beradi. “Nasaf” bilan uchrashuvda ham ispaniyalik murabbiy bor edi. Boya aytdim, Abduraimov mazasi yo‘qligi uchun ketgan. Sog‘ligi ko‘tarsa ishlaydi, ko‘tarmasa bilmayman. Hammasini rahbariyat biladi. Hozircha Abduraimov masalasi yopiq mavzu. Rahbarlar nima desa shu bo‘ladi.
- Ispaniyalik murabbiyni asosiy jamoaga jalb qilish tashabbusi kimdan chiqdi? Sizdanmi yoki...
- Luis Manuelni “El Golazo” kompaniyasi olib kelgan. Rahbarlar uning ishini ko‘rishdi, chakki emas. Baribir ispan futboli biznikidan baland-ku. Qolaversa, Koreya va Kuvaytda ham yaxshi ish olib borgan. Vaqtinchalik jamoani boshqarib turadi. Hozircha Luis akademiyada ham ishlayapti. Shuni hisobga olsak, ikkita joyda mehnat qilayotganini aytishimiz mumkin. Yakunda rahbariyat qaysi birini ma’qul ko‘rishsa, shu bo‘ladi. Ivan Nagaev o‘z vaqtida Quvaytda to‘p surganida ispaniyalik murabbiy boshqargan jamoaga qarshi o‘ynagan ham ekan. Buning ustiga Luis Manuel “Real” akademiyasida ham faoliyat olib borgan. Mashg‘ulotlarni ham o‘zi olib boryapti. Osiyo futbolini biladi va yaxshi tushunadi.
- “Metallurg” nima sababdan Jasur Abduraimov boshchiligida yaxshi natija ko‘rsata olmadi?
- Oldin murabbiylar shtabida ishlardim. 3-4 yildan beri direktor bo‘lib ishlayotganim sababli murabbiylarning ishiga aralashmaymiz. Bizda shunaqa kelishilganki, murabbiylarga sharoit yaratib beramiz. Ular shundan foydalanib, ishlashadi, ishiga aralashmaymiz. Shu bois murabbiylarning ishiga aralashsam noto‘g‘ri bo‘ladi. Jamoani qanday boshqarishi bu murabbiyning mahorati. Har bir murabbiyning futbolga qarashi va yo‘nalishi bor. Balki tarkibni yoshartiramiz, deb birdaniga shu ishni qildimi, xullas qanaqadir kamchilik bo‘ldi-da. Uning ishi murabbiylik qilish, bizning vazifamiz unga sharoitlarni yaratib berish.
- Jasur Abduraimov tanlovi aslida xato emasmidi? Fikringiz qanday?
- Noto‘g‘ri bo‘ldi deya olmaymiz. Birinchi davrada jamoa yomon o‘ynamadi, yutuqlar bo‘ldi, ochkolar qo‘lga kiritildi. Hamma murabbiyda ham shunaqa holatlar uchrab turadi. Ertaga nima bo‘lishini bilmaymiz. Agar ochkolarimiz ko‘p bo‘lib, uchlikka kurashsak bundan zo‘ri bo‘lmasdi. O‘zimiz ham tushunmay qoldik. Ammo Abduraimov yomon murabbiy emas. “Paxtakor”da ko‘p yillar ishladi va yoshlarni chiqardi. Masalan, Grizmanni olaylik, “Atletiko”da zo‘r o‘ynadi, “Barselona”ga o‘tib o‘yinini ko‘rsata olmadi, yana ortga qaytdi. Murabbiylikda ham shunaqa bo‘lib turadi.
- “Metallurg”ning xavfli hududga yaqinlashib qolgani inobatga olinganida jamoaning o‘yinini qanday baholaysiz?
- Hammasi yaxshi bo‘ladi, degan umiddamiz. O‘zimizga ishonishimiz kerak. Birinchi davrada bundan ko‘p ochkolar olgandik. 16 yoki 17 ochko jamg‘argandik. Ochig‘i, o‘shanda niyatimiz katta edi. Chempionatda kuchli beshlikka kira olishni va hatto O‘zbekiston Kubogi finaligacha chiqish haqida o‘ylagandik. Keyin esa hech kim kutmagan ishlar bo‘lib ketdi. Ayrim o‘yinchilarda o‘zlariga bo‘lgan ishonch yo‘qolib qoldimi bilmayman, ko‘z tegdi, shekilli.
- “Metallurg”da moliyaviy ahvol qanday?
- Muammo yo‘q. Kombinat rahbarlari hamma sharoitlarni yaratyapti. Ikki-uch yilda akademiyamizdan ham zo‘r yoshlar chiqadi. O‘zbekiston bo‘yicha yaxshilari yig‘ilyapti. Iloji boricha yoshlarni o‘zimizdan chiqarishga harakat qilyapmiz. Legionerlar xizmatidan foydalanmayapmiz va endilikda legionerlarsiz o‘ynaydigan bo‘ldik. Qachongacha xorijliklarga katta pul to‘lab, ularga ishonamiz? Undan ko‘ra, o‘zimizdan chiqaraylik deb harakat qilyapmiz.
Fikrlar